“Turkiya qiyin paytlarda yordam qoʻlini choʻzganlarni unutmaydi” – Rajab Toyyib Erdogʻan

“Turkiya qiyin damlarda choʻzilgan yordam qoʻlini unutmaydi”, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan BAA tashabbusi bilan tashkil etilgan Jahon hukumati sammiti ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaatida.Davlat rahbari avvalroq sammitda shaxsan ishtirok etishni rejalashtirganini, ammo rejalar 6 fevral kuni sodir boʻlgan 7,7 va 7,6 balli zilzilalar munosabati bilan qayta koʻrib chiqilganini taʼkidladi.
“Katta miqyosdagi tabiiy ofatlar oqibatlarini Turkiyaning oʻn viloyatida 13,5 million kishi his qildi. Yer silkinishlari 500 km.lik hududda sezilgan. Afsuski, katta vayronagarchilik yuz berdi. Olimlarning taʼkidlashicha, bu zarbalar 500 ta atom bombasi portlashiga teng”, - dedi siyosatchi.Uning soʻzlariga koʻra, Turkiya nafaqat oʻz tarixidagi, balki insoniyat tarixidagi eng yirik tabiiy ofatlardan biriga duch keldi. Prezident, epitsentri Turkiyaning Qahramanmarash shahrida boʻlgan vayronkor zilzilalar zonasida faoliyat olib borayotgan qidiruv-qutqaruv guruhlari oʻtgan toʻqqiz kun ichida 8 mingdan ortiq odamni vayronalar ostidan qutqarganini aytdi.
“Afsuski, qulagan minglab uylar vayronalari tozalanishi bilan qurbonlar soni ham ortib bormoqda. Zilziladan jabr koʻrgan 81 mingdan ortiq Turkiya fuqarosining baʼzilari shifoxonalardan chiqarildi. Qidiruv-qutqaruv guruhlari vayronalar ostidan 8 mingdan ortiq odamni qutqarib oldi”, — dedi Erdoʻgʻan.Siyosatchi xalq qoʻllab-quvvatlashi tufayli mamlakat ushbu ofat oqibatlarini qisqa vaqt ichida bartaraf etishiga ishonch bildirdi. Turkiya rahbari halokatli zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda Turkiyaga yordam berishga shoshilgan barcha davlatlarga minnatdorchilik bildirdi. Davlat rahbari dunyoning yuzdan ortiq davlati, jumladan, sammitga mezbonlik qilgan Birlashgan Arab Amirliklari Turkiyani qoʻllab-quvvatlovchi bayonotlar berganini eslatdi.
“Baʼzi davlatlar qutqaruvchilarni Turkiyaga yubordi, baʼzilari yordam yigʻish kampaniyalarini boshlab, birdamlik koʻrsatdi. Ayrim davlatlar Anqarani qoʻllab-quvvatlaganliklarini bildirishdi. Bu falokat [oʻchogʻi Turkiyada boʻlgan zilzila] xalqaro birdamlikning muhimligini yana bir bor isbotladi”, — dedi Prezident.
Eslatib oʻtamiz: soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, zilzila oqibatida Turkiyaning Qahramanmarashidagi qurbonlar soni 35 mingdan oshdi.
