Xalqim, xalqim deb halqumiga urayotganlar

Buxoroda 7 qavatli binoning 8-qavatidan uy sotgan quruvchi aniqlandi. Maʼlum boʻlishicha, “N.A.” MChJga shahar hududidan koʻp xonadonli 7 qavatli turar joy binosini qurishga ruxsat berilgan boʻlsa-da, korxona rahbari Oʻ.Q. hech qanday hujjatlarsiz turar joy binosiga qoʻshimcha 8-qavatni qurib, fuqarolarga sotgan. U ushbu xonadonlarni mijozlar nomiga rasmiylashtirib boʻlmasligini bilib turib, 6 nafar fuqaroning 838,6 mln soʻm va 14 400 AQSh dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.
Bu kabi xabarlardan ajablanmay qoʻydik ochigʻi. Mendan ketguncha, egasiga yetguncha qilib qurilgan uylarni sanasak, sanogʻi tugamaydi.
Oddiy bir misol, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi tomonidan sohaviy qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi oʻlchovlari tuzildi. Unda Oʻzbekistonda atigi 1 ta qurilish kompaniyasi ishonchli deb topilgan.
Ishonchlilik darajasiga koʻra, reyting “A dan D” gacha toʻrt toifaga, shuningdek, har bir toifa ham oʻz oʻrnida 3 darajaga boʻlingan. Roʻyxatdan jami 17 647 ta qurilish korxonasi oʻrin olgan. Reytingga koʻra, eng ishonchli kompaniya sifatida faqat bittasi “A” toifaning 3-darajasidan oʻrin olgan. Biroq toifaning eng yuqori – 1- va 2-darajalariga hech bir kompaniya loyiq koʻrilmagan. “B” toifadan 259 ta, “S” toifadan 2 719 ta, eng quyi daraja – “D” toifadan esa 14 668 ta kompaniya oʻrin olgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bergan maʼlumotlarga koʻra, Shaharsozlik kodeksining 5-bob 26-moddasida qurilishni nazorat qilishda funksional majburiyatlar belgilab qoʻyilgan. Bunda shaharsozlik faoliyati subektlari tomonidan qurilishga tayyorgarlik koʻrish va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-montaj, ishga tushirish, sozlash ishlarini bajarish qatʼiy nazorat qilinadi. Obʼektlarni qurish chogʻida qurilish ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati boʻlishi talab etiladi.
Qonunlarda yozilishicha, yangi bino qurilishi toʻrt tomonlama qatʼiy nazorat qilinar ekan. Lekin sal shamol boʻlsa, tomi uchib ketadigan, deraza tokchalari tushib ketadigan, devorlarda yoriqlar, yomgʻir yogʻsa, chakki oʻtadigan, shiftlari koʻchib ketadigan uylar qayerdan kelib qolyapti? Buxoroda boʻlib oʻtgan tabiiy ofatda necha asrlar oldin, chelakda arqon bilan loy tashib qurilgan tarixiy binolar qolib, “kecha“ qurilgan “namunaviy“ uylar ahvolini eslang. Jizzaxda qulab tushgan koʻp qavatli bino-chi? Qurilishiga ikki yil ham boʻlmagan koʻp qavatli uylarning yertoʻlasi nima sababdan kanalizatsiya suviga toʻlib qolyapti? Kimdir ziyon koʻrmasa boʻldi, bu kabi xabarlarni oʻqiyverib, taʼsirlanmaydigan boʻlib ketganmiz. Baribir foydasi yoʻq, xalqim, xalqim deb halqumiga urayotganlarga hech qachon insof bermaydi.
Qonunchiligimizda qurilish ishlarida sifatga kafolat berish hamda ular lozim darajada bajarilmagan taqdirda pudratchining javobgarligi ham belgilab qoʻyilgan. Lekin tinch zamonlarda ham toʻkilib tushayotgan uylar uchun birorta pudratchining jazolanganini, uylar sifati yaxshilanganini eshitmadik. Aksincha, sohadagi korrupsiya, tenderlarda nepotizm holatlari yildan-yilga ortib bormoqda.
2018-2019 yillarda qurilish sohasida 142 milliard soʻm talon-toroj qilingan, qurilishga oid masalalarni hal etish evaziga 1,6 milliard soʻm va qariyb 1 million dollar pora olingan. 2020-2021 yillarda 1 ming 233 nafar shaxs qurilishda korrupsiyaga yoʻl qoʻyib, javobgarlikka tortilgan. 2022 yilda 6102 ta noqonuniy qurilishlar aniqlangan. Qurilish-montaj ishlari tugallangan bino va inshootlardan foydalanishga ruxsat berish boʻyicha 16 576 ta murojaatdan 11 162 ta obʼektning qurilish ishlari belgilangan normalarga toʻgʻri kelmasligi bois rad etilgan.
Demak, yangi qurilgan binolarning 80 foizga yaqini talablarga javob bermagan. Otning kallasiday narxga, necha yillab yiqqan puliga shu uylarni olayotgan odamlar esa kimga murojaat qilishni bilmaydi. Shuncha oʻrganishlaru tanqidlardan keyin ham ahvol yaxshilanmayapti, goʻyoki bularning ortida qandaydir koʻrinmas kuch borday.
Ming afsuski, agar birgina 2022 yil natijalariga koʻra xulosa qilinadigan boʻlsa, shuncha ogohlantirishlarga qaramay, inson hayoti uchun xavfli boʻlgan qurilishlar, qoʻshib yozishlar, oʻgʻirliklar davom etmoqda. Obʼektlarda malakali quruvchilar emas, arzon ishchi kuchi boʻlgan yollanma mardikorlar ishlamoqda. Ularni esa hech kim malakasini oshirishni yetti uxlab tushida ham koʻrmaydi. Yana achinarlisi, tizimda korrupsiya shunchaki ijtimoiy norma emas, balki odamlar hayotiga zomin boʻlayotgan “maxluq”qa aylanib bormoqda.
Taklif oʻrnida aytish mumkinki, reytingning oʻzi kifoya emas, balki belgilangan normalarga zid qurilishga yoʻl qoʻygan quruvchi tashkilot rahbarlarining tanobini tortib qoʻyish kerak. Qurilish sohasidagi bunday noqononuniy yondashuv ham xalqqa, ham siyosatga xiyonat darajasiga tenglashtirilib, jazoga tortilmas ekan, koʻp yillar buning azobida qovurilib yashashimizga toʻgʻri keladi.
Eslatib oʻtamiz: Toshkent viloyatidagi maktabning poydevori choʻkib, devorlari yorilib ketgani maʼlum boʻlgandi.
Poytaxtda qurilgan «novostroyka»lardan birining sifatsizligi isbotini topgan.
Shahruza SAʼDULLO qizi