platina.uz
Jamiyat

Gazetalarning oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib, yolgʻizlanib qolishiga kim yoki nima sabab?

Gazetalarning oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib, yolgʻizlanib qolishiga kim yoki nima sabab?
Odamlarning hayotiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan har qanday vaziyatdan insonlarni xabardor qilish bugun OAV xodimlarining asosiy vazifasiga aylanayapti. Lekin bu funksiyani gazeta va jurnallar qanchalik toʻliq bajarayapti, degan savol oʻrtaga tashlanadi. MY5 telekanali tayyorlagan lavhada ana shu savolga javob izlangan. Toʻgʻri, asosan obuna haqida gap ketganda, ekspertlar “Majburiy obunani yoʻq qilish kerak emas edi” degan xulosani berishgan. Undan tashqari “Bugun matbuotda ayrim OAVda eʼlon qilinmaydigan, yaxshigina jurʼatni talab qiladigan materiallar berilayapti” deguvchilar ham bor. Hatto baʼzi ijodkorlar esa homiy muassasalardan xafaligini maʼlum qilishgan. Shu oʻrinda yana bir haqli savol: nima uchun matbuot yolgʻizlanib qolayapti? Bugungi kunda 1 500 nomdagi gazeta va jurnallar chop etiladi. Ularning oʻrtacha yillik obuna narxi 300 ming soʻmdan 1,5 million soʻmgacha. Lekin shunda ham odamlar deyarli gazeta ushlamay qoʻyishdi. Ijtimoiy tarmoqlarning taraqqiy etishi ham matbuotga boʻlgan eʼtiborning susayishiga olib keldi. Ammo ijtimoiy tarmoq matbuotchalik kishilarning savodini chiqara oladimi? “Matbuot nashrlari kerak. Ham savod uchun, ham dunyoqarash uchun kerak”,  deydi OʻzDJU Xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amrulla KARIMOV. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Olim TOShBOYeVning soʻzlariga koʻra, goʻyoki ayrim rahbarlar oʻzlarini yangicha fikrlayotgan kabi koʻrsatib gazeta kerak emas, degan fikrni bildirayotgan boʻlsa, ular jamiyatning, xalqning dushmani. “Shunday qilinsa Tamomila bir savodsiz avlod paydo boʻladi” deydi Olim TOShBOYeV. Oʻtgan asrning  90-yillarida va joriy asr boshida millionlab nusxalarda chop etilgan gazeta va jurnallar bugun 2,3 yoki 10 ming nusxada chop etilmoqda. Mavzular zerikarli deydiganlar topiladi. Aslida-chi? “XXI asr”, “Ishonch”, “Maʼrifat”, “Yoshlar ovozi”, “Oila va tabiat”, “Milliy tiklanish” singari gazetalarda teleradiokanallarimizda berilmayotgan mavzular koʻtarilgan. Shuning uchun matbuotga baho berishda juda ehtiyot boʻlishimiz kerak” deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Olim TOShBOYeV. Jurnalist Abubakr OʻRAZOVning fikricha, gazeta, jurnal oʻquvchilari gazetadan tezkor xabarlarni qidirmaydi. Tahliliy, tanqidiy materiallarning oʻqishga qiziqishadi. Shuningdek, bosma nashrlar boʻyicha majburiy obunaga qarash salbiy. Ijodkorlar 1,5 million soʻmdan 7 million soʻmgacha maosh olayotgan bir paytda nashrlar xarajatlarni qanday qoplayapti? Ustiga-ustak, davlat nashrlarida muassislar bilan munosabatlarda muammolar koʻpaymoqda. Bizda “Majburiy obuna” degan tushunchani yoʻq qilish kerak emas edi. Mobil versiyaga ega boʻlgan matbuot, elektron matbuot versiyaga ega boʻlgan davlatlarda ham bosma nashrlar, gazetalar, jurnallar muntazam chop qilinayapti. Bir necha yuz ming nusxalarda kuniga ikki marotaba nashr qilinadigan gazetalari bor davlatlar juda koʻp. Lekin negadir bu haqida gapirishmaydi. Matbuot bugun oʻzining yogʻiga oʻzi qovurilib qoldi” demoqda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Olim TOShBOYeV. “Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri Chori LATIPOV soʻzlariga koʻra, obuna mavsumi boshlanib qolsa, obunani tashkil etish, uning hisobotini olib borish jamiyatga qarshi harakat, deb baholanadigan boʻlib qoldi. “Muassislardan koʻp ham biz eʼtibor koʻrmayapmiz. Gazetada chiqqan maqolalarga nisbatan munosabat  boʻlsa, koʻtarilayotgan muammolarni oʻrganishsa, oʻrinli boʻlardi. Bu oʻz oʻrnida jurnalistikaning kuchini ham belgilaydi. Masalan, biz berilgan muammolarni  xat qilib chiqarardik. Baʼzilariga javob olmaganmiz” deydi “Maʼrifat” gazetasi xodimi Zilola MADATOVA. “Biz oʻsha obuna degan narsadan choʻchib qolganmiz. Hech boʻlmasa elektron variantini yaratish haqidagi Prezidentimizning qarorini koʻrsatib, qayd etib bir emas, hatto 10 lab muassasalarga murojaat qildik. Bizga eng alam qiladigani oʻsha muassasalardan “Biz homiylik qila olmaymiz” degan javob kelgani. Matbuot chin maʼnoda jamiyatga koʻzgu tutadigan erkin soʻz, erkin fikr uchun minbarga aylanishi kerak. Bunda biroz qaddi bukilgan va eʼtiborsiz qolayotgan gazeta va jurnallar haqida kim bosh qotiradi? Dilobar ASLIDDIN qizi
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid