Rossiyada ishlayotgan oʻzbekistonliklarga katta pul evaziga shubhali kurerlik xizmatlari taklif etilmoqda
Migratsiya agentligi Rossiyada ishlayotgan oʻzbekistonliklarni internet orqali katta pul evaziga mahsulotlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish haqidagi eʼlonlar yuzasidan ogohlikka chaqirdi.
«Murojaatlardan maʼlum boʻlmoqdaki, norasmiy kurerlik xizmatlarida narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish (zaklad) taklif qilinmoqda va buning oqibatida politsiya xodimlari tomonidan ular ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
Shu munosabat bilan, yurtdoshlarimizdan norasmiy kurerlik xizmatlarida ishlamaslikni, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni albatta tekshirishni soʻraymiz», deyilgan agentlik xabarida.
Eslatib oʻtamiz, Rossiya qonunchiligiga koʻra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan.