21 foiz chegirmali avia chipta qanchalik hamyonbop va hammaga yetadimi?

Navroʻz bayrami munosabati bilan Uzbekistan Airways 2023 yilning 18-22 mart sanalari uchun Oʻzbekiston boʻylab mahalliy aviaqatnovlarning ekonom va bizness klass tariflariga 21 foiz chegirma eʼlon qilgach, koʻpchilik ushbu imkoniyatdan foydalanish harakatiga tushgan boʻlsa ajabmas. Biz ushbu chegirmalar qanchaga tushishi va chiptalar hammaga yetishi holati bilan qiziqdik.
Chegirmali chipta xaridi uchun kompaniya tavsiyasiga koʻra www.uzairways.com sayti, “UzAirways” mobil ilovasi, Uzbekistan Airways Sales filiali orqali yoki aviakompaniya agentlaridan xarid qilishga urindik.
2 mart sanasida Toshkent-Qarshi yoʻnalishi boʻyicha borish-qaytishga kattalar uchun iqtisod tarifidagi 3 ta chipta narxiga qiziqdik. Garchi chegirma haqida eʼlon 1 martda berilgan va biz bir kun oʻtib bu imkoniyatdan foydalanishga uringan boʻlsak-da, bizga zarur boʻlgan yoʻnalish uchun borish-qaytish uchun 19-22 mart sanalariga chiptalar allaqachon deyarli sotilgan, oʻrinlar band boʻlib ulgurgan. Masalan, bir tomon uchun 19 martga bor-yoʻgʻi 6 ta taklif qolgan. Amallab 19-22 mart sanalari Toshkent-Qarshi yoʻnalishi boʻyicha borish-qaytishga kattalar uchun iqtisod tarifidagi 3 ta chiptani 1 514 819 soʻmga xarid qilishga muvaffaq boʻldik. Ammo ushbu jarayon turli savollarni yuzaga keltirdi: 1 martda chegirma haqida aholiga maʼlum qilingan boʻlsa-da, 2 mart sanasida allaqachon chiptalar deyarli sotib boʻlinganini qanday tushunsa boʻladi? Chiptalari deyarli sotib boʻlingan sana uchun esa chegirma eʼlon qilishning nima keragi bor? Deylik, bugun yoki ertaga oilaviy yumushlari yoki ishi bilan bogʻliq vaziyatlarni hal qilib, sayohatga otlanishni istaganlar chiqib qolsa, ular chegirmali chipta imkoniyatidan mosuvo boʻlib qolaveradimi? Oʻzi bunday chegirmali takliflar berilganda talablar va ehtiyoj qanday inobatga olinadi? Yildan yilga aholi sonining ortishi va sayyohlar oqimining kengayishini inobatga olgan holda mahalliy aviaqatnovlar hajmi ham kengayadimi yoki har yili odatda bir xil jadval asosida parvozlar amalga oshiriladimi?
Yana bir masala shuki, Oʻzbekistonda oilalar kamida 2 yoki 3 farzandli. Shunday ekan, bu narxlarni hammaning ham hamyoni koʻtara oladimi? Toshkent-Qarshi yoʻnalishi boʻyicha xarid qilingan chipta narxi bilan taqqoslaydigan boʻlsak, chegirmasiz chiptalar asosiy qatlami oʻrtacha 3 500 000 soʻm maosh oladigan Oʻzbekiston aholisi uchun narxlar qanchalik toʻgʻri belgilangan?
Ana shu kabi savollarga kompaniyadan izoh olishga harakat qildik. Chegirmali chiptalar bir kunda sotib boʻlingani boʻyicha «Uzbekistan Airways»ning jamoatchilik bilan aloqalar departamentining tushuntirishicha, chegirma yuzasidan oʻtkazilgan brifingdan keyin mahalliy aviachiptalar tezda sotilgan va bu "normal" holat.
Mazkur dyepartamentning mahalliy aviaqatnovlar boʻyicha (deylik, Buxoro yoki Nukus shaharlariga) chegirmagacha boʻlgan va amaldagi chegirma narxlari haqida taqdim etgan maʼlumot ham choʻntakni “kasal” qilishi, ham miyani oʻyga qoldirishi hech gapmas.
Departament direktori Kamola Ikromovaning platina.uz soʻroviga javoban taqdim etgan maʼlumotlariga koʻra, Toshkent-Buxoro yoʻnalishi uchun bir tomonga eng arzon chipta narxi qaytariladigan bagajli tarif uchun chegirmasiz 21 EURdan boshlanadi. Oʻrtachasi esa 45 EUR. Qimmati esa 105 EUR qilib belgilangan. Borish qaytishga esa chipta narxlari ayni shu tarif uchun eng kamida 38 EURdan boshlanadi. Oʻrtacha narx 78 EUR, qimmati esa 210 EURni tashkil etadi.
Endi 21 foizli chegirma bilan hisoblaganda ayni shu yoʻnalish va tarif uchun bir tomonga eng arzon narx 18 EUR, oʻrtachasi 37, qimmati esa 84 EUR boʻlarkan. Borish qaytishga esa chipta narxlari ayni shu tarif uchun eng kamida 32 EURdan boshlanadi. Oʻrtacha narx 63 EUR, qimmati esa 168 EURni tashkil etadi.
Izohlanishicha, narxi EURda koʻrsatilgan aviachiptalarning sotuvi rasmiylashtirish kunidagi kurs boʻyicha soʻmda amalga oshiriladi. Bu jarayonning oʻzi ham bizga gʻalati tuyuldi, ehtimol bu yondashuvga oʻzgarib turadigan kursdan ham foyda olish maqsad qilingandir.
Buni milliy valyutada hisoblashga va chipta narxini olayotgan oylik maoshi bilan taqqoslashga hammaning aqli yetadi. Hisob-kitoblar esa hammabop boʻlmasligi aniq.
Choʻkayotgan odam xasga talpinadi, deganlaridek, balki oilaviy sayohat uchun 21 foizli chegirmadan boshqa yana biror chegirma bordir? Xoʻsh, aynan Navroʻz uchun taqdim etilayotgan 21 % li chegirmadan tashqari bir oilaning 2/3 nafar aʼzosi mamlakat boʻylab sayohat yoki ziyoratga otlanishsa, qoʻshimcha imtiyozlar mavjud emasmi?
Afsuski, maʼlum qilinishicha, aviakompaniya tomonidan 2 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarga taqdim etiladigan chegirmalardan tashqari, bir nechta chegirmalarni birlashtirish man qilinadi.
Xoʻsh, hisob-kitoblar chamangiz toʻgʻri kelmadimi? Nailoj ehtimol keyingi gal oylik maoshlar oshganda samolyotda uchish nasib qilar balki. Har holda shunga umid bor!
Ha, yana bir gap: ushbu mavzudagi 10 mart sanasidagi oʻrganishlarimizda esa 21 foizli chegirmali chiptalar “iqtisod” turida qolmagan, faqat sanoqli “biznes” takliflari mavjudligiga guvoh boʻldik. “Iqtisod” va “biznes” oʻrtasidagi narxlar tafovutini esa nomidan ham anglash qiyin emas, bizningcha.
Abbos IMOMOV