platina.uz
Tahlil

Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga

Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga
Yoxud hatto poytaxtliklarni ham “oyoqqa turgʻazgan” “svet”, gaz mashmashasi Poytaxtda yashash ham qiyin boʻlib qolibdi. Oʻzi yaqindagina janub tomonlardan shu yerga, vatanimizning eng svilizatsiyasi gullagan joyiga xotinu bola-chaqa bilan birga koʻchib keldim. Shaharning qoq markazidan ikki xonali uyni ijaraga oldim-da, “ana endi qishni rohat-farogʻatda oʻtkazaman” deb oʻyladim. Ammo niyat oʻxshamadi. Peshana ekan. Baribir qishning sovugʻidan qochib qutulolmadim. Biz taraqqiyot deganda bekami-koʻst sharoitni tushunardik. Lekin mana shu taraqqiyotda ham “bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga” shiori boʻlishi he-ye-yech aqlga sigʻmagan ekan. Chilla degani yomon keldi. Uy esa tobora Sibirga aylanib boraverdi. Oxiri boʻlmadi, “ota-bobomning qoʻli” dedim-da, shartta kvartiraga sandal oʻrnatib oldim. Bay-bay-bay. Uyning ichi muz boʻlsayam, oyoqni sandalga toblab yotsang, bahorda yashayotgandek boʻlasan. Qop-qorongʻi xonada, koʻzing ochiqmi-yoʻqmi, bilmaydigan pallada xayolga nimalar kelmaydi-ya. Shu endi qurilayotgan uylarni, masalan, mehmonxonasigami sandal oʻrnatib qurishsa, juda-a soz ish boʻlardi. Bu elektr toki degani omonat narsa ekan. Hali qishga kirib kelmasdan tejash boshlandi. Qishloqda gaz-svet yoʻqligiga odam koʻnikkani uchunmi, alaming ham kelmaydi. Shunchaki unutasan, tamom, vassalom. Bu yerda-chi? Bu yerda birinchidan asab kasali boʻlasan, ikkinchidan qoʻlingdan hech narsa kelmaydi. Uchinchidan esa, soyalab yurgan yozni butun qish mobaynida eslaysan, xotirlaysan, sogʻinasan. Qiziq, haligacha boshim qotadi. Nimaga qishning taraddusini qishda koʻrishar ekan-a? Nima, ayb qishdamikin? Nimaga endi bosh yorilgandan keyin uni avaylash kerak? Toʻgʻri, tejavatsiya juda rivojlangan bizda. Lekin u faqat xalqqa kelganda ishga tushadi. Boshqa tarafdan qaralsa, xalqdan nima foyda? Soliq toʻlamayapti deb oʻchirib-yoqaversayam in-n-ndamaydi. Axir biz doim oʻzimizga kerak boʻlgan narsani boshqalarga saxiylarcha uzatgan xalqmiz… Masalan-da, eshakni oʻldiradigan bunday sovuqda televizor ishlab chiqarishga balo bormi? Qanaqadir taraqa-turuqni bahorda ham qilsa boʻladi-ku. Ey, bunday zavodlar tiqilib yotibdi. Xalq bir oyda yoqib tugatolmaydigan elektr energiyasini bir kunda ishlatadigan zavodu fabrikalar bahorgacha damini olib tursa, osmon uzilib tushmas. Yoki uzilib tushadimi? Vey, xalq degani ashqol-dashqoldan muhimdir. Ey, ana, chiroq bir yonib oʻchdi. Agar bu qishloqda boʻlganida, “uxlayveringlar, baribir yonmayman” degan signalni berardi. Bu yerda esa uning maʼnosi boshqacha ekan. “Tejangizlar!” Yaʼni, “yoniq qolgan joylarni oʻchiring, ertaga bemahalda yonamiz” degani. “Vaqtida yoqsak pechka qoʻshib uyini isitib qoʻymasin” deyishsa kerak-da bu tejashga masʼul shaxslar. Ertaga shahar hokimligiga bormoqchiman. Chiroq-gaz muammosini koʻtarmayman, bundan ularning ham boshi gʻovlab ketgani aniq. Men ularga bir taklif beraman. Yoʻq, zavodlarni toʻxtatib turishni aytmayman. Bari bir buning iloji yoʻq. Buni qilishganda allaqachon qilishardi. Men katta-katta pulni sanagan, yer olgan, tenderdan yutgan, kim oʻzarga 10-15 qavatlab uy qurayotgan tadbirkorlarga bir kvartiraga kamida bitta sandal qoʻndirishni taklif qilaman.

Gʻoyani pullash deysizmi, ha yoʻgʻa. Menga sariq chaqasi ham kerakmas, gʻoya ulardan aylansin. Shunchaki boqimanda degan nom olishni xohlamayman. Eng muhimi, odamlar eson-omon qishdan chiqib olishsin.

Olamgir ABDIYeV

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid