platina.uz
Jamiyat

Davlat idoralarining huquqiy asosi boʻlmagan yirik xarajatlaridan yana biri aniqlandi

Davlat idoralarining huquqiy asosi boʻlmagan yirik xarajatlaridan yana biri aniqlandi
Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan OAV hamda blogerlar orqali oʻz faoliyatiga oid maʼlumotlarni eʼlon qilish yoki boshqa turdagi reklama xizmatlari uchun sarflagan xarajatlari yuzasidan xabarlar eʼlon qilindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish Axborot xizmati xabar bermoqda. Mazkur holatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻrganilganda, tashkiliy tuzilmasida axborot xizmati shtat birliklari mavjud boʻlsada, ayrim davlat idoralari yoki davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan Internet nashrlari va reklama agentliklari bilan yirik miqdordagi toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilgani aniqlandi. Xususan, keng auditoriyaga ega axborot resurslariga oʻz faoliyatiga doir maʼlumot, PR maqolalarni joylashtirish maqsadida davlat boshqaruvi organlari 50-700 mln soʻmgacha, viloyat hokimliklari 50-100 mln soʻmgacha, ayrim davlat ishtirokidagi korxonalar esa 3-4 mlrd soʻmgacha boʻlgan miqdordagi shartnomalar imzolagan. Ushbu shartnomalarga muvofiq, OAVning auditoriyasi, nufuzi va boshqa bir qator koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, 1 ta axborot (maqola) joylashtirish yoki boshqa turdagi PR xizmatlari uchun narxlar oʻrtacha 1,5 mln soʻmdan 30 mln soʻmgacha boʻlgan miqdorlarni tashkil etgan. Vaholanki, qonunchilikda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari axborot xizmatining asosiy vazifalari belgilab berilgan boʻlib, yuqorida qayd qilingan shartnomalar predmeti aslida axborot xizmatining funksional vazifasi hisoblanadi. Eʼtiborlisi, ushbu shartnomalarning aksariyati toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan boʻlib, ayrim shartnomalar boʻyicha mablagʻlar ajratilishining huquqiy asoslari mavjud emasligi aniqlandi. Xususan budjet tashkilotlariga tegishli boʻlgan jamgʻarmalarning Nizomida ushbu maqsadlarga pul mablagʻlari ajratish nazarda tutilmagan. Ushbu holatlar mablagʻlarning maqsadsiz sarflanishiga olib kelganligi bilan bir qatorda turli korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqishiga sabab boʻlgan. Shu bilan birga, yetakchi OAVlar bilan shartnomalarning imzolanishi keng jamoatchilik, shu jumladan, mazkur OAVlar tomonidan buyurtmachi tashkilot faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻrganish natijalari boʻyicha aniqlangan holatlar amaldagi qonunchilik normalariga muvofiq asosli sarflanganligini koʻrib chiqish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuborildi. Shuningdek, ushbu sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritildi. Jumladan, barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan OAV, reklama agentliklari va boshqa tadbirkorlik subʼektlari bilan matbuot anjumani, brifing, mavzuli telekoʻrsatuv va boshqa tadbirlarni oʻtkazish, reklama joylashtirish, maqola chop etish yuzasidan tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan resurs va muddatlarda majburiy ravishda ochiq eʼlon qilib borish; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan davlat va nodavlat OAVlarning taʼsischilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorakda belgilangan resurslarda eʼlon qilib borish tartibini joriy qilish taklif etilmoqda.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid