2023 yilgi Davlat dasturi loyihasi umumxalq muhokamasi uchun eʼlon qilindi

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi boʻlgan shaxslar, ogʻir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali, koʻrsatilgan xizmat uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmagan holda koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.
Fuqarolarning pensiya taʼminotini yaxshilash va pensionerlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, 2024 yil 1 yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin oʻz vaqtida olinmagan pensiyani toʻlash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirilsin. Natijada, 2,4 ming nafardan ortiq fuqaroga 21,7 mlrd soʻm miqdordagi pensiya toʻlab berilishi imkoniyati yaratiladi.
Taʼlim sifatini oshirish, sohani ilgʻor xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida oʻquvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga oʻrgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi.
Natijada, 76 ta maktabda fransuz tili, 76 tasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy va 3 tasida yapon tillari ikkinchi xorijiy til sifatida oʻqitiladi. Shuningdek, oʻquvchilar 10-sinfdan boshlab 64 ta ishchi kasblar, 21 ta sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va “kreativ industriya” yoʻnalishidagi kasblarga oʻrgatiladi. Ushbu jarayonga yoshlar yetakchilari va hududdagi taniqli tadbirkorlar jalb qilinadi.
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi. Natijada, joriy yilda bepul ovqat berish tizimi bilan 2,5 mln nafar oʻquvchini qamrab olish va ushbu maqsadlarga 2,7 trln soʻmga yaqin mablagʻ ajratish taʼminlanadi. 2022 yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida ushbu tizim bilan 273 ming nafar oʻquvchi qamrab olindi.
