platina.uz
Jamiyat

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Sogʻliqni saqlash vazirining fikrlariga qarshi chiqdi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Sogʻliqni saqlash vazirining fikrlariga qarshi chiqdi
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan shifokorlarning sharoitini yaxshilash korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilishi toʻgʻrisidagi taklifga Sogʻliqni saqlash vazirining «Bemorga mehr bilan yondoshsangiz, rozi boʻlib, oʻzi sizga berib ketadi» mazmunida bildirgan munosabati yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi quyidagilarni maʼlum qiladi. Sogʻliqni saqlash tizimida korrupsiyani kamaytirish Sogʻliqni saqlash vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, keng jamoatchilikning, xususan, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining kun tartibidagi asosiy masalalardan biri boʻlib turibdi. Shu boisdan joriy yilning 25 yanvar kuni masʼul tuzilmalar hamda Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi, OAV vakillari ishtirokida muloqot tashkil etilib, korrupsiyani bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar belgilab olindi. Jamoatchilik kengashi Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyatining korrupsiyaning oldini olish boʻyicha boshlagan ishlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, sharafli kasb egalari – shifokorlarni ragʻbatlantirish yoʻllaridan biri sifatida bemorlar bergan mablagʻning eʼtirof etilishini qonunchilikka va mamlakatda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid harakat sifatida qayd etadi. Mazkur taklif tizimda korrupsiyaviy jinoyatlar sonining ortishiga hamda shifokor kasbi mavqeining pasayishiga, sogʻliqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab boʻladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining qoʻshma bayonotida «Tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini oshirish, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish boʻyicha amaliy choralar koʻrish, bunda, tibbiyot xodimlari malakasiga, koʻrsatiladigan tibbiy xizmat hajmi, murakkablik darajasi va sifatiga qarab mehnatga haq toʻlashning toifalangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish» belgilangan. Jamoatchilik kengashi shifokorlarni ragʻbatlantirishda bemorlardan pul olish singari (ixtiyoriy yoki ixtiyoriy emasligidan qatʼiy nazar) noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish hamda haq toʻlashning toifalangan mexanizmini joriy etish Sogʻliqni saqlash vazirligining asosiy maqsadi boʻlishi lozimligini bildiradi. Shuningdek, ushbu masala ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatilishini maʼlum qiladi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid