200 000 soʻmlik yotoqxonadan chiqarilayotgan talabalar bugun qayerda?

– Istaganlar ketdi, xohlaganlar esa qolishdi, – deydi talabalardan biri.
Talabalarni ushbu savdo majmuasi hududidan majburan chiqarilayotgani xususida “Tashkent indeks” savdo majmuasi masʼul xodimiga yuzlandik. Masʼul xodim oʻquv yili yakunigacha shartnoma tuzilgani va ularni hech kim chiqarib yubormasligini maʼlum qildi. Talabalarni koʻchirish ular oʻqiydigan oliy taʼlim muassasalarining tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Xoʻsh, ular bugun qayerda? Haqiqatan ham oliy taʼlim muassasalari “Tashkent indeks” savdo majmuasidagi talabalar uchun alohida sharoit tashkil qilib olib chiqib ketganmi yoki? Biz jarayonga oydinlik kiritish maqsadida aynan “Tashkent indeks” savdo majmuasi tashkil etilgan yotoqxonadan koʻchirilgan talabalarning bugungi yashash sharoitiga qiziqib, bir qancha oliygoh yotoqxonalarida boʻldik. Nizomiy nomidagi TDPU ning 5-yotoqxonasini koʻzdan kechirarkanmiz, biz bu yerga “Tashkent indeks” savdo majmuasidan koʻchirib olib kelingan talabalarga yuzlandik. Yotoqxona shart-sharoitlarini va talabalarni bu yerga koʻchirib kelish vaqtini soʻradik. Ularning aytishicha, “Tashkent indeks”da tashkil etilgan yotoqxonalarda toʻliq imkoniyatlar boʻlmagani bois oliy taʼlim muassasasi tomonidan bildirilgan taklif asosida sharoiti bor yotoqxonalarga talabalar dekabr oyida koʻchirib kelingan. Masʼul xodim ham talabalardan u yerdagi kommunal tizim – suv, isitish tizimi kabi masalalardan eʼtiroz boʻlgach, holatni oʻrganib, ular uchun Nizomiy nomidagi TDPU ning yotoqxonalarida joy hozirlanganini taʼkidladi. Maʼlum qilinishicha, 100 nafardan ortiq talabalar koʻchirib kelingan. Keyingi manzil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining talabalar yotoqxonasi boʻldi. Iqtisodiyot universiteti talabalarini oliygoh yotoqxonasiga koʻchirish uchun 2 qavatli yotoq krovatlari hozirlangan boʻlib, koʻchirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilgani maʼlum boʻldi. Talabalar va masʼullarning soʻzlarini eshitib jarayonga oʻzingiz xulosa chiqarishingiz mumkin. Bu borada Platina.uz sayti oʻrganish ishlarini hali yana davom ettiradi. < p style="text-align: right;">Abbos IMOMOV