“Kunlik tushum”, avtobuslar “kimoʻzari”ga yechim haqida

Shuningdek, yoʻlovchilar yangi joriy qilinayotgan bu tizim yaxshi, degan fikrda. Yana ular bu bilan avtobuslarni koʻp kutish holatlari bartaraf etilishidan umidvor.
Yoʻlovchilar orasida “Avtobuslarni koʻpaytirish kerak, baʼzida kuni bilan bitta liniyada 2 ta avtobus harakatlanadi. Bu esa bizni koʻp kutishimizga sabab albatta” deganlar ham boʻldi. Bir soʻz bilan aytganda yoʻlovchilar avtobuslar uchun “kunlik tushum” talabi bekor qilinishi xizmat sifatiga ijobiy taʼsir qiladi, degan fikrda.
Avtobus haydovchilarining fikri ham deyarli yoʻlovchilarnikidan farq qilmaydi. Hatto ayni paytda tizimda haydovchilarning oylik maoshlari oshirilganini ular alohida eʼtirof etishdi. Yaʼni: “Agar shu tizim joriy qilinsa, albatta bizga yaxshi, chunki avtobuslar bir-birini quvish holatlari boʻlmaydi. Hozir oʻzi ancha yaxshilandi tizim, oyliklar ham koʻtarildi” deydi biz bilan suhbatda boʻlgan haydovchilardan biri.
Yana bir haydovchi esa, “Yaxshi xizmat qilish uchun transport ham yaxshi boʻlishi kerakku, yangilash kerak baʼzi avtobuslarni. Baʼzi kunlari hatto buzilib qolgan holatlari boʻlib turadi. Bilasizmi "kunlik plan"ni topish uchun har kuni oʻylab boʻlmaydigan ishlar boʻladi. Har kuni ham belgilangan pulni topa olmaysiz, oylikni olish uchun esa uydan pul olib kelib boʻlsa ham "Kunlik tushum"ni yopishimiz kerak boʻladi” deya munosabatini bildirdi. Fikrlar turli, haqiqat esa ana shunday ochiqlik, oshkoralikda tugʻiladi. Shu oʻrinda qayd etish kerakki, ayni paytda aholiga qulay yoʻl haqi tariflarini, yaʼni yillik, choraklik, oylik, kunlik hattoki soatlik yoʻl haqi toʻlovlarini joriy qilish masalasi koʻrib chiqilmoqda. Darvoqe, Prezident huzuridagi tizimga oid oʻtkazilgan yigʻilishda nafaqat Toshkent shahrida, balki viloyatlar uchun ham muhim topshiriqlar berilgan. Amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar natijasida kelgusida jamoat transporti sohasida sezilarni oʻzgarishlarni kutib qolamiz.
Abbosjon IMOMOV
