Shavkat Mirziyoyev: “Surxondaryoda 102 ming rasmiy ishsiz bor”

Prezident viloyatda aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish masalasiga toʻxtaldi. Davlat rahbari viloyatda 102 ming rasmiy ishsiz bor ekanligini aytdi.
“Ishsizlar Sariosiyo (8,2 ming nafar), Shoʻrchi (8 ming), Oltinsoy (7,2 ming) va Muzrabotda (5,3 ming) yuqori. Sariosiyoda 8 ta, Jarqoʻrgʻon va Qumqoʻrgʻonda 7 tadan, Denovda 6 ta, Oltinsoy va Shoʻrchida 4 tadan, jami 43 ta mahallada tadbirkorlik sust.
Shuningdek, Boysun, Muzrabot, Uzun, Sherobod va Shoʻrchi 4-toifaga, Bandixon, Qiziriq va Oltinsoy 5-toifaga kiradi. Bu tuman va mahallalarda bandlikni taʼminlash va aholi sharoitini yaxshilash boʻyicha yetarli imkoniyat va imtiyozlarni qilib berdik”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bu borada mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi
Viloyatda 1 iyulgacha oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun berilgan 1,1 trillion soʻmga qoʻshimcha 200 milliard soʻm ajratiladi. Jarqoʻrgʻondagi Biznes va yengil sanoat hamda Uzundagi Qishloq xoʻjaligi texnikumlari boʻsh binolarida 1 ming oʻquvchi oʻrniga ega monomarkazlar tashkil qilinadi.
Bir hafta muddatda tadbirkorlik sust 43 ta mahallada mikro-markazlar tashkil qilinib, u yerdagi loyihalarga yana 80 milliard soʻm imtiyozli kredit yoʻnaltiriladi. 1 iyulga qadar 118 ta ogʻir mahallada kasanachilik loyihalari boshlanib, 10 ming aholi band qilinadi.
2023 yilda mehnat bozoriga kirib keladigan 50 ming Surxondaryolik yoshlarning 14 ming nafariga 350 milliard soʻm kredit beriladi, 16 ming nafariga dehqonchilik uchun yer ajratiladi ca 10 ming nafari boʻsh ish oʻrinlariga joylashtiriladi.
Yordamga muhtoj 18 mingdan ziyod ayollar kasbga oʻqitilib, mehnat qurollari uchun 15 milliard soʻm, subsidiya ajratish orqali 3 ming nafar xotin-qizlar band qilinadi. Tadbirkor boʻlish istagidagi 10 ming nafar ayollarga 200 milliard soʻm kredit ajratiladic 5 ming nafari uy sharoitida kasanachilikka jalb qilinadi.
Shuningdek, 2023 yilda mahallalarga oilaviy tadbirkorlikni olib kirish orqali 31 ming aholi, kasanachilikda salohiyati bor 212 ta mahallada yangi tizim orqali mehnat qurollari va joy masalasini hal qilib, 31 ming aholi, yangi tadbirkorlik subʼektlarini tashkil qilish orqali 4 ming aholi, 20 ming aholi esa, yangi kasblarga oʻqitib, oʻzini-oʻzi band qilish orqali bandligi taʼminlanadi.




