platina.uz
Jamiyat

Piyoz narxining oshishi: asl haqiqat qanday?

Piyoz narxining oshishi: asl haqiqat qanday?
Oʻzbekistondagi noqulay ob-havo, havo haroratining keskin tushib ketishi bozorlardagi meva va sabzavot narxlarining oshishiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda piyozning narxi poytaxtda 10 ming soʻmdan oshib ketgani, viloyatlarda esa 7-8 ming soʻmdan sotilayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi. Platina.uz ushbu holatni oʻrganib, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida bozorlardagi narxlar yuzasidan odamlar, sotuvchilar va masʼullar fikrini bilishga harakat qildi. Kun savoli esa: “Piyozning narxi nima sababdan oshdi?” https://youtu.be/gn2iCU7uUrk Bu savolga poytaxtdagi “Chorsu” nomi bilan mashhur “Eski Juva” va “Farhod dehqon bozor”laridagi surishtiruvlarimiz davomida javob izladik. Piyozning narxi haqiqatdan ham oshganiga guvoh boʻldik. Sotuvchilar bu holatni sovuq natijasida koʻp miqdordagi piyoz zahiralarining muzlab qolgani, shuning hisobiga qimmatlashgani bilan izohlashdi. Ammo bozorlarda arzonlashtirilgan yarmarkalardagi mahsulotlar narxi tadbirkorlar sotayotgan mahsulotlar narxidan biroz arzonroqligiga ham guvoh boʻldik. Masʼullarning taʼkidlashicha esa, bunday ogʻir sharoitda aholining ehtiyojlarini qondirish va mahsulotlar narxini balansda ushlab turish maqsadida qoʻshimcha zahiralar tashkil etilgan. “Chorsu” bozor maʼmuriyati vakili piyozning zahira koʻlami 100 tonna, “Farhod” bozori maʼmuriyati esa aynan piyoz zahirasi 40 tonna ekanini maʼlum qildi. Ammo shunga qaramay, piyoz narxi 10 ming soʻmdan ham sotilayotgani haqiqat. Yaʼni piyoz narxlar oʻsishi boʻyicha yuqori koʻrsatkichda turibdi. Narxning bunday oshishi koʻpchilikni oʻylantirib qoʻygani bor gap. Ayni shu muhokamalar sabab bugun piyoz va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxini barqarorlashtirish boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida boʻlib oʻtgan brifingda Qishloq xoʻjaligi vazirligi agrotexnologiyalar bosh boshqarmasi boshligʻi Zafar Ortiqov muhim maʼlumotni ochiqladi. Yaʼni masʼulning maʼlum qilishicha, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, Oʻzbekistonda 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov joriy etildi. Ushbu qarorga sabab sifatida esa ichki isteʼmol bozor narxini arzonlashtirish, aholining isteʼmol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash keltirildi. Dostonbek Baxtiyorzoda, Platina.uz uchun maxsus
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid