Qilmishi ovoza boʻlgan Samarqand “elektroset”ning Yuridik boʻlim boshligʻi egallab turgan lavozimidan ozod etildi

Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Samarqand hududiy filiali yuridik boʻlimi boshligʻi I.S. egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filialida qator masalalar muhokama etildi. Muhokamalarda jamiyat boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Alvar Gaybullayev, viloyat prokurori Jahongir Hotamov, IIB va qator korxona-tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Kun tartibidagi masalalar doirasida ijtimoiy tarmoqlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Samarqand hududiy filiali Yuridik boʻlimi boshligʻi I. S.ning soʻzlari deya joylashtirilgan, koʻplab salbiy fikrlar va eʼtirozlarga sabab boʻlgan video lavha ham muhokama etildi. Tomonlar fikrlari eshitildi. Odob-axloq meʼyorlari va funksional vazifalar doirasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Muhokama yakunida AJ boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari soʻzga chiqib, yuridik boʻlim boshligʻi S. I.S jamiyatning Samarqand hududiy filiali direktori buyrugʻi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilganligini maʼlum qildi. Shuningdek, muhokamada hududiy filial direktori oʻrinbosari G.Saydullayevaning huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yoʻllagan murojaati doirasida, masalaga huquqiy baho berilishi bildirildi.