platina.uz
Tahlil

Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlanishi va qayta tiklanmasligiga shoshilmang!

Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlanishi va qayta tiklanmasligiga shoshilmang!
12 yoshli qiz fojiasi butun yeru koʻkni zir titratdi. Jamiyatimizga isnod boʻldi bu qilmish. Ayni shunday aks-sadolar orasida Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmasi ushbu mudhish qilmishga munosabat bildirarkan, barcha ota-onalarga iltimos bilan chiqdi: “oʻzingiz hamrohlik qiling va farzandlaringizni maktabga olib borib maktabdan olib keting. Ular bilan doimo aloqada boʻling”. Ammo Oʻzbekistonda gender zoʻravonlikka qarshi kurashish loyihasi asoschisi Irina Matviyenko bu munosabat yuzasidan jiddiy savollarni oʻrtaga tashladi: “Bunday mudhish hodisa roʻy bermasligi uchun ota-onalar nechanchi sinfgacha bolalarini oʻzlari maktabga olib kelib-olib ketishlari kerak? Agar tegishli boshqarma marhuma qizning onasi va yoki otasi ahvolini his qilganda hech qachon bundan munosabat bildirmagan boʻlardi. Negaki ayollar yoshidan qatʼiy nazar bunday qilmish qurboni boʻlishyaptiEslatib oʻtamiz: mazkur mudhish voqea qurboni boʻlgan qizaloq 12 yoshda boʻlgani Bosh prokuratura rasmiy bayonotida maʼlum qilingan. Bizda esa asosan boshlangʻich sinf yoshida ota-onalar bolani oʻzlari yoki oila aʼzolarining biror vakillari olib kelib-ketishini taʼminlashga harakat qilishadi. 12 yoshdagi bolalar esa maktabga, darslarga oʻzlari boradilar, hatto maktabga borish uchun bir hududdan ikkinchi hududga qatnaydiganlar bor. Yana Irina Matviyenko qayd etgani kabi ishlaydigan ota-onalar vaziyat taqozosi bilan farzandlarini har doim ham maktabdan oʻzlari olib ketish imkoniga ega emas. Shu bois ushbu mudhish holatdan boxabar kishi borki, ayniqsa, qizi bor oilalar xavotir va qoʻrquvda qoldi. Hamma oyoqqa turgan, barcha bu mudhish jinoyat uchun oʻlim jazosi tiklanishini talab qilyapti. Platina.uz jamoasi ushbu masalada jamoatchilik fikrni qoʻllab-quvvatlaydi va bunday vahshiylik uchun qonunchiligimizda belgilangan jazo turini koʻrib chiqish shart va zarur, deb hisoblaydi. Yaʼni ayni paytda koʻrib chiqilayotgan Bosh qomusimizga bu borada qatʼiy va aniq norma belgilanishi shart. Oʻlim jazosi bekor qilinishining kiritilishiga shoshilmaslik kerak. Bu jazoni aynan 12 yoshli qiz fojiasidan xulosa qilgan holda qoʻllash mumkinligini istisno sifatida saqlab qolish lozim. Toʻgʻri, 1994 yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida 33 ta modda boʻyicha oʻlim jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan. Keyinchalik jinoiy jazolar liberallashtirilib, 2008 yilgacha qonunchilikka muvofiq ikki turdagi jinoyat, yaʼni javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun oʻlim jazosi qoldirilgan. 2008 yil 1 yanvardan barcha jinoyatlar uchun oʻlim jazosi bekor qilingan. Konstitutsiyaga kiritish taklif etilgan oʻzgartirishda esa nafaqat oʻlim jazosini bekor qilish, balki qatʼiy ravishda Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlanishi va qayta tiklanmasligini koʻzda tutishi maʼlum qilingan. Ammo agar oʻlim jazosi aynan 12 yoshli qiz fojiasi kabi holatlarning takrorlanmasligi uchun ushbu normani Bosh qomusga kiritish boʻyicha “yetti oʻlchab bir kesgan” holda saqlab qolinsa, voyaga yetmagan qizlar bunday mudhish holatlar qurboni boʻlishidan bugungi kabi xavotirda yashamasligimizga kafolat boʻladi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid