platina.uz
Jamiyat

Bosh prokuratura: “Erkinlik va huquqlar bor joyda masʼuliyat va javobgarlik ham bor”

Bosh prokuratura: “Erkinlik va huquqlar bor joyda masʼuliyat va javobgarlik ham bor”
Oʻzbekistonda soʻz erkinligi, har kimning oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish erkinliklari konstitutsiyaviy huquq sifatida eʼtirof etilgan. Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ochiqlik siyosati, xalq bilan muloqotning sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanligi, jamoatchilik nazoratining kuchayishi, fuqarolarning ushbu huquqlardan keng foydalanib, oʻz fikrlari, mulohazalari, xulosalari va tanqidlarini erkin holda bildirishayotganligi ham inkor qilib boʻlmaydigan haqiqatdir. Ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar 31 milliondan oshgan internet foydalanuvchilarining juda ommabop fikr almashish maydoniga aylandi, ushbu imkoniyatlar nafaqat ijtimoiy, balki tadbirkorlik gʻoyalarini ham rivojlanishiga turtki boʻldi. Bu qadriyatlar va huquqlar har bir jamiyatning rivoji uchun katta ahamiyat kasb etishi barchaga ayondir. Erkinlik va huquqlar bor joyda albatta ikkinchi tomondan masʼuliyat va javobgarlik, boshqa uchinchi shaxslarning ham huquqlari, manfaati borligini unutmaslik hammaning burchidir. Shunday ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonun ustuvorligi va qonunlar ustidan nazorat qiluvchi idora sifatida, nafaqat soʻz erkinligining taʼminlanishi, balki bu boradagi qonunlarga rioya qilinishi, oʻzgalarning huquqlarini poymol qilinishining oldi olinishi va qonunda belgilangan choralar koʻrilishi masalalariga bir xil muhim vazifa sifatida qaraydi. Afsuski, axborot tarqatish va ulashish, umuman axborot maydonida boʻlayotgan jarayonlar va munosabatlar tahlili bu borada erkinliklarni suiisteʼmol qilish holatlari, tuhmat va haqorat qilish, soʻz erkinligini oʻz shaxsiy manfaatlari yoʻlida qurolga aylantirish, yolgʻon yoki chalgʻituvchi axborot tarqatish orqali oʻzining auditoriyasini kengaytirishga urinishlar avj olganligini koʻrsatadi. Keyingi vaqtlarda, OAV va Internet tarmogʻi orqali tuhmat va haqorat qilish, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotlar tarqatish holatlari koʻpayib bormoqda. Bosh prokuratura qonunlar bilan taqdim etilgan erkinlik va huquqlarni suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini, barqaror axborot makonida oʻzaro hurmat qilgan holda muloqot qilish, ayniqsa qonunlarda belgilangan tartib va talablarga soʻzsiz rioya qilish muhimligini yana bir bor taʼkidlash va eslatishni lozim deb hisoblaydi. Xususan, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 121-moddasida veb-sayt egasi, blogerlar fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi va boshqa axborotni tarqatishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan. “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida jurnalistning majburiyatlari qatorida oʻzi tayyorlayotgan materiallarining toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shartligi koʻrsatilgan. Oʻzbekiston qonunchiligidagi ushbu normalar axborot tarqatish sohasidagi xalqaro eʼtirof etilgan hujjatlar mazmuniga toʻla mos keladi. Masalan, Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi qabul qilgan Xalqaro jurnalist etikasi xartiyasining 10-bandiga koʻra, faktlarni notoʻgʻri talqin qilish (aslidan boshqacha qilib koʻrsatish), boʻhton, tuhmat va asossiz ayblash jurnalist kasbiy etikasining qoʻpol buzilishi hisoblanadi. Mazkur xartiyaning 13-bandiga koʻra, jurnalist matbuot erkinligidan oʻzining shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanmasligi, axborotni tarqatish yoki tarqatmaslik evaziga noqonuniy ravishda shaxsiy manfaat olishdan tiyilishi lozim. Hozirgi kunda “Telegram” kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorlik yuzasidan bir guruh fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonlarida ular advokat bilan taʼminlangan hamda qonunchilikda belgilangan boshqa huquq va erkinliklari toʻliq taʼminlanmoqda. Ushbu jarayon haqida tegishli maʼlumotlar toʻliq berib borilayotganiga qaramay, ayrim shaxslar tomonidan jarayonni huquqiy makon doirasidan chiqarib, oʻz subʼektiv talqini orqali ommani chalgʻituvchi axborotlar tarqatishga urinishlar boʻlmoqda. Shu munosabat bilan, Bosh prokuratura yana bir bor quyidagilarga eʼtiborni qaratadi. Birinchidan, ushbu holatlarning “soʻz erkinligiga tahdid” deb talqin qilinishi haqiqatga mutlaqo zid. Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan soʻz erkinligini taʼminlash borasidagi islohotlar davom ettirilishiga shak-shubha boʻlishi mumkin emas. Prokuratura organlari fuqarolarning ushbu huquqlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirishda davom etadi. Ikkinchidan, yuqorida taʼkidlanganidek, “soʻz erkinligi” kabi muhim qadriyatning oʻz shaxsiy manfaatlari yoʻlida qurolga aylantirishga hech kimning haqqi yoʻq va bunga yoʻl qoʻyilmaydi. Soʻz erkinligi boshqa shaxslarga nisbatan noqonuniy harakatlar amalga oshirish huquqini bermaydi. Mazkur jarayonda, ayrim shaxslar soʻz erkinligini niqob qilib olgan holda tovlamachilik bilan shugʻullanishi jamiyatda fuqarolik jamiyati institutlariga ishonchning soʻnishiga, jurnalistika va blogerlar hamjamiyatining obroʻsizlanishiga olib kelishi mumkin. Uchinchidan, har qanday sohada boʻlgani kabi axborot sohasidagi qonunbuzilishlar uchun ham javobgarlik muqarrarligi taʼminlanishi muhimdir. Jurnalistlik yoki blogerlik faoliyatini yuritish qonunlarni chetlab oʻtishga hech qachon asos boʻla olmaydi. Yuqoridagi huquqbuzarliklar boʻyicha vaziyatdan koʻrinib turibdiki, axborot maydonida tuhmat, haqorat, yolgʻon axborotni tarqatish kabi jinoyatlarga qarshi kurash bugun paydo boʻlib qolmagan, balki soʻz erkinligini taʼminlash bilan barobar ravishda muntazam kechayotgan jarayondir. Chunki axborot sohasidagi transformatsiya oʻz navbatida bu yoʻnalishda ham qonuniylikni taʼminlashni taqozo qiladi. Yuqoridagilarga koʻra, prokuratura organlari barcha jinoyat ishlarida boʻlgani kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlar boʻyicha ishda ham qonun ustuvorligini toʻliq taʼminlash, ishning toʻgʻri va adolatli hal etilishi uchun barcha nazorat funksiyalarini amalga oshiradi. Har bir gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga ayblovdan himoyalanish uchun qonunda nazarda tutilgan barcha vosita va usullardan foydalanish imkoniyati beriladi. “Telegram” kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlar boʻyicha ish mohiyatini buzib koʻrsatish, yolgʻon axborot tarqatishga boʻlgan urinishlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Odil sudlovni amalga oshirishda toʻsqinlik qilish, sud va tergov jarayoniga aralashishga boʻlgan urinishlarga qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻriladi. Oʻz navbatida, Bosh prokuratura ommaviy axborot vositalari, shu jumladan blogerlar bilan hamkorlikka doimo tayyor ekanligini bildiradi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid