platina.uz
Tahlil

“Qornining suvini qimirlatmagan” masʼullar

“Qornining suvini qimirlatmagan” masʼullar
Yoxud “svet”, gaz islohotida “toshbaqa” yurishning bugungi oqibati... Yurtimizda ayni kunlardagi energotizim “blekauti” bir kun yoki bir yilda yuzaga kelmagani barchaga – masʼullarga ham, isteʼmolchilarga ham birdek ayon. Shuningdek, tegishli masʼullar tomonidan mazkur masaladagi chora-tadbirlarni amalga oshirish, muammolarning yechimiga munosabat esa “toshbaqa” yurishdek boʻlayotgani haqiqat... Bundan besh yil avval, yaʼni 2018 yilning 3 oktabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasidagi ishlar ahvolini chuqur tahlil qilish, sohani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilashga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazgan. Mazkur yigʻilishda foydalanish muddati 30 yildan oshgan tarmoqlarning ulushi 62 foizni tashkil etayotgani, taqsimlovchi tarmoqlarda liniyalarning 57 foizi va 39,6 mingta transformator punktlari yangilanishi zarurligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ammo oradan 5 yildan oshiqroq vaqt oʻtdi hamki, hali hanuz energotizimdagi uzilishlar, avariyalar, transformatorlarning kuyish-yonish, portlashlariga asosiy sabab sifatida hali ham aynan shunday nosoz va umrini yashab boʻlgan jihozlar, soni oshayotgan isteʼmolchilar sabab qilib koʻrsatilmoqda. 2022 yilning iyun oyida oʻtkazilgan yigʻilishda esa Prezident aynan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish bilan bugungi kabi uzilishlarning oldini olish mumkinligini aniq-tiniq tushuntirib, masʼullarga koʻrsatma bergandi. Yaʼni har bir hokim, vazir, barcha darajadagi rahbarlar shaxsiy namuna koʻrsatib, oʻz uyi, ishxonasida muqobil energiya uskunasini oʻrnatishi zarurligini aytgan. Ammo qaysi hokim, vazir yoki boshqa darajadagi rahbarlar bu vazifaning uddasidan chiqdi? Hatto aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi tizim ham belgilangan. Prezident bu tizim qanday ishlashini ham birma-bir tushuntirib bergan. Masalan, kim quyosh va shamol elektr uskunasini oʻrnatsa, unga quvvatiga qarab, 15 million soʻmgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million soʻmgacha kompensatsiya toʻlanadi. Yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.
Hisob-kitob qilinadigan boʻlsa, “Masalan, bir oila suv isitish uchun bir oyda oʻrtacha 195 ming soʻm xarajat qiladi, deylik. Endi ular 6 million soʻm evaziga 200 litrli quyosh qurilmasi oʻrnatsa, davlatdan 2 million soʻm kompensatsiya oladi. Bunda har oy ketgan xarajat iqtisod boʻlishi hisobiga, suv isitish qurilmasi 21 oyda pulini oqlaydi va “yonga qoladi”. Agar, oila kompensatsiyani emas, boʻlib-boʻlib toʻlashni tanlasa, oylik toʻlov 170 ming soʻm boʻladi. Yaʼni, hozirgi toʻlovidan ham kam boʻladi va uch yildan keyin issiq suv uchun umuman xarajat qilmaydi”.
Ammo masʼullarga berilgan bu topshiriqlar ham, qilingan tahlillar ham, keskin tanqidlar ham qogʻozda qolib ketdi, hech bir mansabdor “qornining suvini qimirlatmadi”. Mazkur masalada aholi orasida targʻibotni kuchaytirmadi, mahallalar kesimida ushbu imkoniyatlarni joriy qilib namuna sifatida koʻrsatmadiki, boshqa isteʼmolchilar ham qaror qabul qilishi uchun... Bugun esa barchamiz ana shunday oʻziboʻlarchilik munosabatning qurboni boʻlib oʻtiribmiz. Bizning – har bir oila, har bir insonning ahvolini – sovuqdan qiynalayotganimizni Prezident his qildi, negaki bu yilgi sovuq butun tizimning ahvolini, qishga tayyorgarlik yengil-yelpi boʻlganini koʻrsatdi. Bir necha masʼullar ishdan olindi, rahbarlar almashdi. Xoʻsh, endi umid qilsa boʻladimi vaziyat oʻzgarishiga? Axir tajribadan koʻryapmizki, hokim almashyapti, vazir almashyapti, masʼul almashyapti, ammo muammo oʻsha oʻshaligicha qolyapti... Vaholanki, 5 oy oldin, yaʼni iqtisodiyot tarmoqlar, ijtimoiy soha obʼektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash uchun 1,99 trln. soʻm ajratilgan. Hozircha bu borada bir izoh berish qiyin, axir suvni koʻrmay oyoq yechma, degan gap bor. Lekin Prezident ham iztirob bilan yuragidan oʻtkazgan ogʻriqli holatga yechimni aynan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tezroq va qulay imkoniyatlar bilan foydalanishdan boshlamasak, vaziyat bu yaqin yillar ichida oʻnglanishi oson emas. Yaʼni 1 sentabrdan joriy qilinishi belgilangan quyosh panellari va shamol elektr stansiyalar oʻrnatilishini oddiy isteʼmolchi, yaʼni xalqdan emas, balki aynan katta isteʼmol talab qiladigan va davlat byudjetini qimmatbaho mashinalar xaridiyu ikki kunlik tadbirga 3 milliardlab sarflagan yuqori tashkilotlar, trillionlarni oʻmargan vazirliklardan boshlash kerak. Bunga erishsa boʻladimi? Bizningcha, albatta ha. Negaki hokimliklar, vazirliklar va boshqa yuqori turuvchi tashkilotlarning “ma sanga, ma sanga” qabilidagi yuqorida keltirilgani kabi oʻrinsiz xarajati oldida elektr taʼminotiga yuz foiz quyosh panellari yoki shamol elektr uskunasi orqali ega boʻlish imkoniyatini yaratish uchun sarflanadigan mablagʻlari mahalliy byudjetga nari borsa filni chivin chaqqandek gap boʻlar. Ammo bu xarajat havoga uchmasligi va foydali boʻlishi aniq haqiqat. Darvoqe, Qashqadaryo viloyati hokimligi ogʻizda yoki qogʻozda emas, balki amalda bu masʼuliyatning isbotini koʻrsatishni boshladi. Maʼlum qilinishicha, bu tashabbus Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovdan chiqqan. Yaʼni har bir shahar va tuman hokimliklari maʼmuriy binosida quyosh elektr panellarini oʻrnatilishi belgilangan. Mazkur panellar birinchilardan boʻlib Gʻuzor tumani hokimlik binosiga oʻrnatilib, toʻliq quvvatda ishga tushirildi va elektr energiyasi yetkazib berishni boshladi. Quyosh panellarini oʻrnatishdan asosiy maqsad elektr energiyasi va bunga sarflanayotgan mablagʻlarni tejash, ushbu tejalgan energiyani chekka hududlardagi qishloqlarga yoʻnaltirishdan iborat. Taʼkidlash joizki, bu quyosh panellari yoz oylari va boshqa quyoshli kunlarda 2 karra koʻproq samara beradi. Lekin ming afsuski, ushbu tizimga start berilganiga ham qariyb 5 oy boʻlayotganiga qaramay, xalqdan koʻra iqtisodiy imkoniyati yuqoriroq boʻlgan davlat tashkilotlari bu borada jim, jim, jim.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid