platina.uz
Jamiyat

Odamlar eng birinchi qaysi sohani korrupsiyadan xoli qilish kerakligini aytishdi

Xalqda ochkoʻzni tuproq toʻydirar, degan naql topib aytilgan. Bu ayni paytda jamiyatimizda kuzatilayotgan holatlarga ham toʻla mos keladi. Aks holda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun alohida agentlik tashkil etilib, har bir soha uchun kompleans nazorat tizimi joriy qilinib, har bir soʻmning hisob-kitobi uchun talab kuchaytirilgan boʻlishiga qaramay, kunda kunora qaysidir sohada korrupsiyaning u yoki bu turi uchragani haqida maʼlumotga koʻzimiz tushadi. Ana shu achinarli holatda eng avvalo qaysi sohaga katta kuch berib, korrupsiyadan xoli qilishga erishish kerak?

Yaqinda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi umumataʼlim maktabi mansabdor shaxslari tomonidan korrupsiya sodir etilgani haqida maʼlumot berdi.

Joriy yil 4 mart sanasida taqdim etilgan voqea tafsilotlariga koʻra, 2022 yilning dekabr oyiga qadar Quyichirchiq tumanida joylashgan umumtaʼlim maktabiga ingliz tili fani oʻqituvchisi sifatida ishga kirishni soʻragan murojaatchidan direktor oʻrinbosari “S.A.” undan pora berishini talab qilgan.

Agentlik maʼlumoti asosida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Quyichirchiq tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tadbirda direktor oʻrinbosari “S” fuqaroning ingliz tili fani oʻqituvchisi lavozimiga qabul qilishga maktab direktori orqali hal qilib berish evaziga tamagirlik yoʻli bilan pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat boʻyicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, yaqinda agentlik Asaka tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan oʻtkazilgan davlat xaridida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangani ham xabar qilgan. Qashqadaryoda esa imtiyozli kredit mablagʻlarini maqsadsiz yoʻnaltirgan hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Qurilishda ham bunday holatlar yoʻq emas. Vaholanki, jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi kurash uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan. Lekin jamiyat kushandasi boʻlgan korrupsiya hali hamon uchrab turgani achinarli.

Ana shu achinarli holatda eng avvalo qaysi sohaga katta kuch berib, korrupsiyadan xoli qilishga erishish kerak?

Bu savolga javob topish uchun biz uch yoʻnalish – sifatli qurilish, sifatli taʼlim, sifatli tibbiyot doirasida aholi fikrini bilishga qiziqdik. Xoʻsh, ular eng avvalo qaysi sohani korrupsiyadan xoli qilishni istashadi?

Aholi fikriga koʻra, eng avvalo taʼlimni korrupsiyadan xoli qilish kerak. Agar taʼlim korrrupsiyadan xoli boʻlsa, sifatli taʼlim va qurilishga erishsa boʻladi, degan fikrda koʻpchilik. Ammo ular orasida bu natijaga erishishga ishonmaydiganlar ham borligi eʼtiborni tortadigan munosabat, deyish mumkin.


Abbos IMOMOV

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid