platina.uz
Jamiyat

Bugunning dolzarb savoliga aniq javob

Bugunning dolzarb savoliga aniq javob
Turkiya va Suriyada yuz bergan 7,8 magnitudali zilzila oqibatida 12 000 nafardan ortiq odam halok boʻlgani maʼlum qilinmoqda. Roʻy bergan zilzila barcha mamlakatlar qatori oʻzbekistonliklarni ham bir qadar sarosimaga soldi. Turli mish-mishlar, “Bizda ham shu singari yer silkinishlari sodir boʻlishi mumkin” degan hadiklar aholi orasida keng tarqaldi.

https://youtu.be/cZB51Uz9FRs Ana shu xavotir va sarosimalarga javoban Favqulodda vaziyatlar vazirligi Idoralararo ekspert komissiyasining xulosasiga koʻra Oʻzbekiston va unga chegaradosh hududlarda magnitudasi M≥5 boʻlgan zilzilalar darakchilari aniqlanmaganini maʼlum qildi. Shuningdek, kuchli zilzilalar sodir boʻlish ehtimoli mavjud emasligi haqida xabar berdi. Mutaxassislar ham Oʻzbekistonda bunday zilzila oʻchoqlari yoʻqligini, yurtimizda haftasiga magnitudasi 2,5-3 boʻlgan zilzila 6-7 marotaba boʻlib turishini maʼlum qilishdi. Qayd etilishicha, bu oʻzimizning hududga mos boʻlgan zilzillalar sirasiga kiradi va bu unchalik xavf tugʻdirmaydi. Ammo Turkiya va Suriya hududlaridagi kabi yuqori magnitudali yer silkinishlari qayd etilsa, Oʻzbekistondagi qurilish obʼektlari bardosh bera oladimi? Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, professor Vohidxon ISMOILOVning maʼlum qilishicha, Turkiyada boʻlgan zilzila oldindan kutilgan jarayon hisoblanadi. Qayd etilishicha, turk olimlari zilzila sodir boʻlgan hududda yer yorigʻini bir necha marta qayd etgan va bir qancha zilzilalar aynan ushbu hududda sodir boʻlgani haqida manbaalarda keltirib oʻtgan. Shuni inobatga olgan holda bugungi kundagi qurilish ishlarini seysmik bardoshli tarzda amalga oshirish reja qilingan. Lekin afsuski, bu jarayonlar oxirgi 30, 40 yil ichida boʻldi. U yerdagi bino inshootlar esa 50, 60 hatto 100 yil oldin barpo qilingan.
Oʻzbekistonda yaqin orada bunday kuchli yer silkinishlari yuzaga kelish xavfi mavjud emas, – deydi mutaxassis.
Mutaxassis hozirgi olingan maʼlumotlarga koʻra Oʻzbekiston hududida kuchli zilzila sodir boʻlish xavfi yoʻqligini maʼlum qildi. “Turkiyada sodir boʻlgan zilzilaning Oʻzbekistondan uzoqligi 6-7 ming km. boʻlib, u yerdan chiqayotgan amplitudasi 1,2 boʻlgan zilzilaning soʻnish nuqtasi 400 -500 km.ni tashkil qiladi” dedi professor Vohidxon ISMOILOV. Qurilish va uy joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Davron Odilovning taqdim etgan maʼlumotlariga koʻra, moliyalashtirish manbasidan qatʼiy nazar majburiy hisoblangan zilzilabardoshlik xavfsizligi boʻyicha ekspertiza xulosasi, davlat nazorati buning kafolatini 100 % taʼminlab beradi. Bunda davlat binoni qurib, bitkazib topshirguniga qadar butun binolarning seysmik xavfsizligi boʻyicha majburiyatni oʻz zimmasiga oladi. Lekin binolar foydalanishga topshirishda ekspluatatsiya xizmatining ham roli katta hisoblanadi. Shunday ekan, xususiy tadbirkorlar ham xavfsizlik nuqtai nazaridan inshootni barpo qilishda shu jihatlarga yanada eʼtiborliroq boʻlishi lozim. Qishloq qurilish bosh loyiha tadqiqot instituti bosh muhandisi Sherzod ODILOVning izohlariga koʻra, bino inshootlarning xizmat muddatini buyurtmachining oʻzi tanlaydi.
Bunda foydalanish turiga qarab deylik, turar joy binolari xususan, koʻp qavatli uylar 70-80 yilgacha, shifoxona yoki shunga oʻxshash boshqa bir ijtimoiy soha obʼektlari 150-200 yilgacha, maxsus AESlar esa 500 yilgacha xizmat muddati oʻtab berishi belgilangan, – dedi bosh muhandis.
Garchi mutaxassislar yaqin orada Oʻzbekistonda kuchli zilzila sodir boʻlmasligini taʼkidlashsa-da, har bir inshoot mustahkam qurilishi uchun talablar kuchaytirilishi, tartiblar esa qogʻozda emas, amalda ishlashi maqsadga muvofiq boʻladi.

Abbos IMOMOV

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid