Xalqimiz katta oʻzgarishlar kutayotgan muhim jarayon – Yangilanayotgan Konstitutsiya uchun aholidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan

Bugun Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtadigan Yalpi majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi koʻrib chiqilishi haqida xabar qilgandik.
Ayni paytda boʻlib oʻtayotgan yalpi majlisda maʼlum qilinishicha, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligini oʻzi ham konstitutsiyaviy islohotlardan xalqimiz katta oʻzgarishlar kutayotganligidan dalolat bermoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi masʼul qoʻmitalar tomonidan ekspert, mutaxassis, olim va siyosatchilar ishtirokida qayta tahrir qilish hamda takomilga yetkazish maqsadida 12 marotaba moddama-modda oʻqishdan oʻtkazildi. Umumxalq muhokamasi davomida qariyb 40 marotaba masʼul qoʻmitalarning majlislari oʻtkazildi.
Bugungi kunda tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyamizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga koʻpaymoqda, yaʼni Konstitutsiyamiz qariyb 65 foizga yangilanmoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Natijada Konstitutsiyamiz ham mazmunan, ham shaklan mutlaqo yangilanmoqda.
Barchamizga maʼlumki, agar amaldagi qonun hujjati matnini sezilarli oʻzgartirish talab etilsa, uni yangi tahrirda bayon etish zarur. Shu boisdan hamda kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati va koʻlamidan kelib chiqib, koʻrib chiqilayotgan loyihada Konstitutsiyani yangi tahrirda bayon etish uchun barcha asoslar yetarli. Shuning uchun ham loyihaning nomini Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida emas, balki “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni deb atash taklif etilmoqda.
yangilanayotgan Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb oʻzgartirish, yaʼni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qoʻyishni maqsad qilgan.




