platina.uz
Tahlil

Hafta fojiasi: 12 yashar marhumaning buvisi oʻzini kechirolmayapti, onasi esa barchadan duo soʻramoqda

Hafta fojiasi: 12 yashar marhumaning buvisi oʻzini kechirolmayapti, onasi esa barchadan duo soʻramoqda
Joriy haftaning eng ogʻriqli voqeasi – Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning murdasi zoʻrlik va qotillik alomatlari bilan topilgani butun jamoatchilik nafrat va gʻazabiga sabab boʻldi. Yangihayot tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v,z» bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan ushbu holat yuzasidan marhuma qizning onasi va buvisi baʼzi haqiqatlarni ochiqladi. Marhuma qizning onasi qizalogʻi oʻsha kuni maktabdan qaytishi belgilangan vaqtdan yarim soat kechikkani zahoti  ustozi bilan bogʻlangan. Va oʻquvchilar 15.30 da maktabdan chiqib ketishganini maʼlum qilgan. Onasining aytishicha, marhuma qiz oʻsha kuni darsdan chiqib bor-yoʻgʻi yoʻldagi “kachela”da oʻrtogʻi bilan birga uchgan. Keyin oʻrtogʻi uni koʻcha boshidagi koʻprikkacha kuzatib qoʻygan. Marhuma esa uyining darvozasi oldigacha kelgan. Qotil esa uni darvozasining oldidan olib ketgan. Marhumaning onasi esa kelini qoʻngʻiroq qilib qoʻshnilar uni koʻcha boshida koʻrgani, ammo uyga kelmagani haqida xabar qilgach, qizini ustozidan soʻrab surishtirishni boshlagan. Eslatib oʻtamiz, voqea tafsilotlariga koʻra, marhuma buvisining tarbiyasida boʻlgan va buvisining hovlisida yashagan. Buvisi esa oʻzini kechirolmayapti, sababi:
Men nabiramni onasidan qaramogʻimga olgandim. Chunki ularning hovlisi uzoqroq va juda koʻp ariqli joylar bor. Shunga mening hovlim xavfsizroq, shu yerdan maktabga borib keladi, deb olganman. U yoʻqolgan kuni qidirmagan joyimiz qolmadi, zovur bormi, ariq bormi, qurilishlar bormi – hammasini qidirdik. Ammo qayerdan bilibmanki, uyim oldidagi ariq chetidan murdasi topilishini. Oʻzimni kechirolmayapmanki, ona hovlisi tomondagi ariqlarda yuz berishi mumkin boʻlgan xavflardan asrayman, deb oʻz uyim oldidagi ariqdan murdasi topildi...
Marhumaning yaqinlari aytishicha, ular mahalla uchastka noziriga 12 yoshli norasidaning yoʻqolgani haqida murojaat qilishgan. Ammo qidirishga kirishish qogʻoz-hujjatlarni rasmiylashtirish sabab kechikkan. Mahalla ahli esa qizaloqni allaqachon qidirishni boshlagan. Marhumaning onasi qotil qizaloqni darvoza oldidan ogʻzini yopib olib ketganini taʼkidlayapti.
Aks holda baqir chaqir eshitilishi kerak edi, – deydi u. – Negaki oʻsha kuni hamma hovlida yurgan.
Yana bir izoh borki, ayrim axborot tarqatuvchi resurslarda marhumaning ota-onasi xorijda ishlashga ketgan, deya maʼlumot berganlar ham boʻldi. Ammo marhumaning buvisi bergan tushuntirishga koʻra, marhumaning onasi u kichkinaligida uy-joy qilish maqsadi bilan xorijda maʼlum muddat ishlab kelgan. Ammo ular uzoq vaqtdan beri Oʻzbekistonga qaytib, uch qizining tarbiyasi bilan shugʻullangan. Voyaga yetmagan jigarporasidan ayrilgan ona hech kimga bunday farzand dogʻini koʻrmasligini, butun moʻmin musulmonlardan qizalogʻi ruhiga duo qilishni soʻramoqda.
Endi unga faqatgina duolar yetib boradi, – deb yigʻlamoqda mushtipar ona.
Platina.uz sayti ijodkorlari marhumaning yaqinlariga hamdarlik bildiradi. Eslatib oʻtamiz, ayni shu mudhish voqea fonida Platina.uz jamoatchilikning Oʻzbekistonda OʻLIM JAZOSI istisno tariqasida mana shunday qabih qilmishlar uchun tiklanishi haqidagi taklifini qoʻllab-quvvatlagandi va hali ham shu fikrda.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid