Aholi sonining ortishi ijtimoiy soha va elektr energiyasi taʼminotiga qanday taʼsir koʻrsatadi?

- 2035 yilga borib, mamlakat aholisi 45,6 million kishidan oshishi kutilmoqda.
- 2035 yilgacha boʻlgan davrda har yili oʻrta hisobda 900-950 ming goʻdak dunyoga keladi.
- 3-6 yosh oraligʻidagi bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalari bilan qamrab olish darajasi 90% ga yetishi kutilayapti va buning uchun maktabgacha taʼlim muassasalarida 1264 ming nafar bola uchun yangi oʻrinlar tashkil etish zarur.
- Prognozlarga koʻra, 2035 yilga borib, 7-17 yosh oraligʻidagi bolalar soni 9737,4 ming nafarni tashkil etadi. Bu esa maktablarda qoʻshimcha 8,2 million oʻquvchi oʻrnini yaratishni talab qiladi.
- 2035 yilga borib, ambulator-poliklinikalar sonini 8450 birlikka (2022 yil boshida 6676 ta) yetkazish zarur.
- 2035 yilgacha boʻlgan davrda aholining elektr energiyasiga boʻlgan talabi har yili 5-5,3% ga oshishi kutilmoqda.
- Aholi va umuman iqtisodiyotning oʻsib borayotgan talabini qondirish uchun 2030 yilgacha energiya quvvatini mavjud darajaga nisbatan kamida 1,7 barobar oshirish talab qilinadi.
- Talabning taxminan 8-10 foizini tashkil etadigan mavjud taqchillik toʻldirilishi bilan oʻsib borayotgan aholining elektr energiyasiga boʻlgan talabi 2035 yilgacha boʻlgan davrda taxminan 6,2-6,5% oʻsadi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, quyidagilar taklif etiladi:
Davlat qarzi ortib borayotgan sharoitda fiskal yukni yengillashtirish maqsadida taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida xususiy ishtirokchilar bilan tizimli ish olib borish, ularga litsenziya va boshqa ruxsatnomalarni berish tartibini soddalashtirish.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi aʼzolari byudjet mablagʻlarini taqsimlash va hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini oʻrta muddatli rejalashtirishda demografik rivojlanish prognozlarini hisobga olishi zarur.
Taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida xalqaro va mahalliy ishtirokchilar, shuningdek, tegishli texnologiyalarni yetkazib beruvchilar Oʻzbekistonga sarmoya kiritish borasidagi qarorlarni qabul qilishda demografik prognozlarni inobatga olgan holda, taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlariga oʻrta muddatli talab mavjud ekaniga ishonchi komil boʻlishi mumkin.
Demografik yukning ortib borishini hisobga olgan holda energetika tizimlarini boshqarish va rivojlantirish borasida mutlaqo yangi yondashuvlarni ishlab chiqish talab etiladi. Bunda real vaziyat hamda imkoniyatdan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan mamlakatlarning energetika sohasidagi integratsion salohiyatini jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Milliy energetika tizimini imkon qadar tezroq yadro, vodorod va boshqa muqobil «yashil» texnologiyalardan foydalanishga asoslangan yangi texnologik platforma parametrlariga integratsiyalashning dolzarbligi ortib bormoqda.
Uzoq muddatli istiqbolda aholini resurslar bilan barqaror taʼminlashning omili sifatida energetika, suv va yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni muvofiqlashtirilgan holda, bosqichma-bosqich oʻtkazish tavsiya etiladi.