Qilichbozlik boʻyicha Osiyo chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi 16 ta medalga ega boʻldi

Toshkentda qilichbozlik boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi qitʼa birinchiligi oʻz poyoniga yetdi. Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
2-9 mart kunlari oʻtkazilgan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi 9 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medallariga sazovor boʻldi.
Bugun musobaqaning yakuniy kunida yosh qizlar sablya va shpaga, yigitlar rapira qurolida jamoaviy davsturda kuch sinashishdi. Quvonarlisi, barcha yoʻnalishlarda hamyurtlarimiz finalga qadar yetib borishdi. Murosasiz janglarda qizlarimiz har ikki yoʻnalishda oltin medallarni qoʻlga kiritgan boʻlsalar, gonkonglik raqiblariga imkoniyatni boy bergan yigitlarimiz kumush medallarni qoʻlga kiritishdi. Bugungi natijalar:
Sablya, qizlar:
1. Oʻzbekiston
2. J.Koreya
3. Yaponiya
Shpaga, qizlar:
1. Oʻzbekiston
2. Xitoy
3. Yaponiya
Rapira, yigitlar:
1. Gonkong
2. Oʻzbekiston
3. Xitoy
Qayd etish joiz, musobaqa yakuniga koʻra, Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi 3 ta oltin va 1 ta bronza medallari bilan Koreyadan soʻng ikkinchi, yoshlar toifasida esa 6 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medallari bilan birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

