platina.uz
Tahlil

Islom Karimovning "surgun qilinishi" va boshqa haqiqatlar

Islom Karimovning "surgun qilinishi" va boshqa haqiqatlar
Bugun Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov tugʻilgan kun. Keling, uning hayot yoʻli, faoliyatini xotirlab oʻtamiz. Islom Karimov 1938 yil 30 yanvarda Samarqand shahrida oddiy xizmatchi oilasida tavallud topdi. Uning oilasida har kungi ogʻir mehnat yashash uchun pul topishning yagona usuli edi. Uning bolaligi urush va urushdan keyingi yillarga toʻgʻri keldi. U va uning barcha yaqinlari bir burda nonning haqiqiy bahosini bilganiga qarmasdan, qiyinchilik va yoʻqchilikni boshidan kechirdi, ular minglab vatandoshlarimiz kabi Ikkinchi jahon urushi vaqtida Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingan kishilar bilan oʻz uyi va tuz-nonini baham koʻrgandi. Islom Karimov 1945 yilda Samarqanddagi A.S.Pushkin nomidagi 21-maktabga oʻqishga kirib, uni oltin medal bilan tamomladi. Oʻquvchilik yillari mobaynida koʻp adabiyotlarni, ayniqsa, tarix boʻyicha adabiyotlarni oʻqidi. U aniq fanlarni yoqtirardi, shaxmatga, modellashtirish va stol tennisiga qiziqardi. Mehnat faoliyatini usta yordamchiligidan boshlagan 1955 yilda Islom Abdugʻaniyevich Oʻrta Osiyo politexnika institutiga oʻqishga kirdi. 1960 yilda uni tamomlab va “muhandis-mexanik” mutaxassisligi boʻyicha diplom olib, “Toshselmash” zavodida oʻz mehnat faoliyatini boshladi va qisqa davr ichida usta yordamchisi, usta va texnolog kabi lavozimlarda ishlashga ulgurdi. Bu zavod qishloq xoʻjaligi texnikasining har xil turlarini, shu jumladan, paxta terish mashinalarini ishlab chiqarardi. Ular Oʻzbekiston va boshqa respublikalar dehqonlarining mehnatini yengillashtirardi, shuningdek, boshqa mamlakatlarga eksport qilinardi. Oʻzining intiluvchanligi, bilimdonligi va tashkiliy fazilatlari tufayli 1961 yilda u sobiq Sovet Ittifoqining harbiy-sanoat majmuasining yirik korxonalaridan birida – Toshkent aviatsiya zavodida muhandis lavozimiga tayinlandi. Bu yerda u 1966 yilgacha ishlab, yetakchi muhandis-konstruktor lavozimigacha koʻtarildi. Taqdir unga kulib boqmagandi. U qator qiyinchiliklar va toʻsiqlarni bartaraf etishi lozim edi. Bu esa uning xarakterini toblar, uni yanada mustahkam qilardi. U hayot yoʻlini, avvalambor, oʻz kuchi va bilimlariga tayanib bosib oʻtdi. Maktab yillarida, institutda, ishlab chiqarishdagi mehnat faoliyatida va iqtisodiy taʼlim olayotganida va dissertatsiyasini himoya qilganida ham u oʻz kuchi va bilimiga tayandi. U ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim oldi. Aynan shu tarzda 1967 yilda u Toshkent xalq xoʻjaligi institutining kechki boʻlimini tamomladi. 1973 yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutida “Oʻzbekiston SSR sanoatining tarmoq tuzilishi va uni takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Davlat reja qoʻmitasi raisigacha bosib oʻtilgan yoʻl 1975 yilda Moskvada nufuzli Xalq xoʻjaligi boshqaruvi institutida iqtisodiy-matematik usullar va hisoblash texnikasini qoʻllagan holda ishlab chiqarish va rejalashtirishni boshqarish, tashkil qilish zamonaviy usullari sohasi boʻyicha tahsil oldi. 1994 yilda unga iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasi, “makroiqtisodiyot” ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvoni berildi. U Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining “iqtisodiyot” ixtisosligi boʻyicha haqiqiy aʼzosi etib saylandi. 1966 yildan eʼtiboran Islom Karimov Davlat reja qoʻmitasiga oʻtib, fan boʻlimi bosh mutaxassisi lavozomidan Davlat reja qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimigacha yoʻlni bosib oʻtdi, jiddiy va oʻziga xos fikrlaydigan isteʼdodli iqtisodchi obroʻsiga erishdi. 1983 yilda Moliya vaziri, 1986 yilda Ministrlar Kengashi raisining oʻrinbosari – Davlat reja qoʻmitasi raisi boʻldi. Rahbariyatning “nomaqbul” I. Karimovdan qutulish istagi Iqtisodchi, nazariyachi va amaliyotchi Islom Karimov xoʻjalik yuritishning maʼmuriy-buyruqbozlik tizimi butunlay notoʻgʻriligini koʻrib anglagan. Respublikaning moliyaviy-iqtisodiy rivojlanishi rejalarini shakllantirgan Davlat reja qoʻmitasida va Moliya vazirligida xizmat pillapoyalaridan oʻtayotib, tahliliy tafakkurga ega boʻlgan holda hech kimga maʼlum boʻlmagan yuzaga kelgan muammolarni ich-ichidan his qilardi. 1986 yilda OʻzSSR Davlat reja qoʻmitasi raisi boʻlgan Islom Abdugʻaniyevich vaziyatni chuqur oʻrganganidan keyin respublika iqtisodiy talofat oldida turganini angladi. U vaziyatni tushungan va uni yaxshi tomonga oʻzgartishni xohlagan holda Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasiga “Oʻzbekiston iqtisodiyoti rivojlanishi muammolari va istiqbollari haqida”gi maʼlumotnoma tayyorladi. U jiddiy va aniq choralar koʻrilishiga umid qilgandi. Lekin vujudga kelgan vaziyat rahbariyatning shu darajada gʻazabiga sabab boʻldiki, uning Toshkentda bundan buyon qolishga imkoni yoʻq edi. “Nomaqbul” I.A.Karimovdan qutulish istagi shunchalik kuchli ediki, shu tufayli partiya tomonidan viloyat partiya qoʻmitasi birinchi kotibi lavozimiga tayinlashning belgilangan tartibi buzildi. Shunday qilib, u Siyosiy byuro yigʻilishida Qashqadaryo viloyati partiya qoʻmitasi birinchi kotibi lavozimiga sirtdan tayinlandi. Amalda bu uning markazdan uzoqroqqa “surgun qilinishi” edi. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat murakkab boʻlgan Qashqadaryoga “surgun” Islom Abdugʻaniyevich juda murakkab viloyatga yuborilgan edi. Butun Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat oson emasdi, Qashqadaryo viloyatida esa vaziyat ancha murakkablashgan edi, chunki avvalgi viloyat rahbariyati xalqning koʻz ongida oʻzi obroʻsini tushirgan, u yerda partiya rahbarlariga nisbatan ishonch umuman yoʻq edi. U Qashqadaryoda qariyb uch yil ishladi. Uning bosh maqsadi xalqning ishonchini qozonish, hokimiyatga nisbatan munosabatini oʻzgartirish, viloyatda ishlarning ahvolini yaxshilashdan iborat edi. Va u buni uddaladi. Qariyb 300 km yoʻllar, bozorlar, ijtimoiy-madaniy obʼektlar qurildi. Hozirgacha viloyatda odamlar Islom Karimov ishlagan kunlarini mamnuniyat bilan eslaydilar. Fojiali voqealar roʻy bergan pallada Oʻzbekiston boshqaruvini oʻz zimmasiga oldi Oʻsha yillarda “Mehnat Qizil Bayroq” (1981) va “Xalqlar doʻstligi” (1988) ordenlari bilan taqdirlangandi. 1989 yil 23 iyun kuni I.A.Karimov Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasi birinchi kotibi etib saylandi va oʻsha vaqtda fojiali voqealar roʻy bergan pallada Oʻzbekiston boshqaruvini oʻz zimmasiga oldi. Islom Karimov Oʻzbekiston rahbari etib saylanganidan keyingi kunidayoq, yaʼni 1989 yil 24 iyunda hukumat yigʻilishida u qatʼiyan: “Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning oʻzi yoʻl qoʻymaydi”, degan fikrni ilgari surdi, shuningdek, qadamba-qadam respublikamizni rivojlantirish boʻyicha chuqur oʻylangan oʻz dasturini tatbiq etishga kirishdi. Qisqa muddatlarda tubdan koʻrilgan boshqa choralar bilan birga 1989 yil avgustidayoq tarixiy qaror qabul qilindi – 400 ming gektarga yaqin sugʻoriladigan yerlar qariyb 2,5 million oilaga tomorqa sifatida ajratib berildi. Bu, shubhasiz, dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilishda mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni saqlashga xizmat qildi. Agar bitta tarixiy faktni hisobga oladigan boʻlsak, ushbu birinchi navbatdagi oʻzgarishning butun miqyosini anglash qiyin emas: sovet hokimiyatining 72 yili mobaynida Oʻzbekiston qishloq aholisiga atigi 300 ming gektar yer ajratilgan edi, xolos. Mustaqillikni qoʻlga kiritish yoʻlida birinchi gʻalaba 1989 yil oktabrida juda uzoq vaqt mobaynida ikkinchi darajali oʻrinlarda boʻlgan oʻzbek tiliga davlat tili maqomini bergan “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani Islom Karimovning dadil siyosiy qadami boʻldi. Bu oʻzbek xalqining milliy ongi yuksalishi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlib, mustaqillikni qoʻlga kiritish yoʻlida birinchi gʻalaba edi. 1990 yil mart oyida M.S.Gorbachev va uning atrofidagilarni hayron qoldirib, Oʻzbekiston ittifoqdosh respublikalardan birinchi boʻlib Respublika Prezidenti lavozimini joriy qildi. 1990 yil 24 mart kuni Oliy Sovetning sessiyasida I.A.Karimov Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti etib saylandi. 1991 yil 31 avgustda 12 chaqiriq Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida I.A.Karimov Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qildi. Oʻsha kunning oʻzida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Qonunga imzo chekdi. Saylov 1991 yil 29 dekabrda umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazildi. Mutlaq koʻpchilik ovoz bilan ushbu yuksak lavozimga Islom Karimov saylandi. Unga saylovchilarning 86 foizi ovoz berdi. Prezident saylovi bilan bir vaqtda Oʻzbekiston mustaqilligi masalasi boʻyicha referendum oʻtkazildi. Ovoz berishga kelgan deyarli barcha fuqarolar mustaqil suveren Oʻzbekiston uchun fikr bildirdilar. U Oʻzbekitsonni 25 yil boshqardi. Islom Karimov 2016 yil 2 sentabr kuni soat 20.55 da Toshkentda miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi (insult) oqibatida vafot etdi. Bajo keltirilgan vasiyat Islom Abdugʻaniyevich oʻzini ona Samarqand zaminida dafn etilishini xohlagan edi. Va uning vasiyati bajo keltirildi. 2016 yil 3 sentabr kuni Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti oʻzining kichik vatani – Samarqand shahrining qadimiy Hazrati Hizr masjidida dafn etildi.

ZAHIRIDDIN

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid