platina.uz
Tahlil

Prokuroru IIB xodimidan kinochiyu "Ramatov"chigacha: Surxondaryoda hokimlar almashinuvi rekord oʻrnatdi

Prokuroru IIB xodimidan kinochiyu "Ramatov"chigacha: Surxondaryoda hokimlar almashinuvi rekord oʻrnatdi
Kecha Surxondaryo viloyatining 13 ta tumanida hokimlar almashdi. Faqat Termiz shahri va Qumqoʻrgʻon tumaniga yangi hokim tayinlanmadi, xolos. Bunday yoppasiga isteʼfo va tayinlovlar Oʻzbekiston tarixida ilk marta kuzatilyapti. Ishdan olingan hokimlarning deyarli barchasi Toʻra Bobolov davrida mansabga oʻtirgan. Yangi tayinlangan hokimlar orasida prokuror, IIB mulozimidan tortib, kinochi va Ramatov "ijobiy imiji" uchun kurashgan xodim ham bor. Quyida bu mavzularga alohida toʻxtalamiz. Tayinlanganlarning 11 tasi respublikadan yuborilgan boʻlib, bu hududlarni rivojlantirish bilan izohlangan. 2 ta hokim rotatsiya boʻlgan: Denov hokimi Bandixonga rahbar boʻlgan, Muzrabot hokimining birinchi oʻrinbosari esa rahbar etib tayinlangan. Sariosiyoga tayinlangan hokim Abduqodir Donayev avval Toshkent shahar Yashnobod tumani prokurori boʻlgan. Uzun tumani hokimi Habibulla Bozorov esa Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari lavozimida ishlagan. Oltinsoy tumani hokimi Bahrom Maxmatrayemov Kinematografiya agentligi bosh direktori oʻrinbosari sifatida faoliyat olib borgan. Qiziriq tumaniga esa Alkogol va tamaki agentligi direktori oʻrinbosari hokim boʻlgan. Boysun tumani yangi hokimi Bahodir Shukurov haqida esa alohida toʻxtalish kerak. Chunki u bungacha Bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatovning "ijobiy imiji" uchun kurashgan Vazirlar mahkamasi bosh mutaxassisi edi. 2021 yilda oʻsha paytdagi Ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev Ramatovning "ijobiy imijini shakllantirish kampaniyasi"da ishtirok etishga majburlanayotganini aytgan va ishdan ketgandi. Majburlash jarayonida Ramatovning maslahatchisi va Vazirlar mahkamasi xodimi (Bahodir Shukurov) unga qoʻngʻiroq qilgan, topshiriqlarni soʻzsiz bajarishni soʻragan. Oʻshanda Abdullayev Bahodir Shukurovdan bu vazifani yozma ravishda berishini talab qilgan. Tabiiyki, Shukurov bunga koʻnmagan. Bu shov-shuv ortidan yana 6 kishi ishdan olingandi.

Yoppasiga tayinlovlardan, yangi hokimlardan bir nima anglash mumkinki, hududlarni qattiqqoʻllik bilan boshqarib boʻlmaydi. Prokuror, IIB xodimi, soliqchi, iqtisodchi kabi mutaxassislar yangilik qilishiga umid yoʻq. Demak, Surxondaryoda hozircha kreativ rahbar yoʻq, degan xulosaga kelishga asosimiz yetarli.

ZAHIRIDDIN

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid