platina.uz
Maqola

Daromadlarimiz va xarajatlarimizni oqilona boshqara olayapmizmi?

Tahlillarga koʻra, Oʻzbekistonda insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tezlik bilan oʻsadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30-50 yosh oraligʻida saqlanib turadi va 60 yoshdan soʻng keskin pasayadi.

Daromadlarimiz va xarajatlarimizni oqilona boshqara olayapmizmi?

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, iqtisodiy nazariya, yaʼni barqaror daromad va isteʼmolning hayot sikli gipotezasi oqil inson hayoti davomida isteʼmolini (hozir va kelajakka ogʻishlarsiz) bir maromda taqsimlaydi, degan fikrni ilgari suradi.

Yaʼni ratsional insonlar daromadi past boʻlgan (bolalik va yoshlik) davrida yetarli darajada isteʼmolni taʼminlash (taʼlim xarajatlarini qoplash, uy va uy jihozlari) uchun (ota-ona, davlat va jamiyatdan) muddatli qarz oladi. Keyinchalik daromadi nisbatan baland boʻlgan oʻrta yoshlarda qarzini qaytaradi, keyingi avlodga qarz beradi va ortganini keksalikka jamgʻaradi. Keksaygan chogʻida esa qolgan jamgʻarmalarini isteʼmol qiladi.

Barqaror daromad va isteʼmolning hayot sikli gipotezasi Oʻzbekiston uchun ham taalluqli.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Oʻzbekistonda insonlarning hayot sikli davomida isteʼmol xarajatlari va daromadlari oʻzgarishidagi xususiyatlar hamda qarz munosabatlariga kirishishini tahlil qildi.
Unga koʻra, insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tezlik bilan oʻsadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30-50 yosh oraligʻida saqlanib turadi va 60 yoshdan soʻng keskin pasayadi. Bu oʻz navbatida, daromad va isteʼmol orasidagi farq qarz olish orqali kompensatsiya qilinishi zarurligini bildiradi.

Oʻzbekistonda aholi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov (450 kishi) natijalariga koʻra, yosh oilalar (oila boquvchisi yoshi oʻrtacha 38 yosh) boshqa oilalarga nisbatan (oila boquvchisi yoshi oʻrtacha 49 yosh) daromadining koʻproq qismini qarz toʻlashga sarflayotganini maʼlum qilgan. Bu yuqoridagi nazariy qarashga (barqaror daromad va isteʼmolning hayot sikli gipotezasi) mos keladi.
Bunda, respondentlarning 18 foizi maishiy texnika, 22 foizi uy-joy, 13 foizi avtomobil, 10 foizi oʻqish uchun shartnoma toʻlovi, 11 foizi telefon uchun qarz olganligi maʼlum boʻldi. Respondentlarning qolgan 34 foizi qarzi yoʻqligini bildirgan. Shundan 18 foizi oʻz jamgʻarmasi borligini bildirgan.

Soʻrov natijalari boʻyicha aholining 10 foizi tijorat doʻkonlaridan muddatli toʻlovga qarz olishni (10 foizi bank kreditini, qolganlar oʻz va yaqinlari mablagʻi boʻlishini) afzal koʻrishini inobatga olib, Oʻzbekistonda tobora ommalashib borayotgan muddatli toʻlovga uy jihozlarini taklif etish bozori oʻrganildi.

Bunda eng ommabop 13 ta internet doʻkonidagi talab yuqori boʻlgan bir xil rusumdagi smartfon, muzlatgich, televizor hamda konditsionerlarning muddatli toʻlov narxlari tahlil qilindi.

Maʼlumot uchun: Statistika agentligi maʼlumotlariga qaraganda, 2022-yilda har 100 ta uy xoʻjaligiga 309 ta mobil telefon, 115 ta muzlatgich, 171 ta televizor va 45 ta konditsioner toʻgʻri kelgan.

Natijalar shuni koʻrsatadiki, tanlangan bir xil rusumdagi telefon oʻrtacha 4,8 mln. soʻmdan, muzlatgich 8,1 mln. soʻmdan, televizor 6,8 mln. soʻmdan va konditsioner 6,1 mln. soʻmdan sotilayotganligi aniqlandi.

Aynan mazkur tovarlar doʻkonlar tomonidan 12 oyga muddatli toʻlov orqali yillik stavkasi oʻrtacha 70 foizdan 77 foizgacha xaridorlarga taqdim etilmoqda.

Shu bilan birga solishtirish uchun, hozirgi kunda tijorat banklari tomonidan belgilangan talablarga muvofiq ajratilayotgan isteʼmol krediti stavkalari 17 foizdan 38 foizgachani tashkil etmoqda.

Ushbu bozorlarda narxlar va muddatli foiz toʻlovlari oʻrtasidagi katta tafovut bir tomondan, aholi orasida maʼlumotlarning notekis taqsimlangani (information asymmetry) hamda ularning moliyaviy savodxonligini yanada oshirish buyicha tadbirlarga ehtiyoj borligini koʻrsatadi. Ikkinchi tomondan, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan, norasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan aholi muddatli toʻlov bozoridan koʻproq foydalangan boʻlishi mumkin.

Individual moliyaviy intizom (kredit tarixiga yoshlikdan eʼtiborli boʻlish) va rasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritish isteʼmolchining bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlardan toʻlaqonli bahramand boʻlishi va samaraliroq foydalana olish ehtimolini oshiradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid