platina.uz
Jamiyat

Kim boy: xalqimizmi yoki davlatimiz?

Kim boy: xalqimizmi yoki davlatimiz?
Bu savolning javobini juda koʻp oʻylaganman. Xuddi davlat gʻaznasida pul koʻp va uni fuqarolardan qizgʻanishadi. Lekin men hech qachon davlatimiz boy deganda nimani nazarda tutishlarini bilolmaganman. Uni qanday oʻlchash mumkin? Lekin bilganim shuki, 5 milliondan ziyod oʻzbekistonlik oyiga 500 ming soʻm ham ishlab topmaydi. Davlat puli biz toʻlaydigan soliqlardan shakllanadigan byudjet deb atalmish “qop”da yigʻiladi. 2023 yilda bu koʻrsatkich 232,1 trln. soʻmni tashkil etdi. Yaʼni mazkur yilda nimadir qilish uchun bizda shuncha pul bor. Ammo Senat raisi aytganidek, bu 2023 yildagi xarajatlar uchun kamlik qiladi. Masalan, davlat xizmatchilariga oylik berish lozim, yoʻllarni taʼmirlash kabi ishlar ham kutib turibdi. Biz bilgan oʻsha boylik kam, afsuski. Byudjetimizni solishtirish uchun 2020 yilgi maʼlumotlarga qarash kifoya. Qoʻshnimiz Qozogʻiston byudjeti Oʻzbekistonnikidan salkam 1 mlrd. dollarga koʻp. Oltin zaxiralarimiz va konlarimiz borku, deyishingiz mumkin. Haqsiz bor, lekin... Lekin oltin zaxiralari davlatlarning shoshilinch vaziyatlariga, masalan, Sardoba fojiasi yoki anomal sovuqda “svet”, gaz kabi masalalarning tezkor yechimi va qarz olishdagi "kafolat" uchun kerak. Yaʼni oltinlarimiz har doim ham ishlatib yuboriladigan pullar tarkibida boʻlmaydi. Oʻzbekiston oltin zaxiralari 2023 yil 1 yanvar holatiga koʻra, 35,8 mlrd dollarni tashkil etib, davlat boʻynida deyarli 30 mlrd. dollar qarz bor. Joriy yilda yana qarz olish rejalashtirilgan. Yana mamlakatlar yalpi ichki mahsulot hajmi (ishlab chiqarilgan barcha tovar va xizmatlar qiymati) juda muhim. Negaki davlatlarning iqtisodiy salohiyati shu bilan oʻlchanadi. Bu koʻrsatkich 2022 yilda deyarli 900 trln. soʻmni tashkil etdi. Qozogʻiston bu borada ham 3 karra oldinda. Yalpi ichki mahsulot hajmi aholi jon boshiga 2255 AQSh dollariga teng. Bu boradagi dunyo reytingini koʻradigan boʻlsak, Oʻzbekiston quyi pogʻonada joylashgan. Endi sarlahadagi savolga javobni oʻzingiz topib olavering. Menimcha, esa davlatning asosiy boyligi insonlardir. Shunday ekan, eng avvalo xalq qorni toʻq, usti but boʻlishi shart va zarur. Ammo bu oʻrinda qoʻsha-qoʻsha mashinayu, katta-katta imoratlar egasi boʻlgan, xorijlarda hisob raqamlari bor va davlat ishonib bergan pullarni oʻz nafsiga ishlatayotgan mansabdorlar, qoʻpolroq qilib aytganda “byudjet oʻgʻrilari” mustasno. Bobur ShAVKATOV
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid