Soʻz erkinligimi yoki gʻirrom oʻyinlar – Siz qaysi tomondasiz?

Maʼlumot uchun: “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida jurnalistning majburiyatlaridan biri sifatida shaxsning huquqlari va erkinliklarini, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shartligi koʻrsatilgan.Bunday xatti-harakatlarni soʻz erkinligi emas, balki past standartli faoliyat, noprofessional maʼlumot tarqatish deb baholash mumkin. Bu nafaqat OAVda, hatto fuqaro sifatida shaxsiy fikrini ommaga bayon etishda ham qabul qilib boʻlmaydigan eng tuban usul hisoblanadi. Mamlakatimizda soʻz erkinligi va axborot maydoni oʻziga xos transformatsiya jarayonini kechirayotgan bir davrda bu kabi gʻayriinsoniy muloqot yoʻli soʻz erkinligining samarasi va istiqboldagi taraqqiyotini katta savol ostiga qoʻyadi. Bu kabi muloqot nafaqat OAV obroʻsiga putur yetkazishi, balki ochiq muloqot uchun intilayotgan boshqa davlat organlariga ham yomon ishora yuborib, ularni ochiqlikdan bezdirishi va oxir-oqibat umuman jamoatchilik manfaatlariga ziyon yetishiga olib kelishi mumkin. Destruktiv muloqot uzoq davom etmaydi, katta zarar keltiradi, muloqotning samarasini yoʻqqa chiqaradi, tomonlar bir birini eshitmay qoʻyishiga olib keladi. Bu kabi harakatlar avvalo jamiyatda fuqarolik jamiyati institutlariga ishonchning soʻnishiga, jurnalistika va blogosferaning obroʻsizlanishiga, alalxusus, shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan siyosatga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Zamonaviy dunyoda eng murosasiz muxolifatchilar ham bir stol atrofida madaniyatli soʻzlar va ishoralar orqali oʻz tanqid, eʼtiroz va hatto nafratini aytmoqda. Zero, insonning hayvondan farqi ham uning madaniyatli muloqot qila olishidadir. Bugun Prezidentimiz ochiqlik siyosatini eng oldingi oʻringa qoʻygani hech kimga sir emas. Soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlarning flagmani sifatida ham aynan soʻz erkinligi borasida amalga oshirilgan institutsional oʻzgarishlar tilga olinadi. Har qanday murosasiz tanqid, fikr, eʼtiroz ham bugungi axborot asrida aytilishga va eshitilishga haqli, aytilyapti va eshitilyapti ham. Biroq soʻz erkinligidek yuksak qadriyatni shaxsiy manfaat yoʻlida shantaj quroliga aylantirish bu qadriyatga xiyonatdir. Qolaversa, biz senzura diktaturasidan qutuldik deganimizda endi “soʻz shantaji” diktaturasi ostiga tushishimiz mumkin emas, bunga har qanday ochiq fikrli, savodli, progressiv insonlar rozi boʻlmasligi kerak. Biz tanqid va fikrlar uchun doim ochiq boʻlganimiz holda, haqorat va shaxs qadr-qimmatini pastga uruvchi harakatlarga jim qarab turmasligimiz lozim. Shu oʻrinda jurnalistlar hamjamiyati, jamoatchilik faollari, saviyali va yuqori standartlarga sodiq blogerlar hamda fikr yetakchilari bu sharoitda oʻz pozitsiyalarini aniqlab olishlari, oʻzaro hurmat hamda yuqori standartli jurnalistika, soʻz erkinligi himoyasida turishlari juda muhim. Axborot tarqatishda qonuniylik, xolislik, odob-axloq va insoniylik prinsiplari yetakchi boʻlmogʻi kerak. Hamma sohada huquqbuzarlikka javobgarlik mavjud ekan, shubhasiz, axborot tarqatish sohasida ham yolgʻon, tuhmat va tovlamachilikdan iborat axborot tarqatganlik uchun tegishli javobgarlik mavjudligini eslatib oʻtamiz. Blogerlar va jurnalistlar shaxsni obroʻsizlantiruvchi maʼlumotlar tarqatishdan oldin uni tekshirib olishga masʼuliyat bilan yondashishlari lozim.
