platina.uz
Jamiyat

“Gashish” bilan qoʻlga tushgan shaxs sudda oqlandi. Nega?

“Gashish” bilan qoʻlga tushgan shaxs sudda oqlandi. Nega?
Ushbu jinoiy ish tafsilotlarini jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudining raisi Zafarjon OMONOV quyidagicha tushuntirdi: Quva tumanida yashovchi Xurshidbek Usubjonov 2 yildan buyon giyohvand moddalarni oz-ozdan isteʼmol qilib kelgan. 2021 yil kuz oylarida u qishloq dalasidagi ariq boʻyida yovvoyi holdagi “nasha” oʻsib chiqqanini koʻrib qoladi. Soʻng oʻsimlik barglarini terib, isteʼmol qilish uchun uyiga olib keladi. Uyda “nasha” barglarini ezib maydalaydi va selofon paketga oʻrab, tayyorlab qoʻyadi. 2022 yil 7 may kuni esa tuman markazida IIB xodimlari uni toʻxtatib tekshirishganda choʻntagidan giyohvandlik moddasi chiqadi. Ushbu modda xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida olingan. Sud-kimyoviy ekspertizasining 2022 yil 8 may kungi 427-sonli xulosasida X. Usubjonovning choʻntagidan olingan oʻtkir hidli ashyo tarkibida “tetragidrokannabinol” mavjud boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositasi boʻlib, ogʻirligi 0,18 gramm ekanligi qayd etilgan. Qolaversa, Xurshidbekning oʻziga nisbatan sudga oid narkologik ekspertiza oʻtkaziladi. Mazkur ekspertizaning 2022 yil 13 may kungi 254-sonli xulosasida X. Usubjonov narkologik kasalliklar bilan ogʻrimasligi va giyohvandlik kasalligidan majburiy davolanishga muhtoj emasligi koʻrsatilgan. Shundan keyin unga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analog­lari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasiga binoan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bogʻliq barcha holatlarni aniqlashi shart. Ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun faqat Jinoyat-protsessual kodekisda nazarda tutilgan tartibda topilgan, tekshirilgan va baholangan maʼlumotlardan foydalanish mumkin. Ish boʻyicha isbotlanishi lozim boʻlgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻla va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuning­dek, uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham ogʻirlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim. Shu maʼnoda aytganda, jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudi mazkur ishni atroflicha oʻrganib, tekshirib chiqdi. Natijada, Xurshidbekning aybsizligi ayon boʻldi. Gap shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 oktabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respub­likasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada boʻlishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 878-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi cheklangan giyohvandlik vositalarining roʻyxati”da “gashish” giyohvand­lik moddasining 0,20 gramm va unda ortiq miqdori (ozginadan koʻproq) jinoyat tarkibini tashkil etishi belgilangan. Ayni qaror talabidan kelib chiqib aytilsa, X. Usubjonovning choʻntagidan olingan ashyoviy dalil 0,18 gramm boʻlgani bois jinoyat tarkibini bermaydi. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga muvofiq, ish qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi oʻtkazilgan ish boʻyicha jinoiy hodisa yuz bermagan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi boʻlmasa, uning sodir etilgan jinoyatga daxli boʻlmasa, aybsiz deb topiladi va reabilitatsiya etilishi lozim. Ana shu asoslarga tayangan sud Xurshidbek Usubjonovni aybsiz deb topib, oqladi. Qolaversa, oqlanuvchiga oʻziga yetkazilgan mulkiy, maʼnaviy va bosh­­qa ziyonni qoplash yuzasidan Jinoyat protsessual kodeksining 304-313-moddalari tartibida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirildi. Biroq X. Usubjonovning 0,18 gramm oz miqdordagi “gashish” giyohvandlik vositasini oʻzida saqlaganligi maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanadi. Binobarin, sud mazkur holatga tegishli tartibda baho berish uchun ishni Quva tumani prokuroriga yubordi. Bir soʻz bilan aytganda, bayon etilgan voqea boʻyicha adolat qaror topdi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, inson qadrini ulugʻlash qonun ustuvorligi va adolat mezoniga har jihatdan bogʻliq. Shu bois Prezidentimiz Murojaatnomasida “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan gʻoyani Kons­titutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak” deya taʼkidlab, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni 2023 yildagi uchinchi ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab berdi. Zero, bu hamyurtlarimizning davlatga, amaldagi qonunlarimizga boʻlgan ishonchini yanada oshiradi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid