platina.uz
Maqola

“Tepadagilar”ga murojaat: zamon zoʻrnikimi?

Muhokamalarga sabab boʻlgan oʻqituvchi murojaatidagi direktorning xatti-harakatlari boʻyicha Bosh prokuratura munosabat bildirdi!

“Tepadagilar”ga murojaat: zamon zoʻrnikimi?

Kaltaklangan oʻquvchi va qalbi qon yigʻlayotgan oʻqituvchi voqeasining asl sabablari, yaʼni “ikki qoʻldan chiqayotgan qars” bugunning achchiq haqiqati!

Ikki kundan buyon muhokama boʻlayotgan poytaxtdagi maktablarning birida oʻqituvchi oʻquvchini kaltaklagani tasvirlangan videodagi voqeadan keyingi jarayonlar kutilmagan tus olyapti. Oʻquvchiga munosabati uchun jazolangan oʻqituvchi xalqqa murojaat bilan chiqib, qilmishiga iqrorini bildirdi. Shu bilan birga ushbu holat ortida voqea sodir boʻlgan maktab muassasasidagi nosogʻlom muhit, noqonuniy xatti-harakatlarni ochiqladi.

Eslatib oʻtamiz, maktabda oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasida yuzaga kelgan nizoli holat boʻyicha oʻquvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Sud qarori bilan oʻquvchining onasi va maktab oʻqituvchisiga nisbatan maʼmuriy choralar qoʻllanilgan.

“Xalqim, bugun qalbim qon yigʻlamokda”

Assalomu alaykum, xalqim! Men shu videorolikdagi oʻqituvchiman. Biologiya fanidan dars beraman, 20 yillik stajiga egaman. Oliy toifaliman. Magistraturani ham oʻqib bitirganman.

Videorolik haqida har fikrlarni oʻqidim, ijobiy ham, salbiy ham. Har bir insonning oʻz fikri bor. Lekin asl holatni oʻzimdan eshitsangiz, degandim. “Millar” koʻrsatuvi boshlovchisi, siz ham oʻqing va keyingi safar biror voqeani yoritayotganingizda, tarqatgan videorolik boʻyicha emas, voqeaning haqiqatda qanday boʻlganligi toʻgʻrisidagi surishtiruvni olib borishingizni maslahat berar edim.

Videorolikda oʻzim tan olaman, oʻta quyushqondan chiqib ketganim koʻringan. Lekin bu video toʻliq video emas, provokatsion momentlar qirqib tashlangan. Eng asosiysi — bu uyushtirilgan.

Kim uyushtirgan, nima uchun uyushtirgan, degan savollarga javob beraman.

Maktab direktori Mavlyanova Marziya Davranovna 30 yildan koʻproq shu maktabda faoliyat olib boradi. 30 yil direktor boʻlgandan keyin, talimda ishlaydiganlar biladi, hech kimdan va hech narsadan qoʻrqmaydi. Shu maktabdagi 5 yillik faoliyatim natijasida noqonuniy pul yigʻimlariga qarshi turdim.

Maktab shtat birligida turadigan qorovulni ota-onalarga qoʻriqlash xizmatidan "oxrana" deb tanishtirib, bola boshiga 30 ming soʻmdan pul yigib olar edi (maktabda 3 mingga yaqin oʻquvchi oʻqiydi, yigʻiladgan summani tasavvur qiling).

Bechora oʻqituvchi oʻz mehnati uchun beriladigan ustamaning ham yarmini direktorga "dolya" sifatida qaytarib berishi kerak. Sinf oʻquvchilaridan (sharoiti ogʻirmi, yengilmi, farqi yoʻq) fond yigʻib bermasangiz, mendek yoki tuzoqqa tushasiz, yoki bosim ostida qolasiz. Oʻqituvchi xalqi nimayam deydi, “mayli, olaqolsin, darsini bersin, tirikchiligimni qilay”, deydi.

Mening aybim — shu noqonuniy yigʻimlarni yigʻishga qarshi boʻlganim. Oʻtgan oʻquv yilida bir ustozning shikoyat xati ketidan maktabni prokuratura tekshirdi. 40-50 mln soʻm kamomad chiqdi. Shu tekshiruv paytida pul yigʻimlarini haqiqatda yigʻilishini tasdiqlab berganim uchun direktor kun bermay qoʻydi, desam ham boʻladi. Hattoki, ichki ishlardan himoya orderi ham olishga majbur boʻldim. Ochiqdan-ochiq “ishdan boʻsha, arizangni yoz”, deya turtkilayverdi. Arizamni oʻzim yozmaganim uchun shunaqa tuzoqlar qoʻyishini boshladi. Bu videorolik ham shunaqa tuzoqlardan bittasi.

Maktabda ishlaydiganlar biladi, kameraning “dostupi” faqat direktorning xonasida boʻladi. Videoni ham uning oʻzi tarqatdi. Hattoki oʻquvchining onasini chaqirib, “bolamning oʻzida ayb ekan, yomon soʻkibdi ustozni, kitob daftari ham yoʻq ekan”, deyishiga qaramasdan, majburlab ariza yozdiribdi.

Bugun sudda oyisi yigʻlab kechirim soʻradi.

Xalqim, bugun qalbim qon yigʻlamokda. Oʻzim sevgan kasbdan majburlab bugun ariza yozdirishdi. “Tepadagilar” qoʻymayotganmish.

Hurmatli “tepadagilar”, sizlarga bir insonning taqdirini hal qilish shunchalar osonmi? Surishtirmay haydab yuborish shunchalik osonmi? Sizga toʻgʻrisuz oʻqituvchilar kerakmasmi? Unda bitta taklif, pedinstitutlarga “yaloqilik qilish texnikasi va uning foydalari” degan fanni qoʻshinglar, toki kelajakdagi yosh avlod mendek qiynalib yurmasin, mendek bechora boʻlib qolmasin!

Men bugun yigʻlab oʻzimga qasam berdim, boshqa oʻqituvchilik qilmayman, ortiq oʻqituvchilik qilmayman... Mayli, och qolay, mayli bechora boʻlay, ortiq oʻqituvchilik qilmaganim boʻlsin!

Zamon zoʻrniki ekan. Bu gaplarni yozishimdan maqsadim — kimningdir rahmini keltirish ham emas, qalbimdan portlab chiqayotgan tuygʻularimning milliondan birini yetkazishga harakat qildim.

Shu xabarni imkon darajada koʻproq tarqating, koʻproq odam oʻqisin. Toki, fikrlar oʻzgarsa, toki kelgusi hayotimizda oʻqituvchiga nisbatan qarashlar yanayam oʻzgarsa.

Xalqim, sizning farzandlaringizni sevib qoluvchi, Yashnobod tumanidagi 152-maktabning sobiq oʻqituvchisi Gulchehra Mamajonova”.

Buni jamiyat uchun signal deb qabul qilish lozim!

Oʻqituvchining ushbu murojatida bugunning achchiq haqiqati – garchi oʻtgan yillar davomida taʼlim islohotida juda koʻp imkoniyatlar, sharoitlar, ragʻbatlar joriy qilingan boʻlsa-da, hali ham bu oʻzgarishlarga soya solayotgan holatlar, ortiqcha yigʻimlar, direktorlarning oʻzimga xon, koʻlankam maydon qabilidagi eskicha yondashuvdan qutulolmayotgani, eng achinarlisi farzandlar tarbiyasida noqisliklar roʻy rost ochib berilgani jamiyat uchun yana bir hushyorlikni oshirishga undovchi signal sifatida qabul qilinishi kerak. Oʻqituvchilarga davlat tomonidan berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik, joriy yil nomiga mutanosib ravishda sifatli taʼlim uchun urinishlarni ayrim nafsiga qul rahbarlar puchakka chiqarishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Kechagina muhokamalardan oʻtgan Konstitutsiyada ham aynan oʻqituvchilarning haq-huquqlari, ularning obroʻsi va shaʼni uchun alohida eʼtibor berilgani ham bejiz emas. Shunday ekan, 152-sonli maktab bilan bogʻliq holatlar bittama-bitta oʻrganilishi kerak. Barcha maktablardagi vaziyatni ana shu murojaatda keltirilgani kabi holatlar asnosida tahlil qilish shart va zarur.

Direktorning xatti-harakatlari oʻrganiladimi?

Platina.uz Bosh prokuratura matbuot xizmatiga oʻqituvchi murojaatida keltirilgan direktorning xatti-harakatlari oʻrganiladimi, degan savol bilan murojaat qildi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot ShAMSUTDINOV ushbu holatlar albatta oʻrganilishini maʼlum qildi.

Vazirlik: “Ishchi guruh tuzildi, nosogʻlom muhit haqidagi murojaat oʻrganilyapti!”

Maʼlum qilinishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovaning koʻrsatmasiga asosan Toshkent shahridagi 152-maktabda yuzaga kelgan holat hamda maktabdagi taʼlim va tarbiya jarayonlarini oʻrganib chiqish boʻyicha vazirlik Ishchi guruhi tuzilibdi. Vazirlik ushbu holat boʻyicha oʻrganishlarda jamoatchilik faollari ishtirok etishi mumkinligi, ikki tomonni oʻrgangach, xolis axborot tarqatishni soʻragan.

Hilola UMAROVA, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri:

– Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilinayotgan maktab oʻqituvchisi va oʻquvchi oʻrtasidagi ziddiyatli vaziyat hamda uning oqibatlari shu soha rahbari sifatida meni chuqur oʻyga soldi.

Xavotirim shuki, biz bugun farzandlarimizning nafaqat bilim olishi, balki tarbiyasini ham butunlay maktabga yuklab qoʻyganmiz. Baʼzi ota-onalarning oʻz farzandlari tarbiyasi va xulqi yuksalishidagi oʻrni kundan kun kamayib borayotgandek.

Taniqli jadid olimi Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan chaqirigʻi bilan bizni tarbiya masalalariga katta eʼtibor berishimiz zarurligidan oʻsha davrdayoq ogoh etgan.

Bugungi zamonaviy dunyoda oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasidagi munosabatlar erkin olib borilishi ularning oʻzaro majburiyat va masʼuliyatlaridan ozod qilmasligi zarur. Oʻqituvchi bilim berish asnosida oʻz shogirdlariga doʻst, oʻquvchilar ham ustoziga katta hurmat bilan munosabatda boʻlishlari lozim. Buyuk mutafakkir Imom Gʻazzoliy “Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi” deya ushbu nozik jarayonning ahamiyatini ochib bergan.

Oʻqituvchilarimiz ham unutmasliklari kerakki, ular oʻzi taʼlim berayotgan oʻquvchilarning dunyoqarashi va shaxsiyati shakllanishidagi eng katta taʼsir koʻrsatuvchi insonlardir. Ustozning har bir soʻzi, har bir harakati shogirdning xotirasida muhrlanadi va uning kelajak yoʻlini yoritishda xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish borasidagi katta tashabbuslar ortida ham oʻqituvchiga boʻlgan katta eʼzoz mujassamdir. Ayni vaqtda loyihasi tayyorlanayotgan “Pedagog xodimning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunda ham oʻqituvchi huquqini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini yanada oshirish kabi muhim hayotiy zaruratlar belgilanmoqda.

Maqsad katta va ezgu. Ustozlarimiz ham davlatimizning ushbu eʼtiborini yurakdan his qilgan holda, oʻquvchilarga nafaqat bilim berish, balki ularning yuksak tarbiyali va goʻzal xulqli insonlar boʻlib yetishishlarida gʻamxoʻrlik qilishlari maqsadga muvofiqdir. Bunda shaxsiy namuna eng taʼsirchan choralardan biridir.

Hurmatli ota-onalarimiz ham farzandlarining maʼnaviy yetuk boʻlib kamol topishlarida oʻz burchlarini unutmasliklarini, koʻz qorachigʻimizdek asrab kelayotgan bolalarimiz kelajagi uchun oʻqituvchilar bilan doimiy hamkorlik qilib borishlarini istaymiz.

Zero, bolaga bugun berilgan bir hikmat yoki tarbiya ertaga kelajak binosiga ming gʻisht boʻlib qoʻyiladi.

Abbos IMOMOV

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid