platina.uz
Jamiyat

Ichki ishlar xodimlari endi xalqqa yaqinlashadimi?

Ichki ishlar xodimlari endi xalqqa yaqinlashadimi?
Soʻz erkinligiga bevosita va bilvosita daxl qiluvchi organ — ichki ishlar xodimlari endilikda oʻzlari ham shunday taqiqqa uchragan va ularning ustidan xalq nazorati kodeks bilan taʼminlangan. Avval xabar qilganimizdek , Prezident imzolagan «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorga koʻra, ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlangan. Kodeks ichki ishlar organlari xodimlarini «Inson qadri uchun» tamoyili asosida tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishishga qaratilgan. Endilikda Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boʻlinmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuziladi. Bu ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida qilingani aytilgan. Shu paytgacha qoʻllanilgan tajribadan shuni bilish mumkinki, IIB xodimlari aksariyat hollarda jurnalist va blogerlarga qoʻllaridan va oyoqlaridan kelgancha qarshilik koʻrsatgan. Aslida bunga haqqi ham, vakolati ham boʻlmasa-da. Masalan, bir qator avtoblogerlarni ushlab, asosiy quroli telefonlarini olib, ichidagi barcha kontentni oʻchirib, keyin oʻsha telefon orqali blogerga uzr soʻrattirgan ham aynan IIB xodimlaridir. Yoki "Paxtakor" stadioniga futbol uchrashuvini yoritishga borgan telejurnalistlarga avvaliga kuch ishlatib, keyin texnik qurollarga shikast yetkazgan, ularni stadionga kiritmagan ham aynan ichki ishlar xodimlaridir. Bunaqa misollarni koʻplab keltirish mumkin. Eng yomoni, birorta holat boʻyicha Ichki ishlar vaziri shaxsan bayonot yo izoh bermagan, xalq tugul jurnalistlarga koʻrinmagan. Har payshanba kuni oʻtkaziladigan (qayta tiklangan) matbuot anjumanlarida, OAV xodimlari bir necha bor talab qilgan boʻlsa-da, qatnashmagan. Natijada shu matbuot anjumanlari ham hozir yana yoʻq boʻlib ketdi. Yangi kodeksga koʻra, endi jurnalistlar va blogerlar ishiga birorta xodim toʻsqinlik qilmasligi kerak. Zamona zaylini qarangki, konstitutsiya va boshqa bir necha qonunlarda aks etgan bu holat endi bittagina kodeks bilan iziga tushib ketishiga umid qilsa boʻladimi? Qaytar dunyo deganlaridek, ichki ishlar organlari xodimlariga ham soʻz erkinligidan foydalanish qisman cheklanmoqda. Yaʼni xodimlarga ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilish, mamlakatda, shu jumladan, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini keltirishi mumkin boʻlgan noxolis, subʼektiv materiallarni joylashtirish taqiqlangan. IIB xodimlari endi oʻzlari fuqaroga qoʻllagan usuldan oʻzlari jabr chekishlari mumkin. Ammo qonun bilan bunday taqiq qoʻyishga hech kim haqli emas. Chunki konstitutsiya har kimga axborot, soʻz va fikr erkinligini kafolatlaydi, shu jumladan, fuqaro sifatida IIO xodimlariga ham. Jurnalistlar doim adolat tarafida, ular eng koʻp shundan jabr koʻrgan boʻlsalar ham. Shuningdek, kodeksda ichki ishlar organlari xodimlariga quyidagi taqiqlar qoʻyilgan:
  • xizmat majburiyatlarini bajarish va xizmat vaqtida yohud xizmat kiyimida spirtli ichimliklar isteʼmol qilish;

  • mansab vakolatlarini siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va ularning organlari manfaatlari yoʻlida amalga oshirish;

  • tadbirkorlik faoliyati subʼekti sifatida yoki uning nomidan bu sohada qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, oʻzi tavakkal qilib va mulkiy javobgarligi ostida daromad olishga qaratilgan faoliyat bilan shugʻullanish;

  • tadbirkorlik faoliyati subʼektlarini tashkil etishga, ularning muassisi boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subʼektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarish;

  • xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovgʻalar hamda har qanday koʻrinishdagi moddiy boyliklarni olish yoxud ularning xizmatlaridan foydalanish;

  • xizmat faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni oila aʼzolari, tanish-bilishlari yoki xizmatga aloqador boʻlmagan boshqa shaxslar bilan muhokama qilish.

Kodeksning umumiy mazmuni baribir IIO xodimlarining axloqiga borib taqaladi. Endi bu qonun amalda ham ishlashini koʻrishimiz, his qilishimiz kerak.

ZAHIRIDDIN

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid