platina.uz
Jamiyat

Prezident "Hayot maktabi" dasturini amalga oshirish tashabbusini bildirdi

Prezident "Hayot maktabi" dasturini amalga oshirish tashabbusini bildirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati manzilli va keng qamrovli. Xususan, oʻtgan yili 9 ming 406 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularning muammolarini joyida hal etish imkoniyati yaratildi. Natijada yoshlar murojaatlarini koʻrib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga qisqardi. Ayni paytda yetakchilarning tavsiyasi asosida yigit-qizlarga 25 ta yordam turlari koʻrsatilmoqda. Yosh avlodning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish va bandligini taʼminlash maqsadida 14-30 yoshdagi 9 million nafar yoshlarning balansi shakllantirildi. Boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorini yuzaga chiqarish maqsadida 5 bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” oʻtkazib kelinmoqda. Yigʻilishda bu boradagi ishlarni davom ettirib, sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish zarurligi taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari bitiruvchilarni kasb-hunarga oʻrgatish va ish bilan taʼminlashga qaratilgan “Hayot maktabi” dasturini amalga oshirish tashabbusini bildirdi. Yoshlarni eʼtibor va gʻamxoʻrlik bilan toʻla qamrab olish maqsadida ular “mahalladan vazirlikkacha” tizimi orqali davlat idoralariga biriktirilishi belgilandi. Yoshlarga ajratilayotgan mablagʻlarning shakllanishi va moliyalashtirish jarayonlarini raqamlashtirib, maqsadli yoʻnaltirish vazifasi qoʻyildi. Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, biznes koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatma berildi. Yoshlarimiz sanʼat, adabiyot, sport sohalarida ham intiluvchan. Ularga bunday imkoniyatlarni yaqinlashtirish maqsadida hududlarda “Madaniyat karvoni” tadbirlari, festivallar, intellektual va sport musobaqalari oʻtkaziladi. Yoshlar saylgohlari, kreativ parklar tashkil etiladi. Yoshlarni yot gʻoyalar xurujidan ishonchli himoya qilish uchun muqobil axborot resurslari yaratib, boyitib borish muhimligi aytildi. Yigʻilishda mutasaddilar joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid