2022 yilda asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlar qanday boʻlgan?

Yalpi ichki mahsulot oʻsishining 55,1 foizi – xizmatlar, 23,3 foizi – sanoat, 15,5 foizi qishloq xoʻjaligi va 7,2 foizi – qurilish sohalari hissasiga toʻgʻri keladi.
Yalpi hududiy mahsulotning yuqori oʻsish surʼatlari Andijon (8,6 foiz), Namangan (6,6 foiz), Samarqand (5,8 foiz), Xorazm (5,7 foiz) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (7,9 foiz) kuzatildi.
Aholi jon boshiga YaIM hajmi 2 255 dollarni tashkil etdi (oʻsish – 3,5 foiz).
Inflyatsiya darajasi 2021 yil dekabr oyiga nisbatan 12,3 foiz, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari – 15,6 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari – 10,7 foiz va xizmatlar – 8,3 foizni tashkil qildi.
Respublikada iqtisodiy faollikning oshishi natijasida 90,2 mingta yangi kichik tadbirkorlik subʼektlari tashkil etildi. Natijada, 2023 yil 1 yanvar holatiga jami 523,6 mingta (13,1 foiz) tadbirkorlik subʼektlari faoliyat yuritmoqda.
Sanoat mahsulotlari
2022 yilda 551 trln soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi (oʻsish – 5,2 foiz). Bunda transport vositalari ishlab chiqarish – 39 foiz, tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish – 24 foiz, ichimliklar ishlab chiqarish – 17,6 foiz, qogʻoz va qogʻoz mahsulotlari ishlab chiqarish – 14,6 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish – 6,2 foizga oʻsdi.
Shuningdek, hisobot davrida 74,3 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 2021 yilga nisbatan 4,1 foizga oshgan.
Hududlar kesimida yuqori oʻsish surʼatlari Andijon (22,6 foiz), Xorazm (15,1 foiz), Qashqadaryo (10,5 foiz), Sirdaryo (9,5 foiz), Namangan (9,4) foiz) va Samarqand (9,0 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 198 trln soʻmni tashkil etib (oʻsish – 19,4 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari 17,5 foizga va nooziq-ovqat mahsulotlari 20,4 foizga oshgan.
Respublika tovar-xomashyo birjasida umumiy bitimlar hajmi 34,3 foizga oshdi. Xususan, suyultirilgan gaz (48,3 foiz), mis katodi (31,6 foiz), avtomobil benzini (19,5 foiz), polietilen (6 foiz) boʻyicha bitimlar oshgan.
Qishloq xoʻjaligi
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi 364,5 trln soʻmni (oʻsish – 3,6 foiz) tashkil etib, tarmoqdagi oʻsish poliz (5,9 foiz), don (4,7 foiz), kartoshka (4,7 foiz), meva va rezavor (4,6 foiz), uzum (3,9 foiz) mahsulotlari hisobiga taʼminlandi.
Shuningdek, Namangan (4,2 foiz), Toshkent (4,1 foiz), Navoiy (3,9 foiz), Qashqadaryo va Samarqand (3,7 foizdan) viloyatlarida respublika koʻrsatkichiga nisbatan yuqori oʻsish surʼatlariga erishildi.
Qurilish ishlari
Qurilish ishlari hajmi 131 trln soʻmni tashkil etib (oʻsish – 6,6 foiz), asosan Fargʻona (12,7 foiz), Namangan (10,3 foiz), Samarqand (10,1 foiz) va Navoiy (9,3 foiz) viloyatlaridagi oʻsish hisobiga taʼminlangan.
Hisobot davrida 14,2 mln kv metr (1 foiz) turar-joylar, 19,1 ming oʻquv oʻrniga ega maktablar va 278 mlrd soʻm qiymatdagi oliy taʼlim muassasalari foydalanishga topshirildi.
Xizmatlar koʻrsatish sohasi
Bozor xizmatlari hajmi 358 trln soʻmni tashkil etdi (oʻsish – 15,9 foiz). Yuqori oʻsish surʼatlari moliya (29,3 foiz), aloqa va axborotlashtirish (25,5 foiz), taʼlim (15,3 foiz), yashash va ovqatlanish (14,7 foiz) xizmatlarida kuzatildi. Bu, asosan, Namangan viloyati (16,6 foiz) va Toshkent shahridagi (18,2 foiz) yuqori oʻsish surʼatlari hisobiga taʼminlangan.
Shuningdek, chakana savdo tovar aylanmasi 12,3 foizga oʻsib, 319 trln soʻmni tashkil etdi. Bunda, yuqori oʻsish surʼatlari Toshkent shahri (14,6 foiz), Namangan (14,2 foiz), Surxondaryo (13 foiz), Xorazm (12,6 foiz) va Qashqadaryo (12,5 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Eksport
Eksport hajmi 19,3 milliard AQSh dollarini (oʻsish – 15,9 foiz) tashkil etdi. Jahon bozorlarida mineral oʻgʻitlar narxining 1,7 barobarga, qogʻoz va karton – 1,6 barobarga, ip kalava – 22 foizga oshishi eksport hajmining yuqori oʻsishiga hissa qoʻshdi.
Eksport tarkibida yuqori oʻsish surʼatlari xizmatlar (53,4 foiz), mashina va asbob-uskunalar (41 foiz), qora metall va undan tayyorlangan buyumlar (37,1 foiz), energiya manbalari va neft mahsulotlari (33,8 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari (23,9 foiz) hamda kimyo mahsulotlari va buyumlariga (17 foiz) toʻgʻri keldi.

