platina.uz
Tahlil

“Ibrat farzandlari”: umidlarni, orzularni amalga oshirish uchun katta loyiha ishga tushdi

“Ibrat farzandlari”: umidlarni, orzularni amalga oshirish uchun katta loyiha ishga tushdi
Koʻpchilik yigit-qizlar chet tillarini oʻrganishga qiziqishadi. Buning uchun oʻquv markazlariga murojaat qilishadi. Yurtimizdagi oʻquv markazlarining narxi oʻrtacha 300-400 ming soʻmni tashkil etadi. Xoʻsh, ikki yoki uch bolani oʻqitayotgan, moliyaviy qiyinchilikka duch kelayotgan ota-onalarda buning uchun sharoit yetarlimi? Bugungi kunda ana shunday umidlarni, orzularni amalga oshirish uchun katta loyiha ishga tushdi. Bu “Ibrat farzandlari”. Biz bugun ana shu loyihaning rahbari  Rustam QORIYeV bilan “Ibrat farzandlari”ning faoliyati, istiqboli, rejalari va oʻz oʻrnida muammolari haqida gaplashamiz.

https://youtu.be/EDQC3LFikbg – Men 8-9 yil oldingi vaziyatni esladim. Ingliz tilini endi oʻrganayotgan paytim edi. Malayziyaga ketib, yana Oʻzbekistonga qaytib kelgan paytlarimda hatto ILETS olish uchun ustozimdan yordam soʻraganman. Baʼzilar qatori menda ham moliyaviy imkoniyat juda yaxshi boʻlmagan. Hozir avvalgidek emas, muhtaram yurtboshimizning yoshlarga, taʼlimga bergan imkoniyatlari, umuman xorijiy tillarga boʻladigan eʼtiborlari katta. “Biz oldimizga qoʻygan maqsadlarimizga eng kamida ikkita xorijiy tilni mukammal bilmasak erisha olmaymiz” degan fikrlari menga motivatsiya boʻladi. Chekka hududlar miqyosida ham u yerdagi yoshlarning oʻrniga oʻzimni qoʻyib ayta olaman: chet tilini oʻrganish uchun qoʻshimcha kursga borishga hammaning ham sharoiti yetarli emas. Shu sababli oʻquvchilar nafaqat ingliz tili, balki boshqa xorijiy tillar boʻyicha ham repetitorga borib yoki boshqa usulda oʻrganadigan darslarini masofadan turib bemalol sifatli oʻrganishlariga imkoniyat, sifatli kontent yaratishni maqsad qildik. Ikkinchi xohishim: bu haqida yurtboshimiz ham alohida taʼkidlaganlar, ushbu loyihada jadidlarimiz xususan, Ishoqxon Ibrat bobomizni oʻrnak qildik. Chunki ular 5 ta tilda bemalol gaplasha olganlar va bepul tahsil berganlar. Darslarni avval ingliz tilida boshladim. Hozirda bundan tashqari, yana 10 dan ortiq xorijiy tillarda 300 ga yaqin videolarni “Youtube” platformasiga joyladik. – Loyiha boshlanayotganda uning imkoniyatlari, kuchli tomonlari, unga boʻlayotgan munosabatlar va toʻsiqlar inobatga olinishi kerak. Toʻgʻri, bugun “Ibrat farzandlari” loyihasi anchagina ommalashdi. Birinchidan tekin, ikkinchidan darslik hammaning qoʻlida boʻladi. Shu oʻrinda savol tuiladi: loyihaning kelajagi bormi? – Avvalo bu bir kishining emas, butun bir jamoaning ishi. Qolaversa, bu loyiha Yoshlar ishlari agentligi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Shaxsan Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayevning oʻzlari ushbu loyihaning boshida turib, birga juda koʻp yordam berib yoʻl-yoʻriq koʻrsatmoqdalar. Hamma loyihada “Start UP” boʻladi. Hatto kam miqdordagi mablagʻ bilan qisqa fursatda ommaga sifatli mahsulot yetkazib berish ham mumkin. Biz “Qisqa vaqt ichida bepul sifatli taʼlimni qanday qilib bersak?” deya juda koʻp oʻyladik. Hatto xatolarni toʻgʻirlashda tinglovchilar tomonidan kelayotgan takliflar ustida ham ishlab, harakat qilib, uni yanada mukammal qilish lozim. Avvaliga juda koʻp qiynaldik ham. Dastlab mening bir oʻzim edim. Keyinchalik operator, montajchilardan tortib hatto oʻqituvchilarning maqsadi ham bir boʻlishi kerakligini inobatga olib hammani saralab tanlab oldik. Tajribali ustozlar ham anchagina, baʼzida kamera bilan ishlashda biroz noqulayliklarga duch keladigan holatlar ham kuzatildi. Shunga qaramay, biz buni uddaladik va 10 dan ortiq ustozlarni bir joyga jamladik. Shuningdek, “Darslarni ommaga qanday qilib koʻrsatib berish kerak?” degan savol oldimizda koʻndalang turardi. Doskadan foydalanish bu eski usul yoki smartbook bilan namoyish qilish ham vaqtimizni koʻp oʻgʻirladi. Shundan soʻng maxsus dastur orqali, yaʼni fotoshop (Adobe Photoshop)ning boshqacha turi bilan taqdimotlar qilish talqiniga toʻxtaldik. Albatta mutaxassis yordamida biz bu masalaga ham yechim topdik. Baʼzi bir insonlar “Bepulligi uchun sifatsiz” degan qarashlar bilan munosabat ham bildirishdi. Biz shu oʻy-xayollarga barham berishga, yaʼni bepul degani sifatsiz emasligini isbotlashga harakat qilyapmiz. – Hozirda nechta tilda darslar olib borilmoqda? – 10 dan ortiq. Oʻzbek tilini ilk marotaba oʻzining grammatikasi bilan rusiyzabonlarga va xorijliklarga oʻrgatayapmiz. Ikki tilda olib borayotgan bu ishimiz juda katta natija berayapti. Hatto shunday usullarni tanlayapmizki, oʻzbek tilini oʻzimizning milliy musiqalari, misol uchun “Mahallada duv-duv gap” filmidagi qoʻshiqlar yordamida chet elliklarga oʻrgatmoqdamiz. Bu uslub uchun hatto izohlarda ham rahmat eshitmoqdamiz. – Sizlar olib borayotgan darslar qaysi darslik yoki oʻquv mashgʻulotlari qaysi metodika asosida amalga oshirilmoqda? – Biz bu borada aynan bir yoki ikkita chet el oʻquv qoʻllanmalaridan olishga harakat qilmayapmiz. Koʻproq qoʻllaydigan darsliklarimiz Kembridj, Oksford taʼlimi va boshqa kitoblar. Bizning afzal yondashuvimiz bu hamma tilni noldan oʻrgatishdir. Biz oʻzimizning umummilliy dasturni yaratishga harakat qildik. Ingliz tilidan biror manbani olishimiz mumkin. Ammo uni oʻzimizning oʻzbek tiliga oʻzlashtirishga harakat qildik. Deylik, ingliz tilidagi namuna oʻrniga Said Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻoloni”dan iqtibos keltirish va shunga oʻxshash misollar. Bu orqali nafaqat chet tilini, balki oʻzimizning milliyligimizni va oʻzbek adiblarini yaqindan tanishimiz, ayniqsa, yoshlar uchun juda ham ahamiyatli. Qolaversa, yapon tili markazimizdagi ustozimiz tomonidan aynan yapon millatiga mansub boshqa bir oʻqituvchini auditoriyaga taklif qilib, ular bilan muloqot tarzida tashkil etilgan mashgʻulotlar tinglovchilarning ushbu tilni yanada mukammal oʻzlashtirishlariga amaliyot boʻlib xizmat qilmoqda. Biz oʻrgatayotgan oʻquv mashgʻulotlarida soʻzning oʻzini, maʼnosini emas, balki kontekstda kelishini oʻrgatishdir. Yaʼni mashhur aktyor Bryus Lining ham bir gapi borku, “1000 ta zarbani bilgan odamdan emas, balki bitta zarbani ming marotaba tajribadan oʻtkazgan odamdan qoʻrqaman”, degan. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, loyiha orqali 1000 ta soʻzni yodlab muloqotga kira olmaslik emas, balki 500 ta soʻz bilan ham oʻzining fikrini bayon qilib, professionallikka intilish koʻnikmasi oʻzlashtirilmoqda. – Loyihani kelajakda davom ettirishda qanday muammolarga duch kelinayapti? – Bizni ikkilantirayotgan jihat yoshlarga nafaqat xorijiy tillarni oʻrgatish, balki ularni toʻgʻri kasbga yoʻnaltirish. Bu boʻyicha ham biz mutaxassislar bilan ish olib bormoqdamiz. Bu birinchisi. Ikkinchisi esa bizdagi hozirgi muammo shuki, ayni paytda bizni faqat videodarslarda kuzatishmoqda. Kelgusida biz tinglovchilar bilan muloqotga kirishni maqsad qilganmiz. Natijada oʻquvchilarning qay darajada darslarni oʻzlashtirganini biz nazorat qilib borishimiz mumkin boʻladi. Lekin bizni rejamizda bor va bu amalga oshyapti. Yaʼni yaqin oylarda biz oʻzimizning umummilliy ilovamizni taklif qilishga harakat qilyapmiz. Har xil darslarga oid testlar, yozma tariqasida esselar, qoʻyingki, boshqa mahorat darslari ham boʻladi. Bolalar u yerdan nafaqat videodarslarni oʻrganishadi, hatto ustozlari bilan ham muloqot qilishadi. Yana bitta yangiligimiz bor: Namangan viloyati miqyosida birinchi talqinini taqdim etdik. Tillar marafonini oʻtkazdik. Jamoamizdagi 5-6 nafar professional ustozlar bilan kelayotgan bahor oylaridan boshlab hududlarga borib onlayn marafon oʻtkazamiz.
ESLATIB OʻTAMIZ: “Ibrat farzandlari” Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib oʻzbek tili grammatikasini onlayn oʻrgatish tizimizni hamda xorijliklarga oʻzbek tilini oʻrgatishni yoʻlga qoʻygan loyiha hisoblanadi.
Suhbatdan anglash mumkinki, demak loyiha orqali xorijiy tillarni oʻrganishni trendga chiqarish maqsad qilingan. Shu oʻrinda loyihadagi oʻqituvchilar fikri bilan ham qiziqdik. Chunki loyiha kuzatuvchilarini oʻqituvchilarning vaqti, moliyaviy imkoniyati ham qiziqtirmoqda. Mahfuza ORTIQOVA, “Ibrat farzandlari” oʻqituvchisi: – Oʻzbekistonda hozirgi kunda yoshlar qiziqadigan tillar bu ingliz, koreys va turk tillaridir. Lekin dunyoda ispan tili hozirgi kunda rivojlanishi, qoʻllanilishi, Birlashgan millatlar tashkilotining tili sifatidagi ahamiyati bilan ingliz tilidan keyingi ikkinchi oʻrinda turadi. Shu maqsadda ham “Ibrat farzandlari” loyihasiga taklif qilishganda, ushbu loyihada ishlashga qaror qildim. Asosiy maqsadim esa loyiha imkoniyatlari orqali ispan tilini goʻzal tilligini koʻrsatish, dunyodagi ahamiyatini yoshlarimizga tushuntirish. Shuningdek, oʻzbek tilida xorijiy tillarni oʻrgatuvchi kontent kam. Shu bois bu loyiha bir yoki ikki oyda tugab qolmaydi. Buning juda katta istiqboli bor. Bu loyihaga davlat rahbari tomonidan eʼtibor berilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Mana yaqinda Namanganda boʻlib oʻtgan yoshlar bilan uchrashuvda davlatimiz rahbariga “Ibrat farzandlari” loyihasi haqida ham axborot berishdi. Bundan Prezident juda ham xursand boʻldi. Bu loyihaning nafaqat “youtube” orqali, balki darsliklarini yaratishni ham topshiriq qilib berganlar. Prezident qoʻllab-quvvatlagan bu loyiha oʻz oʻrnida xayrli tashabbuslardan, desak mubolaa emas. Loyiha haqida uzoq gapirish yoki toʻxtalishga hojat yoʻq. Negaki, allaqachon loyiha ishtirokchilari va kuzatuvchilari izohlarda qoldirayotgan mazkur loyiha haqidagi munosabatlarning oʻzi ham xulosa qilishga kifoya qiladi. Biz loyiha jamoasiga va tashabbuskorlariga omad tilaymiz.


Muslima OMONQULOVA suhbatlashdi

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid