platina.uz
Jahon

Qirgʻiziston sobiq prezidenti ozodlikka chiqdi

Qirgʻiziston sobiq prezidenti ozodlikka chiqdi
Qirgʻizistonda «qonuniy oʻgʻri» Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi boʻyicha korrupsiyada ayblangan Almazbek Atambayevga chiqarilgan hukm bekor qilindi. Bishkekdagi Pervomayskiy rayon sudi Qirgʻizistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga davolanish uchun mamlakatdan tashqariga chiqishga ruxsat berdi. TASS agentligi xabariga koʻra, Atambayevni axloq tuzatish koloniyasidan ozod qilishgan: bu haqda nashrga respublika sobiq prezidentining oilasi xabar berdi. «Sobiq prezident Almazbek Atambayev ikkita muhim jarrohlik amaliyotidan oʻtishi kerak, shundan keyin u davolanish va tiklanish kurslarini oʻtashi kerak boʻladi», deyiladi xabarda. 2022 yil iyunida Bishkek sudi Atambayev va boshqa figurantlarni 2020 yil oktabrida sodir boʻlgan ommaviy tartibsizliklar ishi boʻyicha ularning harakatlarida «jinoyat tarkibi yoʻqligi» sababli oqlagandi. Atambayev sud jarayonini «sirk» deb atagan va unda ishtirok etishdan bosh tortgan, «soʻnggi soʻzni ozodlikka chiqqanidan keyin aytishi»ni bildirgandi. 2022 yil avgustda Atambayev tarafdorlari uning davolanish uchun Moskvaga borishiga ruxsat berishni soʻragandi. 2023 yil 14 fevral kuni Qirgʻiziston Oliy sudi sobiq prezident advokatlarining jinoyat ishi boʻyicha ish yuritishni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasini qanoatlantirdi. Almazbek Atambayev 2011-2017 yillarda Qirgʻiziston prezidenti boʻlgan. 2019 yilda u korrupsiya va noqonuniy boylik orttirishda ayblanib, undan daxlsizlik huquqi olib tashlangan. Sobiq prezidentni qoʻlga olish uchun huquq-tartibot organlari xodimlari Atambayevning Qoʻy-Tosh qishlogʻidagi qarorgohini shturm qilishga toʻgʻri kelgan — uning tarafdorlari qarshilik koʻrsatgan. Qirgʻizistonda 2020 yil 5 oktabr kuni parlamentning quyi palatasi uchun saylovlar natijalari eʼlon qilinishi ortidan ommaviy mitinglar boshlanib, tartibsizliklarga aylanib ketgandi. Qirgʻiziston parlamenti va prezident maʼmuriyati joylashgan Oq uy binosi va hududi egallangach, namoyishchilarning bir qismi Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi binosiga yoʻl olgandi. Davlat qoʻmitasi rahbariyati bilan oʻtkazilgan muzokaralardan soʻng 2019 yil avgustidan buyon qoʻmita tergov izolyatorida hibsda saqlanayotgan Atambayev ozodlikka chiqarib yuborilgandi. 10 oktabr kuni uni yana qoʻlga olishadi. Qirgʻizistonning sobiq prezidenti kriminal avtoritet Aziz Batukayev noqonuniy ravishda ozodlikka chiqarilgani boʻyicha ish doirasida hibsga olingan. 2020 yil 23 iyunida u mol-mulki musodara qilingan holda 11 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum etiladi. Atambayev davlat unvonlari, mukofot va ordenlaridan ham mahrum etilgan. Qirgʻiziston davlatining sobiq rahbari uni advokatlar va oila aʼzolari hamrohligida tark etgan. Keyinroq sobiq prezident Ispaniyada koʻrikdan oʻtish va davolanish niyati borligini maʼlum qildi. ZAHIRIDDIN.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid