Nega hali ham ”zapravka”larda turnaqator navbatlar boʻlyapti?

Poytaxtimizdagi bir nechta AGTKShlarda olib borgan surishtiruvimizda maʼlum boʻldiki, vaziyat talab darajasida emas. Vazirlik maʼlum qilgani kabi gaz “zapravka”larning bosqichma-bosqich faoliyati qayta tiklanib, haydovchilarga xizmat koʻrsatayotganini koʻrmadik. Oradan 2 hafta oʻtib ham eng talab yuqori boʻlgan gaz “zapravka”lar hali ham yopiq. Bu oʻrinda haydovchilarda faqatgina bitta tanlov – benzindan foydalanish bor. Bu vaziyatda esa AYoQShlarida yuzaga kelayotgan turnaqator navbatlar har qanday haydovchini tashvishga solmay qolmaydi. AI80 markali benzin 5 700 soʻm miqdorida qilib belgilangan. Ammo baʼzi bir AYoQShlarda bu koʻrsatkich 6 000 soʻmni tashkil etmoqda. Haydovchilar esa gaz “zapravka”lar hali ham faoliyatini talab darajasida va yoki umuman tiklamaganidan tashqari benzin quyish uchun AYoQShlardagi navbatlarni, kunning yarmini yoqilgʻi quyishni kutib oʻtkazayotganlarini taʼkidlashdi. Aslida biz faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishi aytilgan gaz “zapravka”lardagi vaziyatni bilishni maqsad qilgandik. Ammo afsuski bir necha manzilda boʻlganimizda gaz “zapravka”lar bosqichma-bosqich faoliyati yoʻlga qoʻyilishi borasidagi vaʼdalar amalda isbotini topmadi. Shu oʻrinda Energetika vazirligining yana bir necha muhim maʼlumotlariga eʼtibor qaratishni lozim topdik.
Yaʼni qayd etilishicha, quvurlarda gaz bosimini bir meʼyorga keltirish va ushbu meʼyorni saqlab turish uchun AGTKShlari qisqa vaqt oraligʻida reja-grafik asosida faoliyat yuritib boradi. Ularning faoliyat yuritish vaqti hududlar sharoitidan kelib chiqqan holda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan tarzda amalga oshiriladi. Nahotki bu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun shuncha uzoq vaqt talab qilinsa? Yoki mahalliy hokimliklar bilan kelishish shuncha qiyinmi?
Eng muhim maʼlumotlardan yana biri esa bu vazirlik tomonidan bir hafta ichida metan “zapravka”larga kunlik berilayotgan gaz miqdori 1 mln. kub metrdan 5 mln.ga oshirilishi bildirilgan. Joriy hafta oxirida esa vodiy viloyatlaridagi AGTKShlarning bosqichma-bosqich faoliyatini tiklash choralari koʻrilmoqda. Ammo yuqorida keltirilgan voqealar zanjiri – “zapravka”lardagi holat va haydovchilarning fikrlari bu chora-tadbirlarning ham amaliy natijasini yana qancha kutarkanmiz, degan savolga sabab boʻlishi shubhasiz. Biz vaziyatni xolis koʻrsatishga harakat qildik. Qissadan hissa boʻlib tugʻilgan savol esa shunday: haydovchilar gaz “zapravka”lar talabga mos faoliyatini tiklashini yana qancha kutishga majbur boʻlishadi?
Abbosjon IMOMOV
