platina.uz
Jamiyat

Prezident farmoni ijrosini taʼminlamagan hududlar maʼlum boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmoni ijrosi tahlil qilinganda mahalliy byudjet mablagʻlarini sarflash haqidagi maʼlumotlarni ochiqlash boʻyicha xatoliklar aniqlangan.
Prezident farmoni ijrosini taʼminlamagan hududlar maʼlum boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmoniga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman va shahar hokimliklari oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablagʻlar yoʻnaltirilgan maqsadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirishi belgilangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mazkur Farmon talablarining 2022 yildagi ijrosi tahlil qilinganda 8 ta viloyat hokimligi tomonidan mazkur maʼlumotlar belgilangan tartibda joylashtirilganligi hamda 6 ta hududda ushbu maʼlumotlar Farmon talablariga mos ravishda yoki umuman joylashtirilmaganligi aniqlangan.

Viloyatlar mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismining sarflanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Navoiy, Buxoro, Xorazm va Sirdaryo viloyat hokimliklari tomonidan namunali tarzda (mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi farmoyish, mablagʻ ajratilgan tashkilot va uning maqsadlari) joylashtirilgan boʻlib, barcha mablagʻlarning sarflanishi ochiq va shaffof tarzda batafsil koʻrsatilgan.

Ammo Toshkent shahri, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax viloyati hokimliklari tomonidan Farmon talablarini ijro qilishda uning sohalar kesimida sarflanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ochiqlash bilan cheklanilgan.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarda shahar mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismidan 3 trln 49 mlrd soʻm mablagʻlarning sohalar kesimida sarflanishi aks ettirilgan.

Xususan:

- ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga 232,2 mlrd soʻm (Toshkent metropolitenida pensionerlarni bepul tashishda va bepul yurish huquqini beradigan yagona guvohnomalar boʻyicha hisobga olinadigan yoʻlovchilarni tashish natijasida olinmay qoladigan daromadlarni qoplashga 35,5 mlrd soʻm, shahar passajir transporti zararini qoplashga 84,8 mlrd soʻm);

- iqtisodiyotga xarajatlar 786,7 mlrd soʻm (obodonlashtirish uchun 678,7 mlrd soʻm, koʻp kvartirali qavatli uylarda lift uskunalarini taʼmirlash va yangilashga 61,0 mlrd soʻm, markaziy koʻchalarni asfalt qilishga 31,8 mlrd soʻm);

- markazlashgan investitsiyalarni moliyalashtirishga 524,2 mlrd soʻm (markazlashtirilgan investitsiya dasturidan tashqari qoʻshimcha qurilishlar uchun 482,4 mlrd soʻm, ichimlik suvi va kanalizatsiyaga 41,8 mlrd soʻm);

- davlat boshqaruv organlarini saqlashga 719,5 mlrd soʻm;

- boshqa xarajatlarga 787,1 mlrd soʻm (ichki va tashqi qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlari 375,4 mlrd soʻm, ssudani qaytarish 247,4 mlrd soʻm, “Obod mahalla” jamgʻarmasiga 51,7 mlrd soʻm, shaharda yoʻllar qurishga 28,5 mlrd soʻm) yoʻnaltirilgan.

Shu kabi Toshkent viloyat hokimligi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarda ham mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismidan 623,9 mlrd soʻm mablagʻlarining sohalar kesimida sarflanishi aks ettirilgan.

Jumladan, hududiy iqtisodiy ijtimoiy rivojlantirish dasturlariga 171,7 mlrd soʻm, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga 105,4 mlrd soʻm, markazlashtirilgan jamgʻarmalarga 104,7 mlrd soʻm, obodonlashtrish xarajatlariga 10,2 mlrd soʻm, madaniy sport tadbirlariga 6,1 mlrd soʻm, byudjet tashkilotlari moddiy bazasini mustahkamlash uchun 5,9 mlrd soʻm va boshqa xarajatlarga 219,7 mlrd soʻm mablagʻlar yoʻnaltirilgan.

Xarajatlar tarkibida boshqa xarajatlar ulushi (35%) eng katta boʻlib, ularning aynan qaysi maqsadlarga sarflanganligi koʻrsatilmagan.

Surxondaryo viloyat hokimligi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarda ham mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismidan 138,9 mlrd soʻm mablagʻlarning sohalar kesimida sarflanishi aks ettirilgan.

Xarajatlar tarkibida boshqa xarajatlar ulushi 25,4%ni tashkil etib, ularning aynan qaysi maqsadlarga sarflanganligi ochiqlanmagan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan mahalliy byudjetning rejadan (2022-yil 2-3-4-choraklar boʻyicha) orttirib bajarilgan qismidan (215,5 mlrd soʻm) foydalanilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar joylashtirilgan boʻlsa-da, 2022-yil 1-yanvar holatidagi erkin qoldiq mablagʻlari va 1-chorakda shakllangan mablagʻlarning sarflanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ochiqlanmagan.

Yuqorida qayd etilgan hokimliklar tomonidan Farmon talablari toʻliq yoki qisman ijro etilgan boʻlsa, Andijon, Fargʻona, Namangan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklar tomonidan ochiq eʼlon qilinishi majburiy etib belgilab qoʻyilgan maʼlumotlar rasmiy veb-saytda joylashtirilmagan.

Vaholanki, Andijon viloyat hokimligi tomonidan Ye-qaror.gov.uz yagona elektron tizimiga joylashtirilgan qaror va farmoyishlar oʻrganilganda, 2022-yil davomida mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablagʻlari va orttirib bajarilgan qismidan jami 415 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirilganligi aniqlandi.

Yoki Samarqand viloyat hokimligi tomonidan Ye-qaror.gov.uz yagona elektron tizimiga joylashtirilgan qaror va farmoyishlar oʻrganilganda 2022-yil davomida mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablagʻlari va orttirib bajarilgan qismidan jami 337 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirilganligi maʼlum boʻldi.

Fargʻona viloyat hokimligi tomonidan mahalliy byudjet xarajatlarining 1 oktabr holatidagi ijrosi hamda viloyat mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalar hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirilgan boʻlib, Farmonda nazarda tutilgan maʼlumotlar ochiqlanmagan.

Namangan viloyat hokimligi tomonidan viloyat mahalliy byudjetining daromadlari va xarajatlari aks ettirilgan boʻlib, ushbu maʼlumotlar ham 2022-yil 3-chorak maʼlumotlaridan iborat.

Qashqadaryo viloyat hokimligi tomonidan esa faqatgina mahalliy byudjetning daromadlari va xarajatlari ochiqlangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid