Samarqandda sobiq ichki ishlar xodimi qoʻlga olindi

Samarqandda bir fuqaro oʻzini Oʻzbekiston IIVda ishlashini aytib, ichki ishlar tizimi bilan bogʻliq masalalarni hal qilib berish evaziga fuqarolardan pul olayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot yuzasidan tekshiruv oʻtkazildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganida, u 1992 yil Pastdargʻom tumanida tugʻilganligi, muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab keyin boʻshaganligi va bugun vaqtincha ishsiz ekanligi maʼlum boʻlgan.
Samarqand shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro IIBga murojaat qilib borgan vaqtida, qoʻlga olingan fuqaro oʻzini Oʻzbekiston IIVda ishlashini aytib, nima sababdan IIBga kelganini soʻrab bilgan. Uni qoʻrqitib, ishini ijobiy hal qilib berish evaziga undan 5000 AQSh dollari talab qilgan. Fuqaro ham uddaburonlik qilib oʻrtalarida boʻlib oʻtgan suhbatni oʻziga tegishli boʻlgan telefon apparati yordamida yozib olgan va yozib olingan ovozni IIV ShXBB Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlariga topshirgan.
Shunga asosan joriy yilning 2 mart kuni IIV ShXBB Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilib, oʻzini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan shaxs fuqarodan 5000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.




