platina.uz
Jamiyat

Xayrli tashabbusga nafas rostlamay korrupsiya toʻr tashladimi?

Maktablarda 1–4-sinflar oʻquvchilarini bepul tushlik keytering usulida yoʻlga qoʻyilishi kerak. Bu jarayonning doimiy monitoringi tegishli vazirlik zimmasida, yetkazib berilgan taomlar uchun esa maxsus komissiya masʼul. Shunday ekan, ayb kimda?
Xayrli tashabbusga nafas rostlamay korrupsiya toʻr tashladimi?

Prezident 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Ushbu farmonda 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

2021 yil 21 sentabrda esa prezident Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga koʻra, Qoraqalpogʻistonda 1-4-boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul tushlik berish yoʻlga qoʻyilib, buning uchun byudjetdan yiliga 100 milliard soʻm ajratilishi aytilgan edi. Ushbu tashabbus ortidan Vazirlar Mahkamasining 472-sonli qarori imzolandi. Qarorda 2022 yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mahalliy byudjeti parametrlarida mazkur hududlardagi boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash uchun 100 milliard soʻmdan, jami 200 milliard soʻm ajratilganligi, tajriba-sinov doirasida 2021/2022 oʻquv yili yakuniga qadar bepul ovqatlantirishni tashkil etish uchun tegishli mahalliy byudjetlarda nazarda tutilgan mablagʻlardan Xalq taʼlimi vazirligiga 100,6 milliard soʻm yoʻnaltirilgani maʼlum qilingandi.

Ushbu tashabbus xursandchilik bilan qabul qilinish qatorida ayrim xavotirli savollarni ham yuzaga chiqargandi. Yaʼni barcha maktab oshxonalarida ham sifatli oziq-ovqat mahsulotlari sotilmasligi, hamma oʻquvchining ham moddiy imkoniyati yetishmasligi inobatga olinsa, bu juda yaxshi ish, albatta. Ammo bu tajriba sinov oʻzini oqlaydimi? Hamma sohalarga aralashgani kabi korrupsiya bu sohaga ham toʻrini tashlamaydimi? Bolalar sifatli va sogʻligiga zararsiz boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanadimi? Afsuski, Qoraqalpogʻiston va Xorazm tajribasini kuzatib, bu savollarimizga javob topganday boʻldik…

Oʻquvchi uchun tushlik – chirigan olma

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Axborot xizmatining xabariga koʻra ayrim maktablarda oʻquvchilarga sanitariya epidemiologiya boʻlimi xodimlari tomonidan chirib ketgan olma va qoʻngʻiz bosgan shirinlik kabi sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlandi. Suratlarda yozilgan “Bolam toshday qotgan pechenesini uyga olib kelibdi. Bu narsalarni bolaga yedirib boʻlarmidi, uvol boʻlmasin deb tovuqlarga berdik”, “Insofsizlar, bolaga qurtlagan olma, sichqon yegan shirinliklar berishgan. Oʻz bolalariga ham shuni yedirisharmikan-a?” kabi izohlardan ham vaziyat qay darajada ekanligini bilib oldik.

Joʻqorgʻi Kenges raisi topshirigʻi bilan maktablarda “bepul nonushta” qanday yoʻlga qoʻyilganini Kegeyli tumani misolida oʻrganilganda ham bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatsiz yoki yaroqsiz ekani, maktablarda oddiy ichimlik suvi yoki issiq choy tayyorlashga imkon yoʻqligini koʻrsatgan.

Sifatsiz mahsulotlar uchun kim javobgar?

Vazirlar Mahkamasining 472-qaroriga ilova qilingan nizomda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi maktablarda 1–4-sinflar oʻquvchilarini keytering usulida sogʻlom ovqatlantirish tizimini tashkil etish tartibi belgilangan.

Keytering tizimi xorij tajribasi boʻlib, hududlarda ovqatlanishni shartnoma asosida tashkil etish, ovqatlarni tayyorlash, yetkazib berish va tayyor pazandachilik mahsulotlarining chakana savdosini amalga oshirish xizmatlarini koʻrsatadi. Nizomda belgilanganidek buyurtmachi – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi. Buyurtmachi oʻquvchilarni ovqatlantirishni keytering usulida tashkil etishda quyidagilarga rioya qilishi shart: keytering tashkilotini qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq tanlab olish, ular tomonidan amalga oshiriladigan xizmatlar sifati yuqori darajada saqlab qolinishini talab qilish...

5-bandda esa keytering tashkiloti xodimlari maktabning tegishli hududiga oldindan taqdim etilgan va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat asosida belgilangan tartibda kiradi hamda maktab binosida harakatlanadi, deyilgan.

Vazirlik keytering tashkiloti faoliyati ustidan doimiy monitoring olib boradi, degan band ham bor. Keytering tashkiloti taomlarni ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan tartibda tasdiqlangan taomnoma asosida tayyorlaydi va oʻquvchilarga yetkazib berish choralarini koʻradi – tayyor taomlarni qadoqlangan, bir marta ishlatiladigan qutilarda sovitkich moslamasi oʻrnatilgan maxsus avtotransport vositalarida maktablarga yetkazadi. Yetkazib berilgan taomlar tarkibi va sifati ustidan doimiy nazoratni taʼminlash maqsadida har bir maktabda 5 nafar (maktab direktori, hamshira va ota-onalar vakillari) aʼzodan iborat tarkibda maxsus komissiya tuziladi.

Keytering tashkilotlari: ular xarid qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar sifatliligidan tortib foydalaniladigan texnologik jihozlar sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlariga mosligiga, taom tayyorlash texnologiyasi qoidalariga rioya qilishdan tortib oshpazlarning har besh yilda malaka oshirishi, oshpazlarning tibbiy koʻrikdan oʻtgan holda ishga qoʻyilishi uchun javobgar hisoblanadi.

Qogʻozlarda hammasi chiroyli

Nizomga koʻra, yetkazib berilgan taomlar 5 nafar maxsus komissiyadan oʻtib, keyin bolalarga berilishi kerak ekan. Shunda chirigan va qurtlagan olmalar, tosh qotgan va sichqon yegan shirinliklar qayerdan kelib qoldi? Bu vaziyatda 5 nafar maxsus komissiya aʼzolari koʻzini chirt yumib, bu mahsulotlarni oʻtkazib yuborishdimi yoki ularning koʻzlarida haqiqatda ham muammo bormi?

Soʻrovlarimiz natijasida shuni aniqladikki, maktablarga tarqatilayotgan mazkur oziq-ovqat mahsulotlari maxsus avtomashinalarda emas, yoʻlovchi tashish transportida yetkazib berilmoqda.

Nizomda aytilgan bir martalik idishlar, issiq ovqatlardan esa darak yoʻq. Xoʻsh, bunday vaziyatda buyurtmachilar nizomda koʻrsatilganidek keytering tizimi shartlaridan xabardor emasmi? Unda savol tugʻiladi: chirigan olma-yu, sichqon yegan shirinliklar uchun kim javobgar?

Bunday muammo Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati hududidagi boshlangʻich sinf oʻquvchilariga bepul ovqat berish tizimi joylarga chiqib, ayrim maktablar misolida oʻrganilganda ham aniqlangan. Maʼlum qilinishicha, oziq-ovqatlar yetkazib berilish jarayonida ayrim befarqliklarga yoʻl qoʻyilgan.

Qanday bir xayrli, xalqqa manfaatli ish boshlansa, zum oʻtmay orqasidan albatta misi chiqadi. Qoraqalpogʻiston va Xorazmda tatbiq etilgan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion soʻm ajratiladigan boʻldi. Bolalarga foydali boʻlgan tajribalarni ishlab chiqar ekanmiz, bir chekkada oʻtmay qolgan mahsulotlarini oʻtkazish tajribalarini oʻylab qoʻyayotganlar ham aslo yoʻq emas. Shunday ekan, bu qaror haqida chuqurroq oʻylab, nazoratni yanada qattiqroq oʻrnatish lozim. Aks holda ushbu “bepul nonushta”ga ajratilgan trillionlarni tamshanib kutib turganlarning ishtahasi yanada ochilib ketishi turgan gap.

Shahruza SAʼDULLO qizi

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid