platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda jurnalistlar ichki ishlar organlari ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatadi

Oʻzbekistonda jurnalistlar ichki ishlar organlari ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatadi

«Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlangan. Kodeks ichki ishlar organlari xodimlarini «Inson qadri uchun» tamoyili asosida tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishishga qaratilgan. Qarorga koʻra, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boʻlinmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuziladi. Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilangan:
  • ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha boʻyicha ijtimoiy fikrni oʻrganish va tizimli monitoring olib borish;
  • ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini taʼminlash choralarini koʻrish;
  • ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsiya holatlari boʻyicha internet va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarlarni batafsil oʻrganish va uning natijasini keng jamoatchilikka yetkazish.
Shuningdek:
  • Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga — ichki ishlar organlari taʼlim va oʻquv muassasalarining pedagog kadrlarini, shu jumladan, shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga — oʻquv-tayyorlov markazlarini tashkil etgan holda, ish vaqtidan tashqari paytda akademik litsey oʻqituvchilari tomonidan oʻquvchi va fuqarolar uchun ixtiyoriylik asosida qoʻshimcha oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish boʻyicha pulli taʼlim xizmatlarini koʻrsatish huquqi berildi.
Bunda, qoʻshimcha oʻquv mashgʻulotlaridan tushgan mablagʻlar akademik litsey jamgʻarmasida jamlanib, uning 50 foizi mashgʻulot oʻtkazgan oʻqituvchining oylik maoshiga, 50 foizi akademik litseyning moddiy-texnik va oʻquv bazasini rivojlantirish hamda boshqaruv-yordamchi xodimlarini ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid