platina.uz
Jamiyat

Jurnalist va blogerlar faoliyatida toʻsiq, bosimlarga uchrayaptimi?

Oʻtgan hafta yakunida ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh jurnalistlar va jamoat vakillaridan deb nomlangan murojaatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga yoʻlladi.
Jurnalist va blogerlar faoliyatida toʻsiq, bosimlarga uchrayaptimi?

Oʻtgan hafta yakunida ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh jurnalistlar va jamoat vakillaridan deb nomlangan murojaatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga yoʻllashdi.

Avvalo, shuni aytish joizki, keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab boʻlgan ushbu “murojaatnoma”da oʻtgan yillar mobaynida Oʻzbekistonda matbuot erkinligi muhiti sezilarli darajada shakllangani taʼkidlangan holda “hozirga qadar saqlanib qolayotgan yashirin, lekin kuchli senzura” bezovta qilishi, “tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy toʻsiqlar, bosimlar, qoʻrqitishlar saqlanib qolgani” aytiladi. Yana “matbuot oʻzi istagan mavzuni koʻtara olmayotgani” va “davlatning axborotni nazorat qilishga masʼul boʻlgan muassasasi tahririyat va blogerlarga mutassil ravishda bosim qilayotgani”ni iddao etilgan.

Ochigʻi, ushbu murojaat bundan 7-8 yil avval eʼlon qilinganda edi, ehtimol biror fikr bildirishga hojat boʻlmas edi. Negaki, bugun yurtimizda ochiklik siyosati, soʻz va matbuot erkinligi ustuvordir. Yaqin vaqt ichida hech bir tahririyat va mustaqil jurnalistlarga, blogerlarga bosim oʻtkazilayotganiga yoki biron-bir axborotning mazmun-mohiyatini oʻzgartirish yoki chiqmasligini talab qilish holatlariga guvoh boʻlmadik.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning soʻz erkinligi taʼminlanishida sobitligi, ochiqlik siyosati bu boradagi islohotlarning ortga qaytmas tus olgani, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha qoʻyilgan qadamlar matbuot sohasida keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Jumladan, uzoq yillar davomida yopib qoʻyilgan qator internet nashrlari ochildi, OAVda erkin faoliyat yuritish muhiti shakllandi, turfa “qora roʻyxatlar”ga barham berilganiga barchamiz shohidmiz. OAV vakillariga hech kim, biron-bir davlat tashkiloti “uni yozma, buni yoz” deyayotgani yoʻq. Jurnalist va blogerlarimiz mavjud muammolarni dadil koʻtarib chiqmoqda. Birgina 2023-yilning yanvar oyida matbuotda va internet nashrlarida hukumat va mahalliy boshqaruv organlari faoliyatiga daxldor 1300 dan ziyod tanqidiy materiallar eʼlon qilinganining oʻzi yuqoridagi fikrimizning dalilidir.

Ammo ming afsuski, ayrim jurnalist va blogerlar tomonidan soʻz erkinligini suisteʼmol qilish, matbuotdek muqaddas minbardan shaxsiy manfaat, soxta obroʻ-eʼtibor yoki boshqa gʻarazli maqsadlarda foydalanish hollari uchrab turibdi. Ularga qonuniy choralar koʻrilayotgani esa baʼzi bir jurnalist va blogerlar tomonidan bilib-bilmay noxolis talqin qilinmoqda.

Oʻzbekiston jurnalistlarining kasb etika kodeksiga, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga rioya etmasligi kabi salbiy holatlarni albatta, oqlab boʻlmaydi. Biroq ularni tartibga chaqirish, qonun asosida faoliyat olib borishga chorlash soʻz erkinligiga tajovuz, bosim yoxud senzura hisoblanmaydi!

Ommaviy axborot vositalari vakillarini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab kelayotgan davlatimiz rahbari “Men haqiqat va adolatni oʻz eʼtiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni islohotlarning faol ishtirokchilari deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida boʻladi” deya alohida taʼkidlagan.

Qolaversa, ayni kunlarda ham mamlakatimizda matbuot va soʻz erkinligi taʼminlanishini yanada kuchaytirish, bu borada qonuniylikni taʼminlash, jurnalist va blogerlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi belgilab qoʻyilayotgani, Axborot kodeksi loyihasi ishlab chiqilgani bunga yana bir yorqin misoldir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytishimiz mumkinki, bir guruh jurnalist va blogerlarning davlatimiz rahbariga murojaat yoʻllaganining oʻzi ham mamlakatimizda soʻz erkinligining ochiq ekanligidan dalolat beradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid