platina.uz
Jamiyat

Iqtisodchi, sayyoh va ekolog... Abduhakimov tabiatni asrashdagi pullar “yuvilishi”ga chek qoʻya oladimi?

Iqtisodchi, sayyoh va ekolog...  Abduhakimov tabiatni asrashdagi pullar “yuvilishi”ga chek qoʻya oladimi?
2023 yildan amalga kiritilgan maʼmuriy islohotlar fonida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi oʻrnida yangi tashkil etilgan Tabiat resurslari vazirligining hozircha faqat nomi oʻzgardi xolos. Shu paytgacha Ekologiya qoʻmitasi nima ish qilgan boʻlsa, yangisi ham shuni bajaryapti. Bu mantiqan ham toʻgʻri, axir negizida qayta tuzildi. Ayni paytda vazirlikni Aziz Abduhakimov boshqaryapti.

https://www.youtube.com/watch?v=cYZaqiwGCWo Mutaxassisligi iqtisodchi boʻlgan Abduhakimov ishini banklardan boshlagan. 2014 yilgacha turli lavozimlarda oʻz yoʻnalishida faoliyat yuritgan. 2014 yildan esa Mehnat vaziri lavozimiga tayinlangan. 3 yildan keyin turizm qoʻmitasi rahbari boʻlgan va bir yil ishlar-ishlamas, bosh vazirning turizm boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga koʻtarilgan. 48 yoshli iqtisodchi aynan turizmni rivojlantirishda salmoqli hissa qoʻshdi, deyish mumkin. Oʻzbekistonga sayyohlarni jalb qilish koʻrsatkichi sezilarli oshdi. Shuning uchun ham soʻnggi lavozimda 4 yildan ziyod ishladi. Maʼmuriy islohotlar fonida lavozimlar qayta taqsimlanayotgan paytda hukumat mulozimlari qisqartirishga uchradi. Jumladan, bosh vazirga 4 ta oʻrinbosar lavozimi qoldi, boshqalari esa qisqartirildi. Bu orada Abduhakimov ham bir muddat ishsiz yurdi va koʻp oʻtmay, uning uchun Tabiat resurslari vazirligini tuzishdi va uni rahbar etib tayinlashdi. Turizm va ekologiya yoʻnalishi nisbatan tabiiy jarayonlarga bogʻliq boʻlib, uni istalgan odam boshqarishi mumkin. Aytaylik, transformatsiya, innovatsiya kabi nyuanslar shart emas. Ozgina mehr va fidoyilik, jasorat lozim. Buni Abduhakimov turizm sohasida isbotlay oldi. Ammo baribir tabiiy resurslarni himoya qilish biroz mushkulroq. Chunki sohada korrupsiya talaygina, oʻzlashtirish koʻp. Birgina daraxtkushlik ortidan milliardlab pullar "yuvilishini" oʻtgan yillar davomida koʻrdik. Prezident moratoriy eʼlon qilganiga qaramay, daraxt kesish toʻxtamayapti, hatto burni tagidagi Toshkentda ham. Yana bir xavfli yoʻnalish bor: zaharli kimyoviy va radioaktiv moddalardan ekologik xavfsiz foydalanishni taʼminlash. Masalan, bu orqali gʻirt yadroviy zararli boʻlgan AES qurilishiga qarshi nimadir qila olish. Ammo Abduhakimovning aqalli qarshi fikr ayta olishi ham hozircha gumon ostida. Bundan tashqari, deyarli qurib bitgan Orol dengizi, kanalizatsiya, chiqindilar, tozalik madaniyati, oʻrmonlashtirish, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni himoyalash kabi yoʻnalishlar ham uning boʻynida. Aytganimizdek, Abduhakimovga turizmdagi kabi oson boʻlmasligi aniq. Endi bir masala ochiq turibdi: xorijiy davlatlarda ham xuddi shunday vazirlik bormi? Albatta, hatto koʻp. Bizga eng yaqinlari Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Ukraina, Xitoy boʻlsa, rivojlangan davlatlar orasida Argentina, Braziliya, Kanada, Saudiya Arabistoni, Fransiya, Finlandiya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Ispaniya, Shveysariya, Britaniya va AQShda ham bor. Nima ham derdik, yangi yilda Aziz Abduhakimov oʻzini har tomonlama koʻrsatib, tabiat kushandalariga qarshi ayovsiz kurash olib borishiga umid qilamiz. Har holda vazirlikni aynan u ishsiz qolib ketmasligi uchun tuzishmaganini ham isbotlashi kerak-ku!

ZAHIRIDDIN
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid