Besh yil ichida Oʻzbekistonga kelayotgan turistlar soni ikki barobarga oshdi

Maʼlumot uchun: Dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari Oʻzbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Taqqoslaydigan boʻlsak, Qozogʻistonga 26 ta, Turkiyaga 41 ta, Gruziyaga esa 56 ta mamlakat fuqarolari vizasiz kela oladi.
2022-yilda Oʻzbekistonga kelgan sayyohlar soni 2021-yildagiga nisbatan 3,4 million kishiga koʻp boʻldi va oʻsish 2,8 barobardan ham ortiqni tashkil etdi. Buning natijasida turizm xizmatlari eksporti sezilarli darajada oshdi. 2017-yilda turizm xizmatlari eksporti 546,9 million AQSh dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 2,9 barobar oshib, 1610,5 million dollarni tashkil etdi.
2017-2022 yillarda xizmatlar eksportining umumiy hajmida turizm xizmatlari eksportining ulushi 1,8 barobar oshdi. Agar 2017-yilda bu koʻrsatkich 22,1% ni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 40,7% ga yetdi.
Turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar samarasi sohaning salohiyati katta ekanligidan dalolat beradi. Oʻzbekistonning jahon miqyosida turistik jozibadorligini oshirish uchun turizmning etnik va ekologik turizm kabi yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida tematik festivallarni tashkil qilish taklif etilmoqda.