platina.uz
Tahlil

Tabiat hodisalari oldida inson ojizmi?

Tabiat hodisalari oldida inson ojizmi?
Urbanizatsiya (shaharlashish), yaʼni odamlarning shaharlarga intilishi tabiiy jarayon boʻlib, ayni paytda bu butun dunyo boʻylab tez surʼatlarda oʻsib boryapti. Shunday ekan, koʻp qavatli binolarga talab ham oʻz-oʻzidan ortadi, ularning soni koʻpayadi. Tabiat hodisalari oldida insonning ojiz qolishi koʻp bor isbotlangan va isbotlanyapti. Bugun halokatli zilzilalar va ulardan qanday omon qolish haqida gaplashamiz. Shaharlarni yomon loyihalashtirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bugun Turkiya va Suriya misolida koʻrib turibmiz. 30 soniya ichida millionlab odam oʻlib ketishi hech gap emas. Bunga qarshi chora bormi oʻzi? Ishonish juda mushkul boʻlsa-da, bunday halokatdan omon qolishning yagona yoʻli shaharlashtirishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishdir. Bu borada yana yaponlardan oʻrnak olsa, arziydi. Eng seysmik hududda joylashgan Yaponiyada halokatli zilzilalar koʻp kuzatilgan. Eng oxirgisi 2011 yilda boʻlib, unda binolar, koʻpriklarga deyarli ziyon yetmaganini koʻrish mumkin. Masalan, 2010 yilda Gaitida yuz bergan yer silkinishlari oqibatida qariyb 100 mingta bino vayron boʻlgan: maktablar, shifoxonalar, hukumat binolari, qamoqxonalar, mehmonxonalar, cherkovlar, butun boshli mavzelar... Qurbonlar judayam kam boʻlgan zilzilalar ham bor. Masalan, Kaliforniyadagi kuchli zilzilada jami 63 kishi halok boʻlgan. Chunki San-Fransiskodagi binolar odamlarni saqlab qolgan. Shahar infratuzilmasi juda yaxshi va mustahkam tuzilgan. 1995 yilda Kobe (Yaponiya) zilzilasida 200 ming bino vayronaga aylangan. Shundan soʻng olimlar zaruriy choralarni koʻrishga qaror qilishgan, ularning hayoti oʻz qoʻllarida ekanini tushunib yetishgan. Ular binolar va koʻpriklarni mahkamroq qurishga tushishgan. Masalan, koʻprik ostiga rezina bloklar qoʻyishgan, binolarni domino uslubida qurishgan. Binolarga qoʻshimcha tirgaklar, himoyalovchi izolyatsiyalangan prokladkalar gidravlik amortizatorlar joylashtirishgan. Zilzila roʻy berishidan 1 daqiqa oldin seysmologlar ogohlantirishgan, Yaponiya xalqiga SMS xabarnomalar yuborilgan. Bino liftlari eng yaqin qavatga tushirilgan va eshiklari ochib qoʻyilgan. Jarrohlik amaliyotlari toʻxtatilgan. Tokidagi zilzila videolarini koʻrsangiz, osmonoʻpar binolar joʻxori poyalardek tebranishiga guvoh boʻlasiz, ammo birortasi qulamagan. Xuddi shunday shaharsozlik loyihasi bilan Yangi Zelandiya ham maqtana oladi. Krayscherch shahridagi kuchli zilzilada binolar deyarli qulamagan, talafot juda kam boʻlgan. Demak, zilziladan imkon qadar omon qolish va kam sonli qurbonlar bilan qutulish imkoni bor. Buning eng birinchi va muhim omili qurilishlar sifati. Xoʻsh, Oʻzbekistonda ahvol qanday? Avvalo shuni aytish kerakki, Oʻzbekistonda shaharsozlik boʻyicha hali birorta bosh reja tasdiqlanmagan, uy qurilishlari kimoʻzarga aylanib ketgan, yerlar sotib yuborilgan. Bu gaplar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilgan. Aynan shuning uchun ham Toshkentning sobiq hokimi ishdan olingandi. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining aytishicha, Oʻzbekistonda qurilayotgan binolar 9 ballgacha zilzilaga bardosh berishi kerak. Shundagina unga ruxsat etiladi. Vazirlik mulozimi binolar shunday qurilgan, deb bemalol ayta olmagani ham xavotirga soladi. Qolaversa, seysmik halokatlarni Fanlar akademiyasi aniqlaydi va baholaydi. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil oktabrdagi qarori bilan obʼektlarning zilzilaga bardoshliligi boʻyicha xulosani aynan akademiya beradi. Seysmik faol hududlarda qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub bino va inshootlarga zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, loyiha-smeta hujjatlari ilmiy xulosalar olish hamda ekspertizadan oʻtkazish uchun buyurtmachi tashkilotlar tomonidan Qurilish vazirligiga taqdim etiladi. Hujjatlar tushgan kundan boshlab 3 kun muddatda Qurilish vazirligi ilmiy xulosalar olish uchun Fanlar akademiyasiga yoʻnaltiradi. Bir kun muddatda obʼektlarning zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy tajriba-sinovini amalga oshirish uchun buyurtmachi tashkilotlar Fanlar akademiyasiga qogʻoz yoki elektron shaklda buyurtmanoma taqdim etadi va buyurtmanomaga loyihalar, ishchi chizmalar va boshqa zarur hujjatlarni ham ilova qiladi. Fanlar akademiyasi 10 ish kuni davomida buyurtmachi tashkilotlar bilan loyiha-smeta hujjatlari asosida shartnoma rasmiylashtiradi va ularni nazariy va amaliy tajriba sinovidan oʻtkazadi. Fanlar akademiyasi 1-3 oygacha (ish hajmidan kelib chiqib) muddatda ilmiy tajriba-sinov natijalari asosida ilmiy xulosa qabul qiladi va 3 ish kuni davomida zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosaning nusxasini buyurtmachiga yetkazadi. Shartnoma shartlari toʻliq bajarilganda zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosaning asli va taqdim etilgan hujjatlar Fanlar akademiyasi tomonidan buyurtmachiga beriladi. Koʻrib turibsizki, bitta binoni qonunga amal qilgan holda qurishni boshlash uchun oʻrtacha 3 oy vaqt ketadi. Oʻzbekistonda barcha qurilishlar shunday jarayondan oʻtadi, deb oʻylaysizmi?

ZAHIRIDDIN

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid