platina.uz
Tahlil

Zombilashgan avlod, lotin yozuviga sakrash “seriali”, oʻgʻri amaldorlar...

Zombilashgan avlod, lotin yozuviga sakrash “seriali”, oʻgʻri amaldorlar...
Soxta qarsakbozlik, kitobxonlik, tadbirbozlik, majlisbozlik va yana shunga oʻxshash bir nimabozliklar bu mavzuning siyqasi chiqishiga olib keldi. Koʻr-koʻrona yashash, "yuqoridagilar"ga yaxshi koʻrinish uchun urinish, eshagim loydan oʻtsa boʻldi qabilida ish tutish kabi koʻzboʻyamachiliklar bizni kamida bir necha avlod muddatiga jarlikka uloqtirdi. Ha, balki sezgandirsiz, gap milliy gʻoya va maʼnaviyat haqida ketyapti. Darrov qoʻl siltashga shoshmang, bir necha daqiqa sabr qiling, ehtimol siz oldin duch kelmagan yangi gaplar chiqib qolar. Chunki millatni yuksaltirish, mukammal jamiyatga aylantirish va yurtni rivojlantirishda suv va havodek, ha, aynan suv va havodek zarur boʻlgan tizim haqida fikrlashamiz bugun. Tajriba maydoni Ikkinchi jahon urushi tugab, bir necha oy oʻtgach, 1945 yil avgustda Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga AQSh atom bombalarini tashlagan. Shaharlar kulga aylangan. Bir necha yuz minglab odamlar qirilib ketgan. Hayvonotu nabotot olamini aytmasa ham boʻladi. Yapon xalqi, millatining barcha umidi soʻngan, kelajakka ishonchi oʻlgan, ertaga ne boʻlishini bilmay yashayotgan bir paytda atom bombasi tushgan joydan oʻsimlik unib chiqqan. Atrof faqat kul, vayrona, yer oʻpirilib ketgan, ammo oʻt oʻsib chiqqan. Buni hatto amerikalik olimlar ham kutmagan edi, yaponlarni-ku qoʻyavering. Shu birgina oʻsimlik yaponlarga umid va ishonch bergan. Yapon iqtisodiyoti urushdan keyin qay darajada rivojlanib ketganini ortiqcha taʼriflash shartmas. Muhimi, ular oʻz oldiga maqsad qoʻydi, reja qildi, yapon milliy gʻoyasini butun dunyoga tanitishni istadi. Chunki ular endi kimgadir qaram boʻlishni, tajriba maydoniga aylanishni istamadi. Umuman olganda esa urush takrorlanmasligi uchun ham bor kuchini safarbar etdi. Eng avvalo yosh avlod taʼlimini har narsadan ustun qoʻydilar. Ularni oʻqitgan oʻqituvchilarni esa boshlariga koʻtarishdi. Bogʻchadanoq milliylik singdirildi, urra-urra bilan emas, chin xohish, amaliy harakatlar bilan. Bolalar oʻzi oʻqib, bilimini oshirmasa, bu dunyodan yoʻq qilib yuborishlari mumkinligini oʻzlari koʻrishdi. Natija esa maʼlum: texnologiya va ilm-fan boʻyicha dunyoda ular oldinda. Savodsizlik fitnasi Sobiq ittifoq paytida, qariyb yarim asrlik davrda oʻzbek ziyolilari avj pallaga kirgan edi. Qatagʻondan keyin bunday tiklanish uzoq yillik dastur va reja bilan boʻlgan, albatta. Oʻsha davrni eslang, buyuk yozuvchiyu shoirlar, buyuk kinochilar, sanʼatkorlar, dublyaj ustalari yetishib chiqqan. Masalan, birorta kino yozuvchilarning koʻrigi va tahririsiz ommaga namoyish etilmagan. 1990 yillar keldiyu SSSR parchalandi, biz mustaqil boʻldik. Va goʻyoki endi yozuvimiz ham oʻzgarishi kerakdek koʻrindi chogʻi. Natijada lotin yozuviga sakrash "seriali" boshlandi. Mana, oradan 30 yil oʻtdi hamki, na unisidamiz, na bunisida. Hozirgi avlod shunga yarasha: kirill va lotinni aralashtirib yozadi, oʻqiydi va xatoni toʻgʻri, deb biladi. Bu darajaga tushishimizga 30 yil kerak boʻldi. Endi uni qayta tiklash uchun ham kamida shuncha vaqt ketadi. Baʼzida oʻylanib qoladi odam: bu atay qilinmayaptimikin? Lotin yozuviga toʻliq oʻtish boʻyicha bir necha marta urinish boʻldi, ammo natija yoʻq. Xalq arosatda: lotinmi yo kirill? Millatni yoʻqotishning eng birlamchi usullari uning tili va yozuvini yoʻq qilishdir. Millatimizni savodsizlantirishdan kimdir manfaatdor emas, degan yaxshi gumondamiz. Eskini yamaguncha esing ketadi Hozir televizorni asosan yosh bolalar va yoshi kattalar koʻradi. TVda multfilm yoki seriallar gurkiraydi. Zombilashgan avlod esa oʻzini internetga urgan, kimdir vayner yo bloger, boshqasi shunchaki ularning kuzatuvchisi. Ayrimlari esa beldan past hazillari bilan uyalmay konsert berishadi va buning tarbiyaga taʼsiri yoʻq, deb oʻzlarini oqlashadi. Ammo oʻzlari yoshligida bunaqa bemaza, tuturiqsiz va bachkana hangomalarni eshitmay ulgʻayganini unutadi. Oʻzbek seriallarida mavzu bir xil: kelin-kuyov, qaynona-kelin, boy-kambagʻal, hatto bizning hayotimizda yoʻq qurolli sahnalar ham bor. Hayotdan olinmayaptimi, demak, u soxta. Oʻta maishiylashib ketilyaptimi, demak, tomoshabin talabi shunga mos. Tomoshabin esa oʻzimiz, 30 yilda arosatda qolgan millat. Hozirgi yoshlar faqat bir narsani oʻylaydi va istaydi: pul topib, boyib ketib, yaxshi yashashni. Va bunga toʻla haqli ham. Chunki ertangi kunga umidi yoʻq, oʻzi qorongʻi va sovuq qishloqda katta boʻldi, bolalarini-da shunday taqdir kutyapti. Tezroq boyib ketsa, birinchi maqsadi chet elga surish, chunki Oʻzbekistonda endi pulga ham yashash imkonsiz boʻlib boryapti. Buning sababi esa yuqorida oʻtirgan oʻgʻri amaldorlar. Koʻryapsizmi, bu muammolar bir-biriga uzviy bogʻliq, biri boshqasiga ulanib, bir-birini toʻldirib boraveradi. Ayniqsa, bu yilgi qishda yangi va eski Oʻzbekistonning asl basharasi koʻrinib qoldi: barcha kommunikatsiya tizimi chirigan, deyarli hammasi biz doim yomonlab kelgan SSSR paytida qurilganlaridir. Ishonmaysizmi? Masalan, hozir biror joyda chiroq oʻchsa, sababi nimada boʻladi? Avariya: transformator yo kuygan, yo muzlagan, yonib ketgan. Uni nima qilish kerak? Albatta, yamash, tuzatish kerak. Hozir qariyb hamma energetik avariyalar faqat yamalyapti, yaʼni vaqtincha bartaraf etilyapti, xolos. U ertaga yana portlaydi, yana muzlaydi, yana yonadi. Chunki hammasi eski. Uchinchi renessans deya bong urilayotgan mamlakat hokimlari esa qoʻl boshqaruvidan oyoq boshqaruviga oʻtib, avariya yuz bergan joylarni koʻryapti, odamlardan hol soʻragan boʻlyapti, ishqilib oʻzini koʻrsatyapti. Ammo birortasida aniq maqsad, reja yoʻq. Chunki ular saylanmagan, tayinlangan. Istalgan payt kursidan tushirilib, ketiga tepilishi mumkin. Buni Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev misolida yana bir marta koʻrdik. Shaharlarimizga bosh reja, davlatimizga bosh maqsad kerak. Yagona gʻoya asosida birlashib, shunga harakat qilish payti yetdi. Vaqtinchalik rotatsiyalar, yama-yamalar bilan uzoqqa borolmaymiz. Agar shuni istasak, albatta. Milliy gʻoyani kim topadi? Hozirgi holatimizda respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi aslida shunga masʼul. Ammo ular tadbirbozlik va koʻr-koʻrona ishlashdan nariga oʻtmayapti. Balki ularga bunday imkoniyatni berishmas, yaʼni erki oʻzidamasdir. Mabodo nemislar, yaponlardek qatʼiyatli, aniq maqsadiga ega millat, yevreylardek magʻrur va faqat oʻzini oʻylaydigan qavm boʻlishni xohlasak, yagona millat gʻoyasini ishlab chiqishimiz shart. Balki uni milliy gʻoya deb atamasmiz, ehtimol mutlaqo boshqacha tizim tuzilar, maʼnaviyat markazi ham kerak emas bizga. Ammo yagona gʻoyani belgilab, shunga qarab intilish vaqti yetdi. Uni amalga oshirishga esa bir necha oʻn yillar zarur boʻladi. Hozirgi yoʻqotilgan, zombilashgan avlodga koʻnikishga majburmiz. Ularni ilmli, kitob oʻqiydigan qilaman, deb ovora boʻlmanglar, bu faqat koʻzboʻyamachilik va "pul yuvish" boʻladi xolos. Chunki bilimni har kim oʻzi olishi, kitobni mashina uchunmas, oʻzi uchun oʻqishi va bu toʻgʻri ekanini anglashi, tushunishi kerak. Shundagina nimadir qilishimiz mumkin.

ZAHIRIDDIN

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid