Maʼmuriy islohotlar haqida ayrim mulohazalar

IIV saytidagi xabarga koʻra (keyinchalik oʻchirilgan), 1973 yil 12 dekabrda tugʻilgan Musayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «A» bandi, 175-moddasi 2-qismi «A» bandi, 178-moddasi 3-qismi, 179-moddasi, 184-moddasi 3-qismi, 205-moddasi 2-qismi «A» bandi bilan ayblanib, qidiruvga berilgan.
U ayblangan moddalarda oʻzganing mulkini oʻzlashtirish, rastrata qilish, valyutani qasddan yashirish, soxta tadbirkorlik, daromad va soliqlardan boʻyin tovlash kabi ayblovlar joy olgan. Balki bular birinchi prezident Islom Karimov bilan bogʻliqdir, hozircha bunisi qorongʻu.
Shu tariqa eski Oʻzbekistondan qochgani aytilgan Behzod Musayev 2018 yilda yangi Oʻzbekistonda paydo boʻlib qolgan. Oʻzbekistondagi ochiq manbalar va saytlardan rasmiy maʼlumot topish imkonsiz. Jinoyat kodeksining yuqorida keltirilgan moddalarida zararlarni qisman, toʻliq yoki ortigʻi bilan qaytargan boʻlsa, qamalmaydi, deb yozilgan.
Va eng muhimi, nima uchun iqtisodchi odam tibbiyotga bosh etib tayinlangan? Toʻgʻri, Oʻzbekistonda bunday vazirlaru amaldorlar koʻplab topiladi. Qolaversa, 1-2 yilda almashib ham ketadi, biror ish qilishga ulgurmay. Bu albatta, Musayevning oʻziga bogʻliq emas.
Lekin sohani rivojlantirish niyatimiz boʻlsa, aniqrogʻi, davlat va hukumat rahbarlari sogʻliqni saqlashda inqilobiy oʻzgarish, islohotlar amalga oshirishni rostakam istashsa, sohani chuqur bilgan, boy tajribaga ega mutaxassis kadrni topishlari kerak edi. Bu yilgi maʼmuriy islohotlarda sohaga bosh qilib qoʻyilgan Amrillo Inoyatov shunday tanlandi, deb umid qilamiz. Musayev esa oʻz yoʻnalishida yetarlicha yaxshi oʻzgarish qila oladigan kadr ekanini soliq qoʻmitasida ishlagan paytida koʻrdik.
Ha, darvoqe, avvalgi ana shunday boshqaruvdagi oʻzgarishlarning birida toshloqliklarni "haromi" deb haqoratlagan Shuhrat Gʻaniyevning esa Fargʻona viloyati hokimligidan ketganida koʻpchilik xursandligini yashirolmagandi. Chunki Gʻaniyevning qiliqlari va gap-soʻzlari odamlarga yoqmayotgan edi.
Shuningdek, u bir blogerni oʻldirish bilan ham tahdid qilgan. Gaz va chiroq yoʻqligini aytib chiqqan blogerning janozasini oʻqish kerakligini Quva hokimiga maslahat bergandi.
Bundan tashqari, Qirgʻiziston bilan chegaradosh boʻlgan eksklav hudud Soʻx tumanidagi Limbur qishlogʻini xaritadan oʻchirib tashlash bilan qoʻrqitgan.
Shunday noroziliklar koʻpaygach, Gʻaniyev hokimlikdan ishdan olingan va bosh vazir oʻrinbosari lavozimiga koʻtarilgan. Shu bilan u koʻzdan yiroqlashgan, eʼtiborga ham tushmay qoʻygan.
Joriy yil boshidagi maʼmuriy islohotlar fonida esa Shuhrat Gʻaniyevning qayerga oʻtgani kechroq eʼlon qilindi. Chunki bosh vazir oʻrinbosarlari lavozimi 4 taga qisqartirilgan edi. Keyinroq Gʻaniyev prezident maslahatchisi etib tayinlangani maʼlum boʻldi.
Qissadan hissa shuki, Oʻzbekistonga kelgandan beri tayinli bir lavozimda ishlamagan Behzod Musayev yangi ishida ham biror nimani qoyillatishiga shubha bordek. Shuhrat Gʻaniyev esa hozircha koʻtarilishda davom etyapti, muhimi, odamlarga zarari tegmasa boʻldi. Balki yangi Oʻzbekistonda bu ikkisi ham yaxshi tomonga oʻzgarib, chinakamiga xalq dardiga sherik boʻlar. Kutamiz, kuzatamiz.
ZAHIRIDDIN
