platina.uz
Jamiyat

Toshkentda nogironligi bor fuqarolar uchun 4,5 mlrd soʻm ajratiladi

Toshkentda nogironligi bor fuqarolar uchun 4,5 mlrd soʻm ajratiladi
Jahon banki nogiron fuqarolarga grant mablagʻlari ajratadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Durdona Rahimova boshchiligida mutasaddilar Jahon bankining masʼul mutaxassislari bilan uchrashuvda maʼlum qilindi. Qayd etilishicha, hozirgi kunda Toshkent shahrida 49552 nafar nogironligi bor fuqarolar istiqomat qilishi, shuningdek, davlat taʼminotida boʻlgan ikkita Muruvvat uyi mavjudligi, ularning biri katta yoshdagi, ikkinchisi esa bolalar uchun ixtisoslashtirilganligi taʼkidlandi. Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Muruvvat” erkaklar uchun internat-uyining bir qismi taʼmirlanayotganligi, Yunusobod tumanidagi “Muruvvat” uyi hududida esa bogʻ tashkil etilayotganligi qayd etildi. Bunday xayrli ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, 4,5 milliard soʻm mablagʻ ajratish koʻzda tutilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Jahon banki masʼul mutaxassislari Oʻzbekiston hukumati “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyani ratifikatsiya qilganligini, ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlardan xabardorligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlik oʻrnatilganligi, lekin mavjud holat tahlil etilganda, nogironlar uchun yaratilishi lozim boʻlgan shart-sharoitlar yetarli darajada emasligini taʼkidlashdi. Shuning uchun yangi barpo etilayotgan koʻp qavatli uylar, zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualarida nogironlar uchun alohida yoʻlakchalar qurish, ularning salomatligiga gʻamxoʻrlik qilish, ayniqsa, iqlim oʻzgarishlari bilan bunday fuqarolarning sogʻligiga eʼtiborni kuchaytirish maqsadida grantlar ajratish tavsiya etildi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid