platina.uz
Jamiyat

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovga suiqasd, oʻq yegan oʻt oʻchiruvchi, qurbon boʻlgan begunohlar

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovga suiqasd, oʻq yegan oʻt oʻchiruvchi, qurbon boʻlgan begunohlar
Bundan 24 yil oldin Oʻzbekiston tarixidagi ilk terakt sodir boʻlgan. Bu mudhish hodisa mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimovga nisbatan suiqasd deya baholangan. Toshkent shahrining bir necha joylari, shular qatorida Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida sodir boʻlgan terrorchilik xurujlar natijasida, 16 nafar inson hayotdan koʻz yumgan hamda 100 dan ortiq kishi jarohatlangan edi. Qabih reja amalga oshirilishi moʻljallangan vaqtda  Vazirlar Mahkamasi binosida majlis oʻtkazilishi va unda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ishtirok etishi kerak edi. 1998-2000 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi boʻlgan Azamat ZIYo oʻsha mudhish kunni shunday eslaydi:Oʻsha kuni taxminan 9:45 larda avtomatdan otilgan oʻq ovozini eshitib qoldik. Keyin men prezident soqchilarining biridan prezident kelgan, kelmaganini soʻradim. Soqchi prezident deyarli kelib boʻlganini aytdi. Men pastga qarab yugurdim. Shunda 3-qavatlarga yetganimda judayam kuchli portlash sodir boʻldi”. Portlash sodir boʻlgan oʻsha daqikalarning oʻzidayoq xavfsizlikni saqlash idoralari, ichki ishlar va oʻt oʻchirish xizmati xodimlari voqea joylariga yetib borishdi va oʻz ishlarini tezkor ravishda ishga kirishdilar. Erkin JUMAYeV, oʻt oʻchiruvchi, voqea guvohi: Portlash sodir boʻlganda men oʻz xonamda oʻtirgandim. Portlash sodir boʻlishi bilan darrov dispetcherlar bilan ulandim va sababini soʻradim. Portlash boʻlganini aytishdi. Darrov guruhga portlash boʻlgan joyga yongʻin oʻchirish mashinalarini yuborish haqida buyruq berdim. Oʻzbekiston tarixiga yozilgan oʻsha fojiali kunda begunoh vatandoshlarimiz halok boʻldi. Yuzlab insonlar yaralandi. Yana bir voqea guvohi boʻlgan oʻt oʻchiruvchi Shuhrat RAIMOVning xotirlashicha, odamlarni u yoqqa-bu yoqqa qochishini taʼminlash uchun urinayotganda, otishma boʻlayotganini bilgan. “Shunda qornimdan 2 ta oʻq yeganman” deya eslaydi u mudhish voqeani. Azamat Ziyo esa oʻsha vaziyatda Prezident Islom Karimovning bu mudhish voqeaga oid qatʼiy qarorini shunday eslaydi: “Prezident orqaga qaytib ketdi, deganlaridan keyin Prezident devoniga qarab ketdim. Eng qizigʻi, prezident kabinetidagi xonalar hammasi zirhlangan oynalar edi. Ular taram-taram boʻlib ketgandi. Oʻsha ahvolni koʻrgandan keyin men Islom akaga boshqa xavfsizroq joyga oʻtasizmi, balki, desam, u kishi bu gapni bir marta gapirding, boshqa gapirmagin, dedilar. Bu nafaqat menga qaratilgan, balki eng avvalo, xalqimizga, davlatimizga va mustaqilligimizga qarshi qaratilgan xurujdir, dedi. U kishi har qanday sharoitda, nima boʻlmasin, oʻz hayot prinsiplaridan voz kechmasligini aytib, voqea joylariga ketdi”. Voqea joyiga yetib borishni oʻz vazifasi deb bilgan Birinchi Prezident Islom Karimov har qanday xavf-xatarning sharpasidan choʻchimay, voqea joyiga ishonch va qatʼiy bilan kirib keldi. Azamat Ziyoning qayd etishicha, voqea joylarini koʻzi bilan koʻrgan Birinchi Prezident Islom Karimov intervyu berishni lozim topgan. Aynan shu intervyu vaqtida esa orqada yana bitta portlash sodir boʻlgan. Shu voqealar manzarasida esa Birinchi Prezident Islom Karimov xalqqa murojaat qilgan: “Xalqimizga, aholimizga mana shu yerdan turib murojaat qilmoqchiman, vahima boʻlmasin. Agar menga yordam bermoqchi boʻlsangiz, vahima boʻlmasin. Kuchimiz yetadi. Bularning hammasini joy-joyiga qoʻyish, kerak boʻlsa, bu muttahamlarni nafaqat joyiga qoʻyish, qoʻlini kesib tashlashga ham qurbimiz yetadi, kuchimiz yetadi. Xalqimiz shuni bilsin”. Azamat Ziyo esa voqeani xotirlarkan, Birinchi Prezident Islom Karimovning oʻziga xos shijoati, jasorati va mardligiga isbot boʻla oladigan yana bir faktni ochiqladi: “Oʻsha kuni Vazirlar Mahkamasining yillik majlisi boʻlishi kerak edi. Shu majlis baribir boʻldi. Soat 13:00 da Oliy Majlis binosida boʻldi”. Bugun bundan 24 yil avval Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shaharida sodir boʻlgan mudhish voqea – qoʻporuvchilik harakati ana shunday ogʻriqli xotiralar bilan yodimizda qolgan va buni aholimizning oʻrta yoshdan yuqori qatlami yaxshi eslaydi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid