Turkiya elchisi tashakkurini bildirdi, turk ayoli esa xalqimizdan duo soʻramoqda

“Shtab gumanitar yordamni toʻplab Turkiyaga yuborishni maqsad qilgan. Biz bu yerda asosan 3 turdagi narsalar, yaʼni oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa kerakli buyumlar, deylik gaz balonlari, gigiyena vositalari hamda shunga oʻxshash mahsulotlarni qabul qilib olyapmiz” deydi Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Alisher Akmaljonov. Oʻzbekiston-Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi Xalqaro nodavlat-notijorat tashkilot koordinatori Jadida Balabekova soʻzlariga koʻra: “Bir necha kundan beri juda koʻp insonparvarlik yordami yigʻildi. Koʻrpa-toʻshak, kiyim- kechakdan tortib kundalik ehtiyojlar uchun kerak boʻladigan mahsulotlar. Albatta bundan mamnunmiz va xalqimizga qolaversa, prezidentimizga rahmat aytaman”.“Doʻst ogʻir kunda bilinadi” deganlaridek, bugun Turkiyada boʻlib oʻtgan zilziladan aziyat chekkanlarga juda koʻplab hamyurtlarimiz qoʻllaridan kelgan moddiy yordamlarini ilinmoqda. Oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa kerakli narsalar kelishi hali ham davom etmoqda.
Bir qancha yildan buyon Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi Sevdo Jandemir millatdoshlariga koʻrsatilayotgan yordamdan koʻziga yosh olib, butun oʻzbek xalqiga alohida tashakkur izhor qildi: “Oʻzbekiston davlatidan Xudo rozi boʻlsin, prezidentingizdan ham. Hammangizga rahmat. Biz qardosh xalqmiz, bizga qilgan bir yordamingizni Alloh ming chandon ortigʻi bilan sizlarga qaytarsin. Toʻgʻri, hozirda turkiyaliklarga juda qiyin, sababi, u yerda juda koʻp odamlar binolar ostida qolgan, havo ham juda sovuq, -16 darajada, halok boʻlganlar soni esa soat sayin ortib bormoqda. Shu oʻrinda barcha oʻzbeklar turk xalqi uchun duoda boʻlishini iltimos qilib qolaman”.Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida tashkil qilingan matbuot anjumanida Turkiya elchisi Olgan Bekar nutq soʻzlab, ushbu ogʻir vaziyatda koʻrsatayotgan yordamlari uchun doʻst oʻzbek xalqiga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Oʻzbekistondan jami 71 kishidan iborat qidiruv-qutqaruv guruhi va tibbiyot xodimlari hamda navbatdagi gumanitar partiyasi kecha tongi soat 06:20 da Gaziantep viloyatiga yetib bordi. Maʼlumot oʻrnida eslatib oʻtish lozim, ushbu musibatli bir vaqtda qardosh turk xalqiga koʻmak berish istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz quyida keltirib oʻtilgan hisob raqamlariga pul oʻtkazmalarini oʻtkazishlari mumkin: AQSh dollaridagi pul oʻtkazmalari uchun hisob raqami: TR48 0004 6006 5888 8000 1962 66 (Mukhammadali Akhmedov), Turk lirasidagi pul oʻtkazmalari uchun hisob raqami: TR69 0004 6006 5800 1000 1962 67 (Mukhammadali Akhmedov). Kelib tushgan mablagʻlar zilziladan jabr koʻrganlarga xavfsiz va ishonchli shaklda zudlik bilan yetkazib berilishi taʼminlanadi. Shu oʻrinda “Platina.uz” jamoasi turk xalqiga chuqur hamdardlik bildirib qoladi.
Abbos IMOMOV
