Tojikistonda 10 marta zilzila boʻldi. Uning Oʻzbekistonga taʼsiri qanday?

Vohidxon ISMOILOV, Seysmologiya instituti professori: “Markaziy Osiyoda ham, Oʻzbekistonda ham doimo bu singari kuchsiz zilzilalar sodir boʻlib turadi. Qirgʻizistonda boʻlgan 4.5 magnitudali zilzila ham kuchsiz hisoblanadi. Bunaqa yer silkinishlari Oʻzbekiston hududida haftasiga 4-5 marotaba boʻlib turadi. Yaʼni 5 magnitudagacha boʻlgan zilzilalar kuchsiz hisoblanadi. 5 magnitudan yuqorisi kuchli zilzila hisoblanadi. Kuchli zilzilalarni oldindan prognoz qilib boʻlmaydi”.Mutaxassis bergan maʼlumotlarga koʻra, koʻpchilik magnituda va bal oʻlchovini bir xil, deb bilishadi. Aslida bu ikki xil oʻlchov parametrlari hisoblanib, odatda magnituda oʻlchovi bal oʻlchov birligidan pastroq raqamlarda ifodalanadi. Mutaxassisning tushuntirishicha, 5 magnitudali yer silkinishi taxminan 7 balli zilzila deganidir. Ushbu maʼlumotlarga tayanadigan boʻlsak, bugun Toshkent vaqti bilan tonggi soat 5.37 da Tojikistonda qayd etilgan 5,8 magnitudali zilzila 7 balni tashkil etgan. Shu bois Toshkentdan epitsentri 435 km janubi sharqda kuzatilgan 7 balli zilzila Oʻzbekiston hududlarida kuchli sezilgan. Mutaxassis Vohidxon ISMOILOVning qayd etishicha, Oʻzbekiston kuchli zilzila boʻlish xavfi muqarrar hudud sanaladi. Xususan, Toshkentda 8 balli zilzila boʻlishi muqarrar. Grinvichi hisobiga koʻra bu koʻrsatkichdagi zilzila 9 bal darajasida taʼsir koʻrsatadi. Ammo qachon boʻlishini oldindan aytib boʻlmaydi. Bunday imkoniyatga hali dunyo ilmi ham ega emas. Shu oʻrinda platina.uz sayti “Tojikistonda kuzatilgan 5,8 magnitudali zilzila bu Turkiya va Suriyadagi yer silkinishining taʼsiri emasmi?” degan savolga ham oydinlik kiritishga urindi.
Qahramon QOʻChQOROV, Seymoprognostik monitoring respublika markazi boshligʻi: – Turkiya va Suriyadagi zilzila tepada Yevroosiyo, pastda – shimoli-sharqda Afrika hamda arab plitalari tutash joyda hosil boʻlgan yer silkinishidir. Bizda kuzatilgan yer silkinishlari esa Hindiston va Yevroosiyo plitasi pastki hududida kuzatiladi. Yer silkinishlarining Oʻzbekistonga taʼsirini oldindan hech kim aytolmaydi, agar olimlar biror bir bogʻliqliklarni topmagan boʻlsa. Chunki bu borada bogʻliklar yoʻq va bu Yerda boʻladigan geodinamik jarayon. Ayni paytda kuzatuvlarga koʻra, biror bir maydonlarda yurtimizda kuchli zilzila boʻlishidan oldin kuzatiladigan anomal oʻzgarishlar yoʻq. – 5 magnitudagacha kuzatilgan zilzilalar qanchalik xavfsiz? Masalan, Tojikistonda bugun qayd etilgan zilzilalar orasida 5,8 magnitudalisi ham bor... – Bu zilzilaning chuqurligiga bogʻliq. Agar chuqurligi yuzaroqda boʻlsa, yer yuzasiga 5 magnitudali yer silkinishi ham anchagina taʼsirini koʻrsatadi. Agar chuqurlikda kuzatilsa, yer yuzasiga chiqqunicha 5 magnitudali zilzilaning jadalligi ancha soʻnadi. Yaʼni yer silkinishining yer yuzasiga taʼsiri chuqurligiga bogʻliq. Tojikistondagi 5,8 magnituda yer silkinishinig oʻchogʻidagi necha yuz metr chuqurlikdagi koʻrsatkich, u chuqurlikdan tashqariga chiqquncha atrofga taʼsiri ancha soʻnadi. Aynan Tojikistondagi zilzilaning, deylik, bizning hududimiz, toʻgʻrirogʻi vodiy viloyatlarida sezilgan taʼsiri 3-4 ball atrofida boʻldi.
Abbos IMOMOV
